Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-60-sonli Farmonining 2-ilovasi sifatida tasdiqlangan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2.148, 2.253, 2.254 va 2.310-bandlarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan 

MA’LUMOT

Farmonning 2-ilovasi 148-bandiga asosan chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini 1,5-2 baravarga oshirish yuzasidan vazifalar belgilangan.

Xususan, parrandachilik sohasini rivojlantirish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi va bankning oʻz mablagʻlari hisobidan 250 ta parrandachilik xoʻjaliklari va ozuqa-yem mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga 659.9 mlrd. soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi.

Natijada, yiliga 1,4 mlrd. dona tuxum, 51,9 ming tonna parranda goʻshti va 259,0 ming tonna parrandalar uchun ozuqa ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi.

2.253-bandida xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan bir qator topshiriqlar belgilab berilgan.

Bank tomonidan xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlash, jumladan, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, 2022-yilning oʻtgan davri davomida 44 073 nafar xotin-qizlarning tadbirkorlikning turli yoʻnalishdagi loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha bank tomonidan zaruriy choralar koʻrilgan holda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 872,0 mlrd soʻm imtiyozli kreditlar ajratish hisobiga 44 715 nafar ayollar bandligi ta’minlandi.

Mazkur ajratilgan imtiyozli kreditlar hisobiga hududlarda ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, tikuvchilik, parrandachilik, issiqxona, non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish, asalarichilik, quyonchilik, hunarmandchilik, oʻzini oʻzi band qilish hamda boshqa sohalarni yanada rivojlantirishga puxta zamin yaratildi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholi bandligini ta’minlash, jumladan, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirishda bank tomonidan zaruriy choralar koʻrib boriladi.

2.254-bandida “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini hal etish tizimini yanada takomillashtirish belgilangan.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlarni, ustuvor ravishda “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlashga yoʻnaltirish, ushbu daftarga kiritilgan xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishdan oldin ularga tadbirkorlik koʻnikmalarini oʻrgatish va biznes loyihalarini tayyorlashga koʻmaklashish, ularga imtiyozli kreditlar ajratish, xotin-qizlarni ishga jalb qilgan holda kooperatsiya usulida tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan bank tomonidan nazorat oʻrnatilgan.

Jumladan, “Ayollar daftari”ning 3-bosqichida daftarga kiritilgan, tadbirkorlik istagida boʻlgan 9 687 nafar xotin-qizlarga joriy yilda bank filiallari tomonidan imtiyozli kredit mablagʻlari ajratish hisobiga ular tadbirkorlik qilishga yoʻnaltirildi.

2.310-bandida hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish boʻyicha vazifalar belgilangan.

Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, jumladan, hunarmandchilik faoliyati subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash ishlarini yanada takomillashtirish va ularga qoʻshimcha qulayliklar yaratish orqali yangi ish oʻrinlarini tashkil etishda bank tomonidan muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida joriy yil boshidan bugungi kunga qadar hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirish uchun 1 400 ta holatda 44,2 mlrd soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilib, shundan 30,6 mlrd soʻmi “Hunarmand” uyushmasiga a’zo boʻlgan 518 nafar hunarmand tadbirkorlarga ajratilgan kreditlar hissasiga toʻgʻri keladi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi tizimli ravishda davom ettiriladi.

A.Xamidov
Bank Raisining birinchi oʻrinbosari