"Mikrokreditbank"ning Toshkent viloyat filiali yo’naltirayotgan sarmoyalar, nafaqat kichik biznesni rivojlantirishga, balki, yangi ish o’rinlari yaratishga ham xizmat qilayotir.

Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yilida keng ko’lam kasb etgan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o’zgartirish, aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Oddiygina misol, Pskentlik Dilshod Po’latov 2007 yilda "Xumora Savdo Servis" korxonasini tashkil etgan edi. U o’tgan yili faoliyatni yanada kengaytirishni maqsad qildi. Buning uchun esa, albatta, sarmoya zarur. Qurilish ashyolari ishlab chiqarishni rejalashtirilgan pishiq, puxta loyiha bank tomonidan qo’llab-quvvatlandi. "Mikrokreditbank"ning Pskent filiali tomonidan yo’naltirilgan 11 million so’mlik sarmoya evaziga shlokoblok ishlab chiqarila boshlandi. Bugungi kunda Dilshod Po’latov o’zi istiqomat qilayotgan O’zbekiston MFY aholisini ana shunday qurilish mollari bilan ta'minlash baroborida beshta ish o’rni ham yaratdi.

Agar "Mikrokreditbank"ning Toshkent viloyat filiali faoliyatini tahlil qiladigan bo’lsak bu kabi misollarni ko’plab keltirish mumkin. Keling, oddiygina bir ma'lumotga e'tibor qarataylik: 6 ta filial va 27 mini bank orqali ushbu moliya muassassasi viloyatning qariyb 90 foiz hududini qamrab olmoqda. O’tgan yilda 12 ming 300 dan ziyod mijozga bank xizmatlari ko’ratilgan bo’lsa, shundan 3700 dan ortig’i fermer va dehqon xo’jaliklari, 1700 ga yaqini oilaviy va xususiy tadbirkorlar, 4100 ga yaqini jismoniy shaxslardir. Ko’rinib turibdiki, bank xizmatlari asosan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlarni rivojlantirish maqsadida tashkil etilayotir.

"Mikrokreditbank" OATB Toshkent viloyati filiallari tomonidan 2009 davomida ajratilgan jami 11,4 milliard so’m kreditlarning 7 milliard 189 million so’mi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga yo’naltirilgan. Buni tarmoqlar bo’yicha taqsim qiladigan bo’lsak, sanoatga bir milliard 32 million so’mi, qishloq xo’jaligiga 2,9 milliard, savdoga 1,5 milliard, qurilish va maishiy xizmat sohasiga 1,3 milliard so’m ajratilgan. Birinchi yanvar holatiga jami kredit qo’yilmalari 15,5 milliard so’mdan ortiqrog’ni tashkil qilmoqda. Bank tomonidan ajratilgan kredit mablag’lari hisobiga jami 8100 dan ziyod yangi ishchi o’rinlari yaratilgan. Bu esa o’tgan yilga nisbatan qariyb 1596 taga ko’pdir.

Viloyatning chekka hududlarigacha kirib borishni maqsad qilgan moliya muasasasi qishloqlarmiz obodligi, aholi farovonligini yuksaltirishni bosh vazifa etib belgilagan. qishloqlarda sanoat va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish, iqtisodiyot agrar sektorining samaradorligini oshirish, qishloq xo’jaligidagi iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini keng qamrovda qayta ishlaydigan zamonaviy korxonalarni tashkil etish, aholi bandligi o’sishini ta'minlash, eng avvalo, yoshlarni ish bilan ta'minlash maqsadida qator ishlar amalga oshirildi, sarmoyalar yo’naltirildi.

- O’tgan yilda amalga oshirilgan ishlarimizda "Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili" Davlat dasturi muhim ahamiyat kasb etdi, - deydi "Mikrokreditbank"ning Toshkent viloyat filiali Mikromoliyaviy xizmatlar bo’limi boshlig’i Iroda Qosimova. - Dastur ijrosini ta'minlash maqsadida jami 3497,8 million so’m miqdorida mikrokredit mablag’lari ajratildi. Jumladan, qishloq aholisiga qulaylik yaratish maqsadida xizmat ko’rsatish va servis sohasi yo’nalishlarida xizmat turlarini kengaytirish maqsadida 685 million so’m mikromoliyaviy xizmatlar ko’rsatildi. qishloq joylarda chorvachilik, parrandachilik, issiqxona xo’jaliklarini tashkil etish, qishloq xo’jaligi va go’sht, sut mahsulotlarini qayta ishlash, tikuvchilik mahsulotlari, poyabzal va mebel ishlab chiqarish, qurilish mollari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 1748 million so’m miqdorida mikrokreditlar ajratildi.

Bo’ka tumanidagi Naimjon Karimov rahbarlik qilayotgan "Avtotexservis" mas'uliyati cheklangan jamiyatiga bank tomonidan 56 million so’m mikrolizing xizmati ko’rsatildi. Avtomobillarga servis xizmat ko’rsatish uskunalari sotib olingach, ish yanada rivojlanib ketdi. Shuning barobarida 12 ta yangi ishchi o’rni yaratildi. Bugungi kunda ushbu jamiyatda, nafaqat avtomobillarga texnik xizmat ko’rsatilmoqda, balki kompyuter xizmatlari ham tashkil etilgan.

Ushbu moliya muassasasi tomonidan Prezidentimizning 2007 yil 21 maydagi "O’zbekiston Respublikasida 2010 yilgacha bo’lgan davrda xizmat ko’rsatish va servis sohasini rivojlantirishni jadallashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlari to’g’risida"gi qarori ijrosi natijasida 3,7 million so’m miqdoridagi sarmoya yo’naltirilgani Naimjon Karimov kabi mijozlarning tadbirkorlik faoliyati, qishloqlarimizda servis sohasining rivojiga xizmat qilmoqda.

Ayollarning iqtisodiy faoliyatdagi ishtirokining kengaytirish, tadbirkorlik bilan shug’ullanish istagida bo’lgan Xotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Xotin qizlar qo’mitasi, Tadbirkor ayollar uyushmasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining 21 tuman va shaharlarida semenarlar o’tkazildi. Qizg’in va jonli muloqotlar sharoitida o’tgan semenarlar bilan bir qatorda viloyatning barcha hududlarida, eng chekka qishloq va ovullarda ish bilan band bo’lmagan xotin-qizlarning umumiy soni aniqlandi. Ularga o’sha hududga xos bo’lgan tadbirkorlik yo’nalishlari xususida tushintirish ishlari olib borildi. Xalq hunarmandchiligining milliy chokli buyumlar tikish, kashtachilik, do’ppido’zlik, chopon tikish, an'anaviy matolar to’qish hamda zardo’zlik sohalari uchun mikrokreditlar ajratish asosiy e'tiborda bo’ldi. Aynan shu maqsadni amalga oshirish uchun, xotin-qizlar mehnatidan foydalaniladigan va ayollar boshqaradigan 1986 ta tadbirkorga ishlab chikarishni tashkil etish va rivojlantirish uchun 1 milliard so’m miqdorida mikrokreditlar ajratildi. Ana shu mikrosarmoyalar hisobiga 1198 ta yangi ishchi o’rni yaratildi.

Mana shunday sarmoyalardan bahramand bo’lib, faoliyatini rivojlantirgan tadbirkor ayollardan biri G’azalkent tumanilik Umida Irgashevadir.

- Bankka taqdim etgan biznes loyiham ma'qullandi, - deydi "Umida Muzaffar savdo" xususiy korxonasi rahbari Umida Irgasheva. - Ajratilgan 14 million so’m mikrokreditga tikuv mashinasi sotib oldik, xom ashyo bilan doimiy ta'minlashni yo’lga qo’ydik. Bugungi kunda tikuv seximizda 10 nafar xotin-qiz ish bilan band. Ularning orasida mohir chevarlari ham, endigina ishni o’rganayotgan qizlar ham bor. Kasanachilikni ham tashkil etdik. Bu bilan ayollarimizga uyidan, bola tarbiyasidan ajralmagan holda daromad topish imkoniyati ham yaratildi. Mahsulotlarimiz esa o’z xaridorlarini topib ulgurdi.

Bank tomonidan yoshlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda. O’tgan yilda 403 ta yosh oilaga 1,3 milliard so’m miqdorida mablag’lar ajratildi. Shundan 187 ta yosh oilaga 558 million so’m iste'mol krediti, 216 ta yosh oilaga 742 million so’m mikrokredit berildi.

Prezidentimiz O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 17 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida kelgusida amalga oshirilajak ishlar xususida to’xtalar ekan, ayni paytda kasb-hunar kollejlari va oliy o’quv yurtlarini bitirib chiqayotgan yoshlarimiz egallayotgan eng zamonaviy bilim va ko’nikmalarni amalda joriy etishi uchun ularni kichik biznes va tadbirkorlik sohasiga keng jalb qilish masalasiga prinsipial ahamiyat berilishi va bu vazifa dasturda o’zining munosib o’rnini topishi darkor, deya alohida ta'kidlab o’tdilar.

"Mikrokreditbank"ning Toshkent viloyat filiali tomonidan "Barkamol avlod yili" Davlat dasturida belgilangan vazifalar bo’yicha ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotir.

"Mahalla" jamg’armasi hamda Toshkent viloyati O’rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshkarmasi bilan birgalikda Akademik lisey va kasb-xunar kollejlarini bitirayotgan o’quvchilarni ish bilan ta'minlash hamda ularda bunyodkorlik, yaratuvchilik maqsadlarini shakllantirish maqsadida hamkorlik yo’lga qo’yilgan. Yoshlarni qo’llab-quvvatlash, ularga tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun sarmoyalar yo’naltirish asosiy vazifalardan biri bo’lib qolaveradi.

Bir so’z bilan aytganda kelajak uchun sarmoyalar, mamlakatimiz taraqqiyoti va farovonligi uchun xizmat ushbu moliya muassasasi jamoasining asosiy mehnat tamoyilidir.