Joriy yilning 15-oktabr kuni Milliy matbuot markazida “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar” mavzusidagi matbuot anjumani oʼtkazildi.

Ushbu tadbirni “Mikrokreditbank” АTB Boshqaruvi Raisi oʼrinbosari Rustam Sulaymonov ochib, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qoʼshimcha chora–tadbirlar toʼgʼrisida” 2021 yil 14 iyundagi PQ-5146-sonli qaroriga asosan Mikrokreditbank tomonidan tegishli vazifalar ijrosi yuzasidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani haqida maʼlumot berdi.

Jumladan, bank tomonidan parrandachilik yoʼnalishidagi mutaxassislar jalb qilingan holda tarkibiy boʼlinma tashkil etildi. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʼmitasi, “Parrandasanoat” uyushmasi bilan birgalikda joriy yilning avgust-sentyabr oylarida Аndijon, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent va boshqa viloyatlarida parrandachilik korxonalari bilan joyida uchrashgan holda ochiq muloqotlar tashkil qilindi va tadbirkorlarning muammoli masalalarini qonuniy hal etish choralari belgilandi.

Misol uchun, Xorazm viloyatidagi 120 ming bosh parranda yetishtirish imkoniyati mavjud boʼlgan, biroq moliyaviy mablagʼlar yetishmasligi natijasida faoliyati toʼxtab qolgan “Qoʼshkoʼpir parranda” MChJning 42 mlrd. soʼmlik oldingi kredit qarzdorliklari muddati uzaytirilishi va aylanma mablagʼ uchun qoʼshimcha 10 mlrd. soʼm kredit ajratish hisobiga tadbikorning faoliyati qayta tiklandi.

Shuningdek, kam quvvatda ishlayotgan Namangan viloyatida joylashgan 120 ming bosh parranda boqish quvvatiga ega boʼlgan “Kosonsoy istiqlol parranda” MChJ ga 7,4 mlrd. soʼm, Surxondaryo viloyatidagi 300 ming bosh parranda yetishtirish quvvatiga ega boʼlgan “Termiz parrandachilik fabrikasi” MChJ ga 4,0 mlrd. soʼm kreditlar ajratish hisobiga toʼliq quvvat bilan ishlashi taʼminlandi.

Ushbu tarzdagi tadbirkorlar bilan uchrashuvlar kelgusida Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Navoiy, Xorazm va Fargʼona viloyatlarida oʼtkazilishi rejalashtirilmoqda.

Hududlarda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda mavjud parrandachilik korxonalari faoliyati inventarizatsiyadan oʼtkazilib, ularning mavjud ishlab chiqarish salohiyatini tiklash va yanada oshirish boʼyicha aniq chora-tadbir belgilab olindi. Xususan:

- inventarizatsiya natijalariga koʼra, parranda ozuqasi zahirasini jamlash va ishlash chiqarish quvvatlarini oshirish uchun hududlardan 151 ta tadbirkorlik subʼektlari boʼyicha (79 tasiga ozuqa uchun aylanma mablagʼlar va 72 tasiga modernizatsiya uchun) 537,7 mlrd.soʼm bank kreditiga talab shakllandi.

Bugungi kunga qadar ushbu talab asosida 170 mlrd. soʼmlik 42 ta loyihaga 115 mlrd. soʼm kreditlar ajratib berildi va qolgan loyihalar boʼyicha hujjatlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

- qarorning 5-bandiga asosan boshqa tijorat banklarida xizmat koʼrsatilayotgan parrandachilik (ozuqa) loyihalari uchun

27,3 mlrd. soʼmlik mablagʼlar qayta moliyalashtirish maqsadida boshqa banklarga yoʼnaltirildi.

Xususan, Navoiy viloyatidagi “Karmana golden eggs” MChJga parranda ozuqasi uchun 10 mlrd. soʼm Turonbankka, Toshkent viloyatidagi “Qishloq qurilish farovon parranda” MChJga parranda ozuqasi uchun 7,3 mlrd. soʼm Qishloqqurilishbankka, Buxoro viloyatidagi “Jondor chinor parranda” MChJga ozuqa uchun 10 mlrd. soʼm Аloqabankka oʼtkazib berildi.

- parranda xoʼjaliklariga tayyor parranda ozuqasi yetkazib beruvchi korxonalarga ham aylanma mablagʼ uchun kreditlar ajratilishi yoʼlga qoʼyildi. Masalan, Samarqand viloyatida “Jomboy naslli parranda” MChJga 55 mlrd. soʼm, Buxoro viloyatida “Baraka diyor parranda” MChJ ga 5 mlrd. soʼm va boshqalar;

- goʼsht yoʼnalishida zamonaviy soʼyish va parranda boqish komplekslari tashkil etish uchun dastlabki 62 ta loyiha tashabbuskorlari aniqlandi va ularga 209 mlrd. soʼmlik imtiyozli kreditlar ajratilishi belgilandi, ushbu komplekslar ishga tushishi natijasida qoʼshimcha yilliga 23 ming tonna goʼshtni qayta ishlash imkoniyati paydo boʼladi;

Shundan, 35 mlrd. soʼmlik 23 ta loyihalarga Mikrokreditbank tomonidan kreditlar ajratildi.

- respublikaning tabiiy-iqlim sharoitiga mos boʼlgan parrandalarni aholi xonadonlarida parvarish qilish uchun Mikrokreditbank tomonidan 4 860 ta jismoniy shaxslarga 128,5 mlrd. soʼm kreditlar ajratildi.

Masalan, Xorazm viloyatida 778 taga 21 mlrd. soʼm, Surxondaryo viloyatida 556 taga 10 mlrd. soʼm, Qashqadaryoda viloyatida 764 taga 19 mlrd. soʼm, Buxoro viloyatida 700 taga 21 mlrd. soʼm, Navoiy viloyatida 218 taga 7 mlrd. soʼm, Jizzax viloyatida 503 taga 13 mlrd. soʼm, Sirdaryo viloyatida 259 taga 8 mlrd. soʼm va boshqalar.

Mazkur loyihalar toʼliq amalga oshirilishi evaziga yilliga qoʼshimcha 966 mln. dona tuxum va 62,2 ming tonna parranda goʼshti yetishtirish quvvatlari yaratiladi. Parrandachilik yoʼnalishda loyihalarni moliyaviy qoʼllab-quvvatlash boʼyicha bank tomonidan ishlar davom ettiriladi.

Matbuot anjumani davomida “Mikrokreditbank” АTB masʼul xodimlari jurnalistlar tomonidan berilgan barcha savollarga javob berishdi.

Bank axborot xizmati