“Mikrokreditbank” ATB Boshqaruv raisi M.Avazovning Korrupsiyaga qarshi kurash yuzasidan xodimlar va mijozlarga murojaati
Hurmatli hamkasblar, qadrli jamoadoshlar!
Bank Boshqaruv raisi sifatida oʻz faoliyatimni boshlar ekanman, Sizlar bilan birgalikda oldimizga juda katta va sharafli maqsadni qoʻydik: Mikrokreditbankni Oʻzbekistonning eng rivojlangan banklari qatoriga olib chiqish!
Jamoamiz bilan birgalikda bankning daromadliligini oshirish, xizmatlar sifatini yanada yaxshilash va moliya bozorida yetakchi boʻlish asosiy maqsadimiz. Ammo bu maqsadga faqat bir shart bilan - MUTLAQ HALOLLIK bilangina erisha olamiz!
Shu sababli, eng birinchi va ustuvor vazifa sifatida - bank tizimida korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga chek qoʻyish va bankda halol, shaffof muhitni yaratishimiz lozim.
Korrupsiyaga qarshi olib borayotgan ishlarimizning bosh maqsadi — jazolash emas, Sizni va oilangizni asrash!
Bankimizning korrupsiyaga qarshi izchil siyosati va bu borada amalga oshirayotgan ishlardan maqsad - kimningdir xatosini poylab, jinoyat qidirish va kimgadir jazo qoʻllash EMAS! Bu saʼy-harakatlardan asl muddao — jinoyatning oldini olish, Sizni xato qadam tashlashdan saqlab qolish.
Har bir bank xodimining ortida uning oilasi, ota-onasi, turmush oʻrtogʻi va shirin-shakar farzandlari turibdi. Bir lahzalik nafs, bir martalik noqonuniy daromad insonni nafaqat sevimli kasbidan, balki eng oliy neʼmat - erkinlikdan ayiradi. Birgina xodimning jinoyatga qoʻl urishi bir oilaning boquvchisini yoʻqotishi, farzandlarning koʻz yoshi va butun bir xonadonning vayron boʻlishi demakdir. Bank raisi sifatida men uchun eng katta ogʻriq - qaysidir hamkasbimizning xatosi tufayli uning oilasi baxtsiz boʻlishidir.
Shu sababli mening ustuvor maqsadim, Sizning farzandlaringiz va yaqinlaringiz oldida yuzingiz doimo yorugʻ boʻlishini taʼminlashdir.
Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, rahbariyat eshigi Sizlar uchun doim ochiq! Sizni shaxsan eshitishga tayyorman!
Barchamizga ma’lumki, bankimizda korrupsiyaga qarshi 24/7 rejimda ishlab turgan rasmiy aloqa kanallari mavjud.
Agar tizimda biror-bir shubhali, noqonuniy holatga duch kelsangiz yoki kimdir Sizni jinoyatga majburlayotgan boʻlsa, hech ikkilanmay toʻgʻridan-toʻgʻri, istalgan vaqtda Boshqaruv Raisining qabuliga kirishingiz mumkin. Sizni shaxsan qabul qilishga, eshitishga va muammoni birgalikda, adolatli hal qilishimizga ishonaman!
Murojaat qilgan har bir xodimning xavfsizligi ta’minlanishiga va shaxsi sir saqlanishiga Boshqaruv Raisi sifatida shaxsan kafolat beraman!
Atrofdagi qonunbuzarlikka koʻz yummaslik yoki bu haqda ochiq aytish - bu hamkasbingizni jarlikdan saqlab qolish va “umumiy uyimiz” boʻlgan bankimizni asrash demakdir!
Qadrli Mikrokreditbank mijozlari!
"Mikrokreditbank" ATB uchun har bir mijozning ishonchi - eng oliy qadriyatdir. Sizning farovonligingiz va biznesingiz rivoji bizning muvaffaqiyatimiz kalitidir. Bankimiz sizga sifatli, tezkor va eng muhimi - halol xizmat koʻrsatish uchun tun-u kun mehnat qilmoqda.
Shu sababli, Sizdan iltimos qilamiz: bank xodimlariga koʻrsatilgan xizmatlar uchun qonundan tashqari hech qanday qoʻshimcha mablagʻ, "minnatdorchilik" yoki sovgʻalar taklif qilmang! Sizga xizmat koʻrsatish va qoʻllab-quvvatlash bu bizning xizmat vazifamizdir.
Agar bankning biror-bir xodimi Sizdan xizmat koʻrsatish (kredit ajratish, hujjatlarni rasmiylashtirish va h.k.) evaziga tamagirlik qilsa, biror-bir moddiy manfaat talab qilsa yoki korrupsiyaga oid holatga ishora qilsa, sukut saqlamang!
Darhol Bank rahbariyatiga va korrupsiyaga qarshi aloqa kanallarimizga murojaat qiling! Sizning murojaatingiz shaxsan Boshqaruv Raisining nazoratida boʻladi va murojaatchi sifatida shaxsingiz toʻliq sir saqlanishi qonun bilan kafolatlanadi. Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashish orqali biz Sizga xizmat koʻrsatayotgan xodimlarni ham katta jinoyat va xatolardan asrab qolgan boʻlamiz.
Korrupsiya bor joyda hech qachon oʻsish, rivojlanish va baraka boʻlmaydi. Noqonuniy daromad bilan topilgan pul bankning ham, unda ishlayotgan insonning ham kelajagini barbod qiladi. Qonunni buzish - bu nafaqat bankka, balki Siz bilan bir safda kecha-yu kunduz halol mehnat qilayotgan minglab hamkasblaringizning ishonchiga xiyonat qilishdir.
Qadrli jamoadoshlar va muhtaram mijozlar!
Keling, bankimiz shaʼni va obroʻsini birgalikda pok saqlaylik. Buning uchun Bank rahbariyati halol mehnat, munosib daromad va shaffof sheriklik uchun bor kuchini ishga soladi. Bankimiz nomini eng yuksak choʻqqilarga faqat halollik, birdamlik va oʻzaro ishonch bilan olib chiqamiz!
Halollikni shior emas, hayot tarziga aylantiraylik!
M.Avazov,
“Mikrokreditbank” ATB Boshqaruv raisi













