
Parrandachilik chorvachilikning serdaromad tarmogʻi bo‘lib, bu orqali xalqimizga koʻplab sifatli parhez taom – tuxum va parranda goʻshti yetkazib berishi bilan ahamiyatlidir. Parranda goʻshti tez hazm boʻlish xususiyatiga koʻra, chorva mollari goʻshtidan ustun turadi, tarkibi har xil kimyoviy elementlarga boy.

Parrandachilik aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda ulkan ahamiyat kasb etib, qishloqlarda odamlarning ish bilan band boʻlishiga katta hissa qoʻshadi. Shu jihatdan olib qaraganda, mamlakatimizda parrandachilikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, buning uchun zarur huquqiy asoslar yaratilayotgani diqqatga sazovor.
Aytish joizki, “Mikrokreditbank” ATBning parrandachilikni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirishda mas’ul etib belgilanishi ham sohaning rivojiga xizmat qilmoqda.

Jumladan, “Mikrokreditbank” ATB tomonidan taqdim etilgan kredit hisobiga Xiva tumani Boʻston mahallasidan joylashgan “Doniyorbek Salayev” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan parrandachilik loyihasi ham ana shunday ishlardan hisoblanadi.
Quvonarlisi, “Doniyorbek Salayev” MCHJ bugun mahalliy bozorda sifatli parranda goʻshti taklifini kengaytirish bilan birga, ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etgani bilan ham ahamiyatlidir.
Mikrokreditbank tomonidan ajratilgan 1,1 mlrd. soʻmlik imtiyozli kredit hisobiga korxonada bugun broyler joʻjalarini sanoat usulida parvarishlash, avtomatlashgan oziqlantirish va nazorat tizimlaridan foydalangan holda tayyor goʻsht mahsulotlarini ichki bozorlarga yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi.

Yiliga 225 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada 7 ta doimiy ish oʻrni yaratilgan boʻlib, ularning 6 nafari xotin-qizlardir.
Taʼkidlash joizki, Mikrokreditbank tomonidan parrandachilik sohasini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida keyingi ikki yilda respublika boʻyicha jami 330 ta xoʻjaliklarga 1,2 trln. soʻm kredit ajratilgan boʻlib, ushbu kreditlarning 102,5 mlrd. soʻmi yangidan tashkil etilgan loyihalarga, 87,6 mlrd. soʻmi kam quvvatda ishlayotgan parrandachilik xoʻjaliklariga yoʻnaltirildi.
Natijada, mazkur korxonalarda ishlab chiqarish quvvatlari tiklanishiga va yangi quvvatlar yaratilishiga erishilib, ularning parranda boqish quvvatlari 49 foizdan 91 foizga yetkazildi. 2025-yil yakuniga qadar parrandachilik yoʻnalishidagi korxonalarning qiymati 1,5 trln. soʻmlik 32 ta loyihalariga 595 mlrd. soʻm kredit ajratilishi rejalashtirilgan.

Bu kabi loyihalar nafaqat aholini arzon va sifatli goʻsht mahsulotlari bilan taʼminlaydi, balki qishloq joylarda iqtisodiy faollik va bandlik darajasini oshirishga ham xizmat qiladi. Shuningdek, bank tomonidan parrandachilik yoʻnalishida loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Bank Axborot xizmati


















