Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari qilib, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash kabi vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu maqsadda joriy yilning 10-mart kuni “Mikrokreditbank” ATB Toshkent shahar hududiy boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Toshkent shahar Bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda bank xodimlari uchun navbatdagi o‘quv seminari tashkil etildi.
Unda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar Yunusobod tuman bo‘limi Katta tezkor vakilli, Adliya kichik maslahatchisi Azizxon Ergashov, hududiy boshqarma boshlig‘i, boshliq o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari, BXM, BXO rahbarlari va barcha xodimlar ishtirok etishdi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar Yunusobod tuman bo‘limi Katta tezkor vakilli, Adliya kichik maslahatchisi Azizxon Ergashovning ta’kidlashicha, bugun korrupsiya ma’naviy nuqtai nazardan axloqsizlik va illat, huquqiy jihatdan jinoyat hisoblanadi.
Korrupsiya jinoyatlarining asosan tibbiyot, taʼlim, davlat xizmati ko‘rsatish, xususan bank va tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga litsenziya hamda ruxsat berish bilan bog‘liq sohalarda kamaymayotganligi tashvish bilan qayd etildi.
Mazkur seminarda bankning barcha xizmat koʻrsatish markazlari va mahallalarga biriktirilgan "Mahalla bankirlari" faol qatnashib, halollik, shaffoflik, jamoatchilik nazorati hamda masʼuliyat kabi tamoyillar asosida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha atroflicha maʼlumot va amaliy tavsiyalarga ega boʻlishdi.
Shuningdek, ochiq muloqat tarzida o‘tkazilgan davra suhbatida har bir shaxs, avvalo, o‘z mehnat faoliyatida halol bo‘lishi va har qanday korrupsiyaviy holatlarga nisbatan murosasiz munosabatni bildirish lozimligi qayd etildi.
Seminar davomida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birga, bu illatga birgalikda kurashish lozimligini bildirishdi.
Tadbir oxirida korrupsiyaga qarshi kurashish muntazam ravishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan dolzarb vazifalardan biriga aylanishi lozimligi ta’kidlandi. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etgan boʻlamiz.
Bank Axborot xizmati


















