“Facebook” ijtimoiy tarmog‘i orqali fuqaro Ravshan Tojiboev “Mikrokreditbank”ning Uchko‘prik tumani filiali tomonidan 4 oy oldin bog‘dorchilik qilish uchun ajratilgan kredit puli qaytarib olingani yuzasidan murojaat yo‘llagan.

O‘rganishlar davomida ushbu fuqaro 2021-yil 16-mart kuni turmush o‘rtog‘i Zuhraxon Tadjiboeva nomiga 3 yil muddatga mevali ko‘chatlar sotib olish maqsadida 6 000 000 (olti million) so‘m kredit mablag‘i olganligi aniqlandi. 2021-yil 3-avgust kuni esa R.Tojiboev tomonidan 5 500 000 (besh million besh yuz ming) so‘m to‘lov amalga oshirilgan va kredit qisman qaytarilgan.

Fuqarodan olingan kreditni muddatidan avval yopilganlik sababi surishtirilganda, u turmush o‘rtog‘i nomiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-martdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5041-son qaroriga asosan issiqxona qurish uchun 7 yil muddatga 50 000 000 (ellik million) so‘m imtiyozli kredit olish istagini bildirgan. “Mikrokreditbank” xodimlari tomonidan fuqaroga bu turdagi kreditlar yuqoridagi PQ-5041-son qarorning 4-bandiga asosan, ya’ni, Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida bog‘, tokzor va limonchilikni rivojlantirish maqsadida issiqxonani tashkil etish uchun uzoq muddatli kreditlarni “Turonbank” АTB tomonidan moliyalishtirilishi, dasturda ishtirok etayotgan “Mikrokreditbank” АTB, АT “Xalqbank”, “Аgrobank” АTBlarda bugungi kunda issiqxona qurish uchun 3 yil muddatga imtiyozli kredit berilayotganligi tushuntirilgan.

Shundan so‘ng fuqaro R.Tojiboev turmush o‘rtog‘i nomiga olgan kreditiga muddatidan avval to‘lab yuborgan mablag‘ini qaytarib berilishida amaliy yordam so‘ragan.

Fuqaroga 26-avgust kuni muddatidan avval qilgan kredit to‘lovlari qaytarib berilib, kelgusida to‘lov grafigi asosida to‘lashi mumkinligi tushuntirildi.