
Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari qilib, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chеk qo‘yish, ularning oqibatlarini, unga imkon bеruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash kabi vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu maqsadda “Mikrokreditbank” ATB Samarqand viloyat hududiy boshqarmasida bank xodimlari uchun o‘quv seminari tashkil etildi.

Unda Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘limi katta prokurori J.Sharapov, hududiy boshqarma boshlig‘i, boshliq o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari, BXM, BXO rahbarlari va barcha xodimlar ishtirok etishdi.

Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘limi katta prokurori J.Sharapovning ta’kidlashicha, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va ushbu turdagi jinoyatlar sodir etilishining oldini olishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada zaruriy chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Bugun korrupsiya ma’naviy nuqtai nazardan axloqsizlik va illat, huquqiy jihatdan jinoyat hisoblanadi.

O‘quv seminarida har bir shaxs, avvalo, o‘z mehnat faoliyatida halol bo‘lishi va har qanday korrupsiyaviy holatlarga nisbatan murosasiz munosabatni bildirish lozimligi qayd etildi.
Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tugʻdiruvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi boʻlishi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etgan boʻlamiz.
Bank Axborot xizmati


















