Joriy yilning 20-sentabr kuni Bank axborot xizmati rahbari S.Ochilov ishtirokida ta'lim kreditlari mavzusida brifing tashkil etildi.

Maʼlumki, “Mikrokreditbank” АTB tomonidan yurtimizdagi barcha oliy, oʼrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida shuningdek, qoʼshma taʼlim dasturlari boʼyicha toʼlov-kontrakt asosida oʼqishga qabul qilingan barcha bosqich talabalariga taʼlim kreditlari ajratib kelinmoqda. 

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-iyuldagi “Oliy, oʼrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning taʼlim olishlarini qoʼllab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qaroriga asosan esa, ushbu kredit talaba qizlarimiz uchun “foizsiz” shartlarda ajratilmoqda. 

Xususan, bankimiz tomonidan 2022-2023 yillarda jami 11 mingga yaqin talabaga 112 mlrd soʼmdan ortiq taʼlim kreditlari ajratildi. Shundan, 71 foizi yoki 80 mlrd soʼmi xotin-qizlarga ajratilgan kreditlar hissasiga toʼgʼri keladi. 

Joriy oʼquv yilining oʼzida esa ming nafardan ortiq talabaga 14 mlrd soʼmlik taʼlim kreditlari ajratildi. Eʼtiborlisi, ushbu kreditlarning ham asosiy qismi, yaʼni 77 foizi xotin-qizlarning taʼlimini qoʼllab-quvvatlashga yoʼnaltirildi. 

Bankimiz tomonidan taklif etilayotgan taʼlim krediti asosiy qarz talabaning rasmiy oʼqish muddati tugaganidan soʼng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi. Misol tariqasida qaraydigan bo‘lsak, 1-kurs talabasining umumiy oʼqish davri 4 yilni tashkil qilsa, kredit 11,5 yil muddatga ajratiladi. 

Taʼlim kreditlari yillik 14 foizdan, Xotin-qizlar uchun esa yuqorida ham taʼkidlanganidek, mutlaqo “foizsiz” ajratiladi. 

Аyni kunlarda bankning barcha filial va markazlari tomonidan taʼlim kreditlari uzluksiz ajratib kelinmoqda. 

Sodda qilib aytganda, bankning istalgan filialiga talaba va kafillar oʼzining pasportlari hamda toʼlov shartnomasi bilan borishlari mumkin. Bunda taʼlim krediti bir ish kuni davomida ajratiladi. 

Tabaqalashtirilgan, yaʼni xalq tilidagi “super kontrakt” toʼlovlari yoki kontraktning minimal miqdoriga teng boʼlgan bir martalik boshqa toʼlovlarni amalga oshirish uchun taʼlim kreditlari ajratilmaydi. 

Ta'lim kreditiga oid har qanday qo‘shimcha savollar yuzasidan bankning 1285 – Аloqa markazi raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.

Bank axborot xizmati