
Bugun kredit hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Telefon, maishiy texnika, toʻy, hatto kundalik ehtiyojlar ham koʻpincha kredit orqali qoplanadi. Eng katta muammo shundaki, jamiyatimizda kredit olish madaniyati shakllangan, lekin kreditni toʻgʻri yopish madaniyati yetarli darajada emas.
Aslida, kredit yomon narsa emas! U toʻgʻri ishlatilsa:
Bugungi murakkab moliyaviy sharoitlarda kredit nafaqat individlar, balki oilalar va tadbirkorlar uchun ham muhim moliyaviy vositaga aylangan. “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki sifatida biz kreditni ijobiy moliyaviy vosita deb baholaymiz, ammo uning mas’uliyatli va rejalashtirilgan tarzda ishlatilishini eng yuqori ustuvorlik sifatida koʻramiz.
Bankimiz mijozlarga moliyaviy yechimlar taklif etar ekan, asosiy e’tiborni kredit olishdan koʻra, kreditni oqilona boshqarish va oʻz vaqtida yopish madaniyatini rivojlantirishga qaratadi.
Kredit — imkoniyat, lekin mas’uliyat ham
Kredit, agar toʻgʻri yoʻnaltirilsa, quyidagi yoʻnalishlarda ijobiy natija beradi:
- uy-joy sharoitini yaxshilash,
- kichik biznesni rivojlantirish,
- zarur texnika yoki asbob-uskunani xarid qilish,
- daromad keltiruvchi faoliyatni boshlash.
Biroq kreditni faqat iste’mol ehtiyojlarini qondirish yoki obroʻ uchun olish — moliyaviy risklarni oshiradi va qarz yukini koʻpaytiradi.
Asosiy xatolar va ularning oqibatlari
Bankimiz ekspertlarining tahliliga koʻra, koʻp mijozlar quyidagi moliyaviy xatolarga yoʻl qoʻyadi:
- Kredit shartlarini faqat oylik toʻlov boʻyicha baholash;
- Umumiy qaytarilishi kerak boʻlgan summani hisobga olmaslik;
- Yangi kreditni ochishdan oldin eski majburiyatlarni tugatmaslik.
- Bu holatlar mijozning moliyaviy barqarorligini zaiflashtiradi hamda foiz xarajatlarini koʻpaytiradi.
Kreditni vaqtida yopish — moliyaviy barqarorlikning asosi
Mikrokreditbank qarz boʻyicha majburiyatlarni boshqarish shunchaki toʻlovlarni vaqtida amalga oshirish emas, balki kreditni tezroq, samaraliroq va kamroq foiz bilan yopish strategiyasini tuzish deb hisoblaydi.
Moliyaviy savodli mijoz kreditni olayotganda:
- umumiy toʻlanadigan summani toʻliq tahlil qiladi;
- daromadining qay darajada kreditga yoʻnaltirilishini kuzatadi;
- muddatidan oldin yopish imkoniyatlarini oʻrganadi.
Bu yondashuv qarzdan tezroq chiqish va moliyaviy erkinlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Mikrokreditbank quyidagi asosiy moliyaviy qoidalarni tavsiya etadi:
- Kredit toʻlovlarini daromadning 40 % dan oshmasligini ta’minlash;
- Kreditni faqat rejalashtirilgan, asosli maqsadlar uchun olish;
- Imkon boʻlsa, kreditni muddatidan oldin qisman yoki toʻliq yopishni rejalashtirish;
- Bir vaqtning oʻzida bir nechta kreditni boshqarishdan ehtiyot boʻlish;
- Har bir qaror hisob-kitob asosida qabul qilinishi zarur.
“Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki mijozlarini koʻproq kredit olishga emas, balki kreditni mas’uliyatli olish va uni oqilona yopishni oʻrganishga chaqiradi. Kredit miqdori moliyaviy barqarorlik belgisi emas. Aslida, qarzlaringizni toʻgʻri boshqarish va oʻz vaqtida yopish qobiliyati haqiqiy moliyaviy erkinlik mezonidir.
Shuning uchun bankimizning ishonchi shuki:
“Kredit olishni emas, kreditni yopishni oʻrganish kerak”. Chunki moliyaviy erkinlik qarz miqdori bilan emas, uni boshqarish qobiliyati bilan oʻlchanadi.
Bank Axborot xizmati


















