Ijtimoiy tarmoqlarda Fargʼona viloyatida faoliyat yurituvchi “ROSTOK-2019” nodavlat taʼlim muassasi (NTM) “Mikrokreditbank” АTB Rishton tuman filialidan 11 oydan buyon imtiyozli kredit ololmayotgani xususida tanqidiy material eʼlon qilindi.
Haqiqatan ham “ROSTOK-2019” NTM binosini jihozlash uchun bankning Rishton filialiga 36 (oʼttiz olti) oy muddatga, 6 (olti) oylik imtiyozli davr asosida, 175 000 000 (bir yuz yetmish besh million) soʼm imtiyozli kredit mablagʼlari ajratilishini soʼrab murojaat qilgan.
Biroq, ushbu nodavlat taʼlim muassasasiga Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-martdagi PQ-4231 sonli “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb kilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori doirasida 2019-yil 14-avgust kungi kredit shartnomasi asosida maktab binosini jihozlash uchun 36 (oʼttiz olti) oy muddatga yillik 8 (sakkiz) foiz ustama haq toʼlash sharti 5 (besh) oylik imtiyozli davr bilan 200 000 000 (ikki yuz million) soʼm imtiyozli kredit mablagʼlari ajratib berilgan. Shu bois “ROSTOK-2019” NTM ga ijtimoiy dasturlar doirasida imtiyozli kredit ajratishning imkoni yoʼqligi tushuntirildi hamda bankning oʼz mablagʼlari hisobidan tijorat krediti ajratilishi taklifi berildi.
“ROSTOK-2019” NTM rahbarining 2021-yil 12-avgust kungi arizasiga asosan bankning oʼz mablagʼi hisobidan taʼlim muassasasi binosini jihozlash uchun 36 (oʼttiz olti) oy muddatga, 6 (olti) oylik imtiyozli davr asosida, yillik 24 (yigirma toʼrt) foiz ustama haq toʼlash sharti bilan 175 000 000 (bir yuz yetmish besh million) soʼm kredit mablagʼi ajratib berildi.
Bank axborot xizmati