Xususiy tadbirkorlik va kichik biznesning mamlakatimiz barqaror iqtisodiy taraqqiyotidagi salmog`i yildan-yilga oshib bormoqda. Ushbu iqtisodiy omil ayniqsa qishloqlarimizda turmush farovonligini oshirish va aholi bandligini ta`minlashning muhim omiliga aylanayapti. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 5 maydagi Farmoni asosida ish boshlagan "Mikrokreditbank" iqtisodiyotimiz sahnasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni tashkil etish hamda jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va to`laqonli bank xizmatlari ko`rsatish borasida barcha imkoniyatlarga ega bo`lgan universal yirik tijorat banki sifatida namoyon bo`ldi.
Mazkur Farmon bank zimmasiga sohaga moliyaviy ko`mak berish bilan birgalikda tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash, ya`ni ayniqsa qishloq joylarida yangi korxonalar va ish o`rinlari yaratish uchun imtiyozli mikrosarmoyalar ajratishni kengaytirish, tadbirkorlik sub`ektlarini yangi texnika va texnologiyalar bilan jihozlashga yordamlashish, fermer xo`jaliklarining talab va ehtiyojlarini yanada kengroq qamrab olish va ishlab chiqilgan raqobatbardosh mahsulotlarning ko`rgazma hamda yarmarkalarini, reklama kompaniyalarini o`tkazish singari g`oyat keng ko`lamdagi ishlaprni tashkil etish vazifasini yukladi.
Ayni kunlarda ushbu vazifalarni amalga oshirish borasida keng ko`lamda amaliy tadbirlar o`tkazilmoqda. "Mikrokreditbank" ochiq aksiyadorlik tijorat bankining G`allaorol tumanining Lalmikor qo`rg`onida "Mikrokreditbank" aksiyadorlik tijorat bankining qishloq farovonligi va taraqqiyoti uchun xizmat qilayotgan tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash ishlarini tashkil etish mavzuida o`tkazilgan navbatdagi ko`rgazmali seminari ham ana shunday tadbirlardan hisoblanadi.
Bugungi kunda Respublikamizning turli hududlarida bankning 80 filiali, 266 mini banki hamda 30 ga yaqin agentliklari faoliyat ko`rsatib kelmoqda.
2008 yil davomida "Mikrokreditbank" tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlariga 92 milliard so`mlik sarmoyalar ajratildi. Bu - 2007 yildagi ayni maqsadlar uchun ajratilgan kreditlarga nisbatan 1,6 barobar ko`p demakdir. O`tgan yil davomida ajratilgan mikromoliyaviy xizmatlar miqdori 55,4 milliard so`mni, yaratilgan yangi ish o`rinlari soni - 56 075 tani tashkil etgan. Shu yilning o`tgan birinchi choragining o`zida tadbirkorlarga ajratilgan sarmoyalar miqdori - 38,6 milliard so`mga, jumladan ko`rsatilgan mikromoliyaviy xizmatlar - 23,4 milliard so`mga yetdi.
Kichik biznesni qo`llab quvvatlash va zamonaviy xizmatlar ko`rsatish yo`lida sobitqadamlik bilan olib borayotgan ishlari tufayli "Mikrokreditbank" yirikligi bo`yicha Markaziy Osiyo va Yevropadagi mikrokreditlar beruvchi jahonning eng yaxshi 100 ta banklari safiga kirdi hamda 5 olmosli mikromoliyaviy xizmatlar ko`rsatuvchi bank sifatida e`tirof etildi.
Dunyoning eng nufuzli "Fitch reytings" xalqaro reyting kompaniyasi tomonidan yaqinda "Mikrokreditbank" aksiyadorlik tijorat bankiga - moliyaviy holati, ya`ni o`z moliyaviy majburiyatlarini o`z vaqtida bajara olish qobiliyatiga uzoq va qisqa muddatli hamda umumiy uzoq muddatli yo`nalishlari bo`yicha barqaror reyting baholari berildi.
Bugun G`allaorol tumanining Lalmikor qo`rg`onida qishloq taraqqiyoti va farovonligi yiliga bag`ishlab tashkil etilgan seminarda bank xodimlari qishloq sharoitida mikrosarmoyalardan yanada samaraliroq foydalanish imkoniyatlari va joylarda ishlab chiqarishni yanada kengroq ko`lamda tashkil etish borasida tadbirkorlarga yanada yaxshiroq xizmat ko`rsatish haqidagi ilg`or tajribalari bilan fikr almashdilar.
Amaliy ko`nikmalar hosil qilish maqsadida tadbir doirasida bank sarmoyalari evaziga yaratilgan maxsulotlar ko`rgazmasi bugungi kunda qishloqlarimizda chinakam ishlab chiqarish korxonalari yaratilayotganini namoyish etdi. Chunonchi, "Jizzaxkartrans" korxonasi bankdan olgan 53 million so`m krediti evaziga ishlab chiqarayotgan 20 xil turli rangdagi devoriy plitkalar, 12 million so`m kredit olib "Ulug`bek Oybek" korxonasi chiqarayotgan sifatli cherepisalar, "Dildora chinnisi" korxonasi 7 million so`m sarmoya olib chiqarayotgan zarhal laganlar, choynak-piyolalar, "Zomin asali" korxonasi 23,5 million so`m kredit hisobiga bejirim va turli kattalikdagi idishlarga qadoqlayotgan dorivor asallar, "Iskandar Husniddin" xususiy korxonasi 22 million so`m mikrosarmoya evaziga tayyorlayotgan bejirim va zamonaviy mebellar, "Davr M" xususiy korxonasi 21 million so`m mikrosarmoya hisobiga sutni qayta ishlab tayyorlayotgan tansiq oziq-ovqatlar singari o`nlab mahsulotlarni harqanday talabchan xaridorni o`ziga jalb eta olishi qayd etildi.
Ko`rgazmali seminarda tadbirkorlikni boshlayotgan xotin-qizlardan – G`allaorollik Zamira Qilicheva, Shoira Bo`rievaga, Do`stlik tumanida istiqomat qiladigan Gulchehra Mirzaqulova va Norgul Shavqievaga mikrokreditlar evaziga yangi zamonaviy tikuv mashinalari topshirildi. Do`stlik qishloq xo`jalik kasb-hunar kollejining bitiruvchisi Shohista Xayrullaeva hamda Lalmikor sanoat kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Mavjuda Qozievaga tikuvchilikni yo`lga qo`yish, Paxtakor tuman kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Botirbek Rahmonov va Zomin qishloq xo`jalik kasb-hunar kolleji bitiruvchisi G`anisher O`rolovga paynet xizmatini tashkil etish, Do`stlik tumanida kollejni tugallayotgan Oybek To`yjonov va Yangiobod tumanining Balandchaqir qishlog`idagi kollejni tugallayotgan Siroj Xoliqboevga kosiblikni yo`lga qo`yish, kollejni Jizzax tumanida bitirayotgan Ma`buda Xudoyberdievaga gulchilikni, Gulistonda bitirayotgan G`ulomjon Umirovga chorvachilikni tashkil etish uchun boshlang`ich sarmoya sertifikatlari topshiriladi.
Odatda bankning gishloq taraqqiyoti va farovonligi maqsadlari uchun joriy yil mobaynida moliyalashtirgan loyihalari bo`yicha muntazam monitoring olib boriladi va uning yakunlari yilning har choragida aniqlanadi. 2009 yilning ilk choragi bo`yicha "Qishloqdagi eng yaxshi biznes loyiha" nominasiyasi g`olibi ana shu anjumanda e`lon qilindi. Ushbu nominasiya g`olibi bugun ochilgan "Alisher - 3" xususiy korxonasi bo`ldi.
Shuningdek bankning Jizzax viloyati filiali shu yo`nalishda moliyalashtirgan loyihalar sarhisob etildi. Mirzacho`l tumanidagi "O`zbekiston" qishloq fuqarolar yiqinida issiqxona xo`jaligi tashkil etgan "Ulug`bek Savron" fermer xo`jaligi rahbari Odil Bozorboev - "Mikromoliyaviy xizmat evaziga eng ko`p ish o`rinlari yaratgan tadbirkor", shu tumandagi Abay mahalla fuqarolar yiqini avtomobillarga texnik xizmat ko`rsatadigan "Shabek motors" xususiy korxonasi "Qishloqdagi eng yaxshi servis xizmati", G`o`bdin qishlog`ida sartaroshlik xizmati tashkil etgan Saidahror Abdullaev "qishloqdagi eng ishbilarmon yosh tadbirkor", Do`stlik tuman, Navro`z qishlog`ida gilam to`qishni yo`lga qo`ygan xususiy tadbirkor Oysafar Sayfullaeva "Xududga xos ishlab chiqarishning noan`anaviy yo`nalishi" va Baxmal tumanining Oqtosh tumanida tikuvchilikni tashkil etgan Feruza Musaeva "Qishlog`ining eng mohir chevari" nominasiyalari bo`yicha ko`rik-tanlov g`oliblari deb topildi va ular diplomlar, qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlandilar.
"Mikrokreditbank" OATB
Matbuot xizmati.