Mamlakatimiz iqtisodiyotida ro'y berayotgan yangilanishlar, har bir tarmoqda qo'lga kiritilayotgan yutuqlar, muhimi, aholining turmush farovonligi oshishi zamirida moliya muassasalarining salmoqli hissasi bor. Gap shundaki, banklar tomonidan ko'rsatilayotgan zamonaviy va sifatli xizmatlar, mijozlar uchun imtiyozli shartlar asosida ajratilayotgan mablag'lar ko'plab istiqbolli loyihalarni tezkorlik bilan ro'yobga chiqarish, minglab yangi ish o'rinlarini yaratish imkonini bermoqda.

Darhaqiqat, bugungi kunda “Mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun” tamoyilini o'zi uchun bosh mezon sifatida belgilab olgan banklarimiz xizmat ko'rsatishning barcha yo'nalishlarida zamon talablariga mos faoliyat yuritmoqda. “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o'rganish markazining tadbirkorlik sub'ektlari faoliyati hamda aholi turmushida banklarning o'rni qay darajada ekanligini aniqlashga qaratilgan qator izlanishlari natijalari bunga yaqqol misol bo'la oladi. Chunki aynan ushbu so'rovnomalar asnosida aholi va tadbirkorlar mamlakatimiz bank tizimining yutuq yoki kamchiliklari haqida haqqoniy fikr bildirayaptilar. Shu asosda takliflar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilayotgani, har bir ijtimoiy so'rovning natijalari matbuot nashrlarida omma e'tiboriga havola qilinayotgani esa bank-moliya tizimida samaradorlikni ta'minlashda muhim omil bo'layotir.

Yaqinda markaz tomonidan navbatdagi yana bir tadqiqot o'tkazildi. “Oilaviy biznesni rivojlantirish va tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlashda bank tizimining o'rni hamda hududlarda aholi va ishbilarmonlik muhiti vakillarining bank tizimiga bo'lgan ishonchi haqida jamoatchilik fikri — 2014” mavzuidagi ushbu so'rovnomaga yurtimizning barcha hududlaridan ishbilarmonlar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari jalb etildi.

Respondentlarni tanlashda tadbirkorlik sohasining barcha yo'nalishlari qamrab olindi, shu jumladan, bu jarayonga kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, tadbirkor ayollar ishtirokiga alohida e'tibor qaratildi. Aniqrog'i, unda tadbirkorlikning “Mikrofirma” yo'nalishida 15,8, “Kichik korxona” turi bo'yicha 22,8, “Yakka tartibdagi tadbirkor” yo'nalishida 26,4 foiz ishtirokchi o'z fikrini bildirgan bo'lsa, “Dehqon xo'jaligi”, “Fermer xo'jaligi”, “Oilaviy tadbirkorlik” yo'nalishlarida qatnashgan respondetlar ko'rsatkichi mos ravishda 6,4, 11,6 va 13,3 foizni tashkil etdi.

So'rov natijalariga ko'ra esa, shaharlarda tadbirkorlikning “Mikrofirma” va “Kichik korxona”, qishloq joylarda “Yakka tartibdagi tadbirkorlik” turlari rivojlanganligi, ayollarning 38 foizi yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug'ullansalar, erkaklar orasida kichik korxona sub'ektlari 27,2 foizdan ko'proq ekanligi ayon bo'ldi.

Ko'rinib turibdiki, tadbirkorlarning bank kreditlaridan foydalanish istagi tobora oshib borayotgani aholining bank tizimiga bo'lgan ishonchi yuqoriligidan dalolat beradi. So'rovda ishtirok etganlarning 96,8 foizi kredit olish uchun tijorat banklariga murojaat qilgani buning tasdig'idir.

Bundan tashqari, so'rovlarni o'tkazish jarayonida respublikamizdagi qaysi tijorat banklarining faoliyati e'tirofga loyiqligiga doir savolga ham javob olindi. Ishtirokchilarning fikricha, “Agrobank”, “Milliy bank”, “Ipoteka- bank”, “Asakabank”, “Mikrokreditbank”, “Qishloq qurilish bank”, Xalq banki, “O'zsanoatqurilishbank” va “Aloqabank”larning faoliyati, ayniqsa, diqqatga sazovor. Buxoro, Samarqand, Farg'ona, Qashqadaryo, Andijon va Xorazm viloyatlarida tadbirkorlarning ko'pchiligi ushbu banklar faoliyatiga ijobiy baho bergani bunga misol bo'la oladi.

O'tkazilgan so'rovlarda, shuningdek, “Shu bankning faoliyatiga qanday baho berasiz?” degan savolga olingan javoblarda ijobiy baho 96,8 foizga to'g'ri keldi. E'tiborlisi, bu borada ilgarigi so'rovlarga nisbatan yaxshi baho berayotganlar soni sezilarli darajada ko'paygani oydinlashdi.

Bank faoliyatidan mamnunlikni baholash bo'yicha berilgan savollarga, avvalo, “Bank xodimlari yaqin ko'makdosh” deya javob berilgan bo'lsa, keyingi o'rinlarga “Maslahat berish va muammolarni echishda tezkor yordam ko'rsatiladi”, “Omonatlarni saqlash bo'yicha bajariladigan barcha amallar o'z vaqtida amalga oshiriladi”, “Belgilangan tartibga to'la amal qilinib, qonunbuzilishiga yo'l qo'yilmaydi” kabi javoblar munosib ko'rildi.

So'rovda ishtirok etganlarning 96,8 foizi omonatga pul qo'yishda hal qiluvchi omil sifatida birinchi o'ringa “Bankka bo'lgan ishonch”ni qo'ygan bo'lsa, keyingi o'rinlarda “Yuqori daromadlilik”, “Mablag'larning kafolatlanganligi” kabi javoblar qayd etildi.

Tijorat banklarida kreditlash qoidalarining soddalashtirilganligi, xususan, hisobvaraqlar ochishda to'lov undirish amaliyotining bekor qilinganligi va kreditlar olishda yillik foiz stavkalarining maqbullashtirilganligi haqida o'z fikrini bildirganlar ham ko'pchilik ekanligi e'tiborga molik. Jumladan, so'ralganlarning aksariyati kredit ajratish tartiblarini belgilash bo'yicha yangidan qabul qilinayotgan me'yoriy-huquqiy hujjatlar bilan yaxshi tanish ekanliklarini mamnunlik bilan bayon qilishgan.

Moliya muassasalarida tadbirkorlar va aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, banklarning ish tartibi, xizmat turlarining sifati, bank xodimlarining malakasi hamda muomala madaniyati yuzasidan ham xuddi shunday xulosa olindi.

Shu o'rinda davlatimiz rahbarining 2014 yil 6 fevraldagi “O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi bo'yicha ham o'rganishlar o'tkazilganda, so'rovda ishtirok etgan respondentlarning 98,7 foizdan ko'prog'i “Banklarning yaqin yordami bilan tadbirkorlikni yo'lga qo'yib, ish joyiga ega bo'lyapmiz” degan javoblarni berganini ham alohida qayd etish zarur. Masalan, Adhambek Hoshimxonov Kosonsoy sanoat, transport va aloqa kasb-hunar kollejini tamomlagach, “Mikrokreditbank”ning tuman filiali tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit evaziga tadbirkorlikka qo'l urib, o'z korxonasida oyiga 50-100 dona deraza panjaralari, temir eshiklar, shuningdek, boshqa uy anjomlari tayyorlanashni yo'lga qo'ydi. esa bankning imtiyozli krediti hisobiga 10 ming dona parranda sotib olib, aholiga tuxum va parhez go'sht etkazib bermoqda. U rahbarlik qilayotgan tadbirkorlik sub'ektining oylik sof daromadi bugungi kunda 1,5 – 2 mln. so'mni tashkil etmoqda.

Mamlakatimizning eng chekka hududida joylashgan Chimboy agrosanoat kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Rustem Turdibaev ham “Marat Turdibaev” mas'uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etgach, “Mikrokreditbank”ning 40 mln. so'mlik imtiyozli krediti hisobidan tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni o'zlashtirib, 5 nafar tengdoshini ish bilan ta'minlaganini alohida qayd etsak arziydi.

Shu bilan birga, tadbirkor ayollar o'rtasida so'rovlar o'tkazilganda, respondentlarning 98,9 foizi “Banklar tadbirkor ayollarning yaqin hamkori, ularning yordami bilan yuqori muvaffaqiyatlarga erishmoqdamiz”, deya javob bergani ham dillarga xushnudlik baxsh etadi.

— Markaziy bank tomonidan tadbirkor ayollarni moliyaviy qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ular uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda, — deydi O'zbekiston Xotin qizlar qo'mitasi raisining o'rinbosari Gulnora Ma'rufova. — Xususan, o'tgan o'n yil mobaynida banklarning 3 trln. so'mdan ziyod mablag'i ushbu maqsadlar uchun yo'naltirilgani joylarda yuzlab “Go'zallik salon”lari, tikuv tsexlarini ishga tushirishda, minglab kishilar bandligini ta'minlashga turtki berdi.

Ayni chog'da banklar bilan hamkorlikda yurtimizning olis hududlarida kasb-hunar kollejlarini bitirgan qizlarimiz ishtirokida o'tkazilayotgan amaliy uchrashuvlar ham o'z samarasini berib, yoshlarni ish bilan ta'minlashda ayni muddao bo'lmoqda. Poyoniga etgan yilda, masalan, ham Markaziy bank tashabbusi bilan barcha viloyatlar va poytaxtimizda tashkil etilgan shunday tadbirolarda tadbirkorlikka ishtiyoqi bor opa-singillarimiz bu borada nafaqat bilimlarini mustahkamladilar, balki kredit olish huquqini beruvchi sertifikatlarga ega ham bo'ldilar. Shu ma'noda, aytish mumkinki, bugungi kunda xotin-qizlar bank tizimidagi o'zgarishlardan, moliya muassasalari tomonidan ko'rsatilayotgan xizmatlardan behad xursandlar.

Markaz tomonidan o'tkazilgan so'rovlarda hududlarning sanoat salohiyatini yuksaltirish bo'yicha investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalar ijrosiga ham alohida ahamiyat qaratildi. Pirovardida so'rovlarda loyihalarni moliyalashtirishda banklar tomonidan ajratilgan kreditlar yuqori samara berganligini respondentlarning 97,5 foizi alohida tilga olib, bu borada hujjatlarning soddalashtirilganligi, foiz stavkalarining maqbul darajada belgilanganligi asosiy vosita bo'lganini izhor etishgan.

So'rovlarning 98,1 foiz qatnashchisi Markaziy bank tomonidan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, respublika Bosh prokuraturasi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda borish qiyin hamda mehnat resurslari ortiqcha bo'lgan tumanlarda tadbirkorlar, yoshlar, fermerlar uchun o'tkazilayotgan amaliy uchrashuvlar ham yuqori samara berayotganini ta'kidlaganini aytib o'tish joiz. 97,3 foiz ishtirokchi esa aynan ushbu tadbirlar tufayli olis hududlarga ajratilayotgan kreditlar joylarda xizmat ko'rsatish va servis sohasini rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlar sonini ko'paytirish hamda yangi ish o'rinlari yaratishda katta yordam berayotganini bildirgan.

— Bugungi kunda yurtimizda aholi salomatligini tiklash, ularga sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish borasida ham muayyan chora-tadbirlar ko'rilmoqda, — deydi Boysun tumanidagi “Omonxona” balneologik davolash maskani rahbari Baxtiyor Jo'raev. — Bilasiz, ma'danli suvlar inson sog'lig'i uchun juda foydali. Bu zaminning suvi ham o'zining ana shunday xususiyatlari, ayniqsa, oshqozon-ichak kasalliklariga naf berishi bilan alohida ajralib turadi. Shu bois shu erda bankning moliyaviy ko'magida zarur shart-sharoitlarni yaratishga muvaffaq bo'ldik. Hozirgi kunda esa respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurayotgan bemorlarga zamonaviy tibbiy xizmat ko'satayapmiz.

Tadqiqotlarda, qolaversa, tijorat banklari mutaxassislarining hujjatlarni qabul qilish va uning ijrosini ta'minlash jarayonida mijozlarga xizmat ko'rsatish sifati ortib borayotgani ham ma'lum bo'lmoqda. Respondentlarning katta qismi (95,5 foizi) bu masalada mamnunligini bildirganligi buning isbotidir.

Shuningdek, respondentlarning 97,9 foizidan “Qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtirish hajmini ko'paytirish maqsadida tijorat banklari tomonidan shaxsiy yordamchi xo'jaliklarga ajratilayotgan imtiyozli kreditlar aholiga qulay shart-sharoitlar yaratmoqda,” degan javob olindi. Ularning fikricha, ushbu kreditlar, avvalo, tomorqa xo'jaligida bunday mahsulotlarni aholiga taqdim etishda muhim omil bo'layotgan bo'lsa, ikkinchidan, bozorlarda narx-navoning mo''tadil saqlanishni ta'minlashga xizmat qilayapti.

Yana bir e'tiborli dalil. Tadbirkorlik faoliyati davomida bank kreditlaridan samarali foydalanib, yuqori natijaga erishganligi va qarzini qaytarishda hech qanday to'siqlarga uchramaganligini bildirganlar hissasi ham yuqori (97,8 foiz) dir.

— Chorvachilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo'jaligimiz faoliyatini kengaytirishda “Mikrokreditbank” bilan hamkorlik o'rnatganimiz ayni muddao bo'lmoqda, — deydi “Muqimiy” fermer xo'jaligi rahbari Bahodirjon Rustamov. — Sababi, ushbu moliyaviya muassasa tomonidan ajratilgan dastlabki kredit evaziga xorijdan 4 bosh zotdor qoramol olib kelgan edik. Keyinchalik esa uning qo'shimcha sarmoyasi evaziga qoramollarimiz sonini 120 boshga etkazdik. Bu, o'z navbatida, “Mikrokreditbank”ka bo'lgan ishonchimizni borgan sari oshirmoqda.

Samarqandlik tadbirkor Farhod Rahmatovning aytishicha, uning “Gulobod-mebelь” deb nomlanuvchi korxonasi rivojida “Asakabank”ning “Afrosiyob” filialidan olingan kredit ham juda asqotgan. 85 nafar ishchi mehnat qilayotgan bu korxonada o'tgan yilning o'zida 4 mlrd. so'mlikdan ortiq uy va ofis mebellari ishlab chiqarilib, mahsulot turi 25 taga etkazilgan.

Bulardan anglashilayaptiki, so'nggi paytlarda mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhiti shakllanishi barobarida, tadbirkorlarimiz tomonidan biznes-rejalar mukammal tuzilayapti, ularning kreditdan foydalanishi esa bank mutaxassislari tomonidan muntazam ravishda monitoring qilib borilayapti. Natijada o'zaro manfaatli hamkorlik tobora mustahkamlanmoqda. Buning tasdig'ini “ Biznes-rejalarini “Mikrokreditbank” orqali amalga oshirish ishonchlimi?” degan savolga respondentlarning 97,6 foizidan “Uning yordamida ishonchli va kafolatli”, 96,9 foizidan “Ajratilayotgan mikrokreditlar aholi farovonligini oshirish, yangi ish o'rinlari yaratishda ham muhim rolь o'ynamoqda”, 97,7 foizidan “Mikrokreditlar joylarda, ayniqsa, chekka qishloqlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur bo'lgan boshlang'ich sarmoyani shakllantirishga zamin yaratmoqda”, 98,3 foizidan “Tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanmoqchi bo'lgan fuqarolarga mikrokreditlar berish bo'yicha bir qator qulaylik va imtiyozlar yaratilganligi aholini, shu jumladan, ayollar hamda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlikka jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda” degan javoblar olinganidan anglash mushkul emas.

O'tkazilgan so'rovlarda xorijiy investorlarning respublikamiz bank tizimining barqaror va ishonchliligi ularning samarali ishlashi uchun muhim poydevor bo'layotgani ham alohida e'tirof etilgan.

— Yurtingizda 2008 yildan buyon faoliyat yuritayotgan bo'lsak, o'tgan vaqt mobaynida yuqori natijalarni qo'lga qiritayapmiz, — deydi “Daewoo Textile Bukhara” O'zbekiston-Koreya qo'shma korxonasi rahbari Byon Chung Sob. — Bunda banklarning hissasi, ayniqsa, salmoqli. Negaki, keyingi bir-ikki yil ichida ular tomonidan ko'rsatilayotgan amaliy yordam tufayli ishlab chiqarish hajmini ham, daromadimizni ham ko'paytirishga erishdik. Bu bilan korxonamiz o'z mahsulotlarini 25 dan ziyod xorijiy davlatlarga eksport qiluvchi yirik ishlab chiqarish sub'ektiga aylandi.

Umuman, so'rovlarda ishtirok etgan tadbirkorlar, xorijiy ishbilarmonlarning fikr-mulohazalaridan kelib chiqib, shuni qayd etish lozimki, mamlakatimizda kafolatli bank tizimining yaratilgani, moliya muassasalarining aniq va puxta reja asosida ish yuritayotgani respublikamiz yalpi ichki mahsulotida kichik biznes vakillari ulushi ortishiga xizmat qilayotgani, ayniqsa, katta ahamiyat kasab etmoqda. 2014 yilda yurtimiz bank tizimining tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash borasidagi tajribasi xalqaro doirada yuqori baholanib, uning jahon reytingidagi o'rni yanada yuqorilagani bejiz emas. Xususan, Xalqaro moliya korporatsiyasi va Jahon bankining o'tgan yilning oktyabrь oyida e'lon qilingan yangi hisobotida O'zbekistonda kreditlash tizimining reyting ko'rsatkichi jahonning 189 ta davlati ichida 130 o'rindan 104 o'ringa ko'tarildi. “Kredit almashi­nuvi indeksi” ko'rsatkichi bo'yicha esa mavjud

8 balli tizimda 7 ballga baholandi. Shu bilan birga, tizimga “Standart end Purs, “Fitch reytings” xalqaro agentliklari tomonidan yana bir bor “barqaror” yuqori reyting bahosi berilgani, “Mudis” xalqaro reyting agentligi esa ketma-ket beshinchi yil “barqaror” darajani tasdiqlagani quvonarli hol, albatta. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Asakabank”, “Ipoteka-bank”, “O'zsanoatqurilishbank”, “Agrobank” va “Ipak yo'li” banki esa biryo'la ikkita etakchi xalqaro reyting agentliklarining “barqaror” reyting baholarini qo'lga kiritdi. Aniqrog'i, bugungi kunga kelib, respublikamizdagi barcha tijorat banklari shunday ijobiy bahoga egadir. Vaholanki, 2011 yilda bunday bahoni qo'lga kiritgan banklarimiz atigi 13 ta edi, xolos.

Xulosa qilib aytganda, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o'rganish markazi tomonidan o'tkazilgan so'rovlar natijasi shuni ko'rsatmoqdaki, uning qatnashchilari mamlakatimiz bank tizimining amaliy yordami tufayli kutilgan muvaffaqiyatlarga erishganliklarini alohida e'tirof etishmoqda. Bu tizimda davlatimiz rahbarining sohani rivojlantirish bo'yicha qabul qilgan Farmon va qarorlari, “Sog'lom bola yili” Davlat dasturi, aholini ish bilan ta'minlash bo'yicha qabul qilingan boshqa hujjatlar ijrosi o'z vaqtida, izchillik bilan, sifatli bajarib kelinayotganligini, aholining banklarga bo'lgan ishonchi yanada ortayotganligini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Markazning tadqiqotlari esa kichik biznes sub'ektlari va oilaviy tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlashda bank tizimining rolini oshirishga ko'maklashuvchi asosli xulosalarni ishlab chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o'rganish markazi materiallari asosida tayyorlandi.