Navoiy viloyati Xatirchi tumani Bog‘ishamol qishlog‘idagi “Polimer shifer” korxonasi mahsulotlariga talab ortmoqda.

Shahar va tumanlarda bunyodkorlik ishlari ko‘lami kengayib borayotgani, ayniqsa, qishloq joylarda barcha qulayliklarga ega namunaviy loyiha asosida turar-joylar barpo etilayotgani zamonaviy, import o‘rnini bosuvchi qurilish materiallari ishlab chiqarishni yanada rivojlantirishni taqozo etmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2009 yil 19 iyunda qabul qilingan devorbop materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va sifatini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Xatirchi tumanidagi “Bog‘ishamol farovonligi” xususiy korxonasi tomonidan o‘tgan yili “Polimer shifer” ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilgan edi.

– Korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yishda “Mikrokreditbank“ning Navoiy viloyati filiali moliyaviy ko‘magidan foydalandik, – deydi “Bog‘ishamol farovonligi” xususiy korxonasi rahbari Abduroziq Abduqodirov. – Ayni paytda buyurtmachilarga kuniga 300 kvadrat metr polimer shifer yetkazib berilmoqda. Xomashyoni viloyatimizdagi hamkor korxonalardan keltirayotganimiz bois mahsulotimiz tannarxi arzon. Bozor talabidan kelib chiqib, joriy yilda yuz million so‘mlik polimer shifer ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqdamiz.