
Yurtimiz, xususan Buxoro dehqonchiligi, uning muhim tarmoqlaridan biri hisoblangan polizchiligi uzoq tarixga ega. “Avesto” asarida ham zaminimizda tilimi tilni yorar bunday noz-neʼmatlar serob boʻlgani aytiladi. Buxoroda yetishtirilayotgan poliz mahsulotlari nafaqat taʼmi, balki shifobaxsh xususiyatlari bilan ham alohida ajralib turadi. Sherozi, amiri, koʻkcha, boʻrikalla, barginay gulobi kabi mashhur navlar buxorolik dehqonlar tomonidan yetishtirilib, xalqimiz dasturxoniga tortiq qilinmoqda.

“Mikrokreditbank” ATB tomonidan Shofirkon tumanida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va daromad manbalarini oshirish maqsadida “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida poliz mahsulotlari yetishtirish loyihasi yoʻlga qoʻyildi.

Boboxaydar mahallasidan 10 gektar maydon ajratilib, unda 22 ta dehqon xoʻjaligi tashkil etildi. Har bir dehqonga 45 sotixdan yer ajratilib, bu yerda poliz mahsulotlari – qovun yetishtirilmoqda. Hisob-kitoblarga koʻra, bir yer egasining yillik daromadi (45 sotixdan ) 1-hosildan 70 mln.soʻm va sof foydasi 62 mln.soʻmni tashkil etadi.

Loyihaga “Doʻstlik Meva Sabzavot” MCHJ agregator sifatida jalb etilgan boʻlib, loyihaning umumiy qiymati 160 million soʻmni tashkil etgan. Buning 100 million soʻmi Mikrokreditbank orqali imtiyozli kredit sifatida ajratilgan.

Aytish mumkinki, Mikrokreditbank tomonidan “Bir kontur - bir mahsulot” tamoyili asosida viloyat boʻyicha jami 13 ta loyiha shakllantirilgan boʻlib, mazkur loyihalar orqali Buxoroda 554 nafar aholi bandligi taʼminlandi.
Bank Axborot xizmati


















