
“Mikrokreditbank” ATB Jizzax viloyat hududiy boshqarmasida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati tashkil etilgan tadbirda G‘allaorol BXM xodimi Piyasheva Mubora Sunnatovnaga “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni tantanali topshirildi.

Qariyb 20 yildan buyon bankda ishlab kelayotgan Mubora Piyashevaning fidokorona mehnati ko‘krak nishoni bilan mukofotlangani yurtimizda xotin-qizlarga bo‘lgan eʼtibor va g‘amxo‘rlik namunasidir.
- Bu yangilik men uchun bayramga kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Kamtarona xizmatlarim respublika darajasida eʼtirof etilishini hech kutmagandim. Buning uchun davlatimiz va Bank rahbariyatidan minnatdorman. Albatta, bu rag‘bat men uchun ulkan masʼuliyat, ishonchni oqlash va fidoyilikdir, - deydi “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni sohibi Mubora Piyasheva.

Ma’lumot uchun: “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-apreldagi 257-son qaroriga muvofiq ta’sis etilgan bo‘lib, jamiyat hayotida faol, oila mustahkamligi va milliy qadriyatlarni targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shgan ayollarga beriladi.
MKBANK jamoasi Mubora Piyashevani ushbu mukofot bilan samimiy qutlaydi va kelgusidagi ishlariga ulkan zafarlar, oilaviy farovonlik tilaydi.

Bu yuksak eʼtirof — nafaqat uning shaxsiy yutug‘i, balki butun jamoamiz mehnatiga berilgan eʼtibor namunasidir.
Bank Axborot xizmati


















