
2025-yil davomida “Mikrokreditbank” ATB xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni faol rivojlantirib, savdoni moliyalashtirish yo‘nalishida muhim natijalarga erishdi. Bank tomonidan jalb qilingan xalqaro resurslar, avvalo, kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, shuningdek, iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlarini moliyalashtirishga yo‘naltirildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan 2025-yil uchun bevosita “Mikrokreditbank” ATBga xalqaro moliya institutlaridan 260 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ jalb etish rejasi belgilangan bo‘lib, bank mazkur rejani to‘liq va muvaffaqiyatli bajardi. Ushbu natija “Mikrokreditbank” ATBning xalqaro moliya bozorlaridagi ishonchli va barqaror hamkor sifatidagi mavqeini yana bir bor tasdiqlaydi.
Hisobot yilida “Mikrokreditbank” ATB tomonidan Yevropa, Shimoliy Amerika hamda Osiyo mintaqalarida faoliyat yurituvchi quyidagi yirik xalqaro moliya institutlaridan mablag‘lar jalb etildi:
— Germaniyaning taraqqiyot banki - KfW;— AQShning Cargill Financial Services International Inc. kompaniyasi;
— Singapurning Olam Global Agri Treasury Pte Ltd. kompaniyasi;
— Germaniyaning ODDO BHF SE banki;
— Qozog‘istonning Altyn va Halyk banklari;
— Turkiyaning Aktif banki
Mazkur hamkorliklar bankning xalqaro moliya bozorlaridagi nufuzini mustahkamlash, tashqi savdo operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash va mijozlarga zamonaviy moliyaviy yechimlarni taklif etish imkonini berdi.
Kelgusida “Mikrokreditbank” ATB xalqaro moliya institutlari, xorijiy banklar va investitsiya fondlari bilan hamkorlik geografiyasini yanada kengaytirishni, yangi savdoni moliyalashtirish liniyalarini joriy etishni rejalashtirmoqda.
MKBANKning xalqaro hamkorliklari — bu nafaqat xalqaro ishonch, balki kelajak uchun yangi imkoniyatlar.
Hamkorlik 2026-yilda ham davom etadi!
Bank Axborot xizmati


















