“Xalq soʼzi” gazetasining 2022-yil 5-aprel 70-sonida chop etilgan “Mikrokreditbank” tadbirkorni qachongacha sarson qiladi?” sarlavhali maqola yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.

Аniqlanishicha, “Mikrokreditbank”АTB Qiziltepa filiali tomonidan Qiziltepa tuman “Uzilishkent” mahalla fuqarolar yigʼinida yashovchi fuqarolar Jasur Salimov va Shaxodat Shukurovaga kredit evaziga naslli chorva mollarini sotib olish uchun 2021-yilning may oyida Buxoro viloyat Gʼijduvon tumanida faoliyat yurituvchi “Shukur Toʼxta” fermer xoʼjaligi nomiga kafolat xatlari berganligi maʼlum boʼldi.

Haqiqatan ham yuqoridagi bankning kafolat xatiga asosan oʼtgan yili (maqoladagi kabi 2020-yil emas) “Shukur Toʼxta” fermer xoʼjaligi tomonidan fuqaro J.Salimovga 2 bosh naslli chorva moli yetkazib berilgan. Аmaldagi tartibga koʼra, mijoz mahsulotni qabul qilib olgach, bankka kelib, kredit yigʼmajildiga imzo qoʼyishi, shundan soʼng kredit taʼminotchi hisob raqamiga oʼtkazilishi lozim boʼlgan.

Biroq bank xodimlari J.Salimovni bir necha bor bankka chaqirishiga qaramasdan, uzoq muddat davomida kredit yigʼmajildlariga imzo qoʼyishdan bosh tortib kelgan va kredit summasini chiqarishni imkoni boʼlmagan.

Bank xodimlariga fuqaro J.Salimovning bildirishicha, (tushuntirish xati ilova qilinadi) fermerdan olingan naslli chorva molining 1 boshi kasallikka chalingan, shundan soʼng bu haqda “Shukur Toʼxta” fermer xoʼjaligi raisi Shukur Toʼxtaevga telefon orqali maʼlum qilgan va majburiy tarzda molni soʼyishgan. Oradan 7 oy oʼtgach ushbu fermer xoʼjaligi raisi Sh.Toʼxtaev hamda J.Salimov oʼzaro kelishib olishgan. (Bu haqda filial rahbarini ham ogohlantirishgan).

Shundan soʼng fuqaro J.Salimov bankdan imtiyozli kredit olish uchun taqdim etgan birlamchi hujjatlarni (pasport nusxasi, tavsiyanoma, oldi-sotdi shartnoma va markaz xulosasi) qaytarib olgan. Аlbatta, bunday vaziyatda bank tomonidan “Shukur Toʼxta” fermer xoʼjaligiga kafolat xatiga asosan yuqoridagi holatdan kelib chiqib, imtiyozli kredit summasi oʼtkazilmagan.

Maqolada keltirilgan ikkinchi masala boʼyicha toʼxtaladigan boʼlsak, “Shukur Toʼxta” fermer xoʼjaligi tomonidan fuqaro Sh.Shukurovaga oʼtgan yili 2 bosh naslli chorva moli yetkazilgan. Biroq fuqaro Sh.Shukurova uzoq muddat davomida, imtiyozli kredit yigʼmajildlariga imzo qoʼyishdan bosh tortib kelgan edi. Bunga sabab qilib, “Shukur Toʼxta” fermer xoʼjaligidan olingan naslli chorva molidan biri kasallikka chalinganligini aytib kelgan.

Yaqinda Qiziltepa tumani “Uzilishkent” MFY raisi, hokim yordamchisi hamda bank masʼul xodimi fuqaro bilan uchrashgan holda yuqoridagi qarzdorlikni bartaraf etish boʼyicha unga tushuntirish berishgach, imtiyozli kredit olishga rozilik bildirdi.

Shundan soʼng amaldagi tartib boʼyicha fuqaro 2022-yil 5-aprel kuni elektron platforma orqali imtiyozli kredit olish uchun ariza yubordi, arizasi mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisi tomonidan maʼqullandi hamda shu kunning oʼzida fuqaroga 24 480 000 (yigirma toʼrt million toʼrt yuz sakson ming) soʼmlik imtiyozli kredit mablagʼi ajratib berildi.

Maqolada tilga olingan ikki holatda ham bank xodimlari yuqoridagi fuqarolarni bir necha bor ogohlantirishiga qaramay, olingan chorva mollari kasallikka chalinganligini sabab qilib, kredit yigʼmajildiga (kredit ajratish uchun asos boʼladi) imzo chekishdan bosh tortib kelgan. Bunday holatda bank fuqaroning roziligisiz kredit ajratishining imkoni boʼlmagan.

Bank Axborot xizmati