Foizlar kapitalizatsiyasi nimani anglatadi?

Foizlar kapitalizatsiyasi – bu ma'lum muddatda depozit bo‘yicha hisoblangan foizlar omonatning asosiy summasiga qo‘shilishi va keyingi foizlar yangi hosil bo‘lgan summa bo‘yicha hisoblanishi. Boshqacha so‘z bilan – foizlarga ham foiz to‘lanishi.

Manba: Finlit.uz

Omonat bo'yicha foizli daromadni oldindan (avans shaklida) olish mumkinmi?

Omonat bo'yicha foiz ko'rinishidagi daromad omonatning turi va shartlariga qarab to'lanadi. Agar omonat shartnomasi shartlarida omonat bo'yicha foizlarni oldindan olish imkoniyati nazarda tutilgan bo'lsa, omonat foizlarini oldindan olish mumkin, aks holda foizlar shartnoma bo'yicha belgilangan tartibda to'lanadi.

Manba: Finlit.uz

Omonat mablag'larini muddatidan oldin yechib olsamda, foizli daromadlarni saqlab qolishim mumkinmi?

Agar Siz omonat mablag'laringizni muddatdan oldin yechib olsangiz, har doim ham omonatingiz bo'yicha hisoblab kelingan foydani saqlab qololmaysiz. Chunki barcha omonat turlari ham bunday shartlarni nazarda tutmaydi. Ushbu imkoniyatni taklif etuvchi omonatlar odatda past foizda bo'ladi. Bundan tashqari, agar shartnomada boshqa shart ko'zda tutilmagan bo'lsa, mablag'larni muddatdan oldin yechib olsangiz to'lmagan oy uchun hisoblangan foizlar kuyadi.

Manba: Finlit.uz

Rasmiylashtirilgan omonat summasiga qo'shimcha mablag' kiritish mumkinmi?

Onlayn shaklida ochilgan omonatlarga bankning mobil ilovasi yordamida istalgan vaqtda qo'shimicha mablag' kiritilishi mumkin. Agar omonat bankka borib ochilgan va shartnoma shartlariga ko'ra uni to'ldirish imkoniyati mavjud bo'lsa, u holda Siz bankka kelib qo'shimcha mablag'larni kiritishingiz mumkin bo'ladi. Ba'zi banklar faqat boshlang'ich 3-6-oylar uchun bunday imkoniyatni taqdim etishi mumkin.

Manba: Finlit.uz

Oilaviy tadbirkorlik faoliyatimni boshlash uchun imtiyozli kredit olmoqchiman, qayerga murojaat qilishim mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-martdagi PQ-5041-son qaroriga asosan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Dasturlar doirasida 2021-yil 1-apreldan boshlab:

  • aholi va tadbirkorlik subyektlarining kredit olish uchun arizalari Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari yagona elektron platformasi orqali qabul qilinadi;
  • kredit olishda talabgorlarga «Аgrobank» АTB, АT Xalq banki va «Mikrokreditbank» АTBlar orasidan birini ixtiyoriy tanlab, barcha dasturlar doirasida imtiyozli kredit olish bo‘yicha murojaat etish imkoniyati yaratildi;
  • kredit oluvchi tanlagan mahsulot yetkazib beruvchi (ish bajaruvchi) tashkilot tomonidan mahsulotlar yetkazib berilgandan (ish bajarilganidan) so‘ng, kredit mablag‘lari taʼminotchiga ajratib beriladi.

Har bir jarayon boʼyicha, elektron SMS-xabarnoma keladi.

“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kredit olish tartiblari haqida tushuncha bersangiz?

"Har bir oila – tadbirkor" dasturi doirasida imtiyozli kreditlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-iyundagi PQ-3777-sonli qaroriga asosan quyidagi shartlar asosida ajratiladi.

Jismoniy shaxslar uchun – Respublikada o‘rnatilgan BHMning (bugungi kunda BHM 270 ming so‘mni tashkil etadi) 150 barobarigacha, 6 oylik imtiyozli davr bilan, 36 oygacha bo‘lgan muddatga, yillik 14 foiz bilan ajratiladi.

Yuridik shaxslar uchun – BHMning 1000 barobarigacha, 6 oylik imtiyozli davr bilan, 36 oygacha bo‘lgan muddatga, yillik 14 foiz bilan beriladi. Shuningdek, yuridik shaxslar uchun, Hunarmandchilikni rivojlantirish uchun 2017-yil 17-noyabrdagi PF-5242-sonli qaroriga asosan imtiyozli kredit miqdori BHMning 250 barobarigacha;

  • Xotin qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash uchun 2018-yil 2-fevraldagi PF-5325-sonli qarorga asosan imtiyozli kredit miqdori BHMning 1500 barobarigacha;
  • Yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish uchun 2020-yil 13-oktyabrdagi PQ-4862-sonli qaroriga asosan imtiyozli kredit miqdori 225 mln. so‘mgacha;
  • Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari uchun 2018-yil 26-apreldagi PQ-3680-sonli qaroriga asosan imtiyozli kredit miqdori loyiha miqdori doirasida;
  • Аholi bandligini taʼminlash uchun 2018-yil 14-iyuldagi PQ-3856-sonli qaroriga asosan imtiyozli kredit miqdori BHMning 500 barobarigacha hisoblanadi.

Yuridik shaxslarga ajratiladigan kredit BHMning 150 barobaridan ortiq bo‘lganda, kredit taʼminoti sifatida mol-mulk garovi taqdim qilinadi.

Taʼlim krediti to‘g‘risida tushuncha bersangiz?

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-avgustdagi “Oliy taʼlim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun taʼlim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 527-sonli qaroriga asosan tartibga solinadi.

Kredit miqdori: talaba va OTM o‘rtasida tuzilgan to‘lov-kontrakt shartnomasi miqdorida.
Muddati: o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatga.
Kredit foizi: Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida (hozirda 14 %)

Taʼlim krediti O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yurituvchi OTMlar uchun faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun, kunduzgi taʼlim shakliga ajratiladi (super kontrakt uchun yoki maxsus sirtqi, kechki va sirtqi taʼlim shakllari uchun berilmaydi).

Taʼlim krediti olish uchun nima hujjatlar talab qilinadi?

Bankka quyidagi hujjatlar topshiriladi.

  1. ariza;
  2. talaba va OTM o‘rtasida tuzilgan shartnoma (kontrakt);
  3. Yaqin qarindoshi sherik qarzdor bo‘lishi mumkin (pasport, ish haqi maʼlumoti);
  4. kredit qaytarilishining taʼminoti bo‘yicha hujjat. Bunda “ijtimoiy himoya yagona reestriga” kirgan oilalarning farzandlariga ajratiladigan taʼlim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi;
  5. “ijtimoiy himoya yagona reestriga” kiritilganligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma (agar bo‘lsa).

Barcha hujjatlar topshirilgandan so‘ng, ariza 5 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Isteʼmol krediti shartlari qanaqa?

BHMning 150 barobarigacha, imtiyozli davrsiz, 36 oygacha bo‘lgan muddatga, yillik 28 foiz bilan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan isteʼmol tovarlari va xizmatlarini sotib olish uchun ajratiladi.

Kreditni so‘ndirish o‘z ichiga nimalarni oladi?

Kreditni so‘nidirish mobaynida qarz oluvchi quyidagi to‘lovlarni amalga oshiradi:

  • kreditning boshlang‘ich summasi bo‘yicha to‘lovlar;
  • mablag‘lardan foydalanganlik bo‘yicha foiz to‘lovlari;
  • boshqa xarajatlar.

Kredit bo‘yicha foizlar umumiy tamoyillar asosida hisoblanadi – ya'ni, ma'lum muddatga (odatda 1 yilga) kreditning asosiy summasidan ulush (%) sifatida. Kredit muddati bir kalendar yilidan ko‘p yoki kam bo‘lishi mumkin, ammo bu foizlar hisoblanish mohiyatini o‘zgartirmaydi, kredit muddatidan kelib chiqib foizlar qayta hisoblanib boriladi.

Kredit bo‘yicha boshqa to‘lovlar bank komissiyasi, garovni baholash, sug‘urtalash va rasmiylashtirish hamda oylik to‘lovlarni kechiktirib to‘lash bo‘yicha jarima va penyalar bo‘yicha xarajatlarni o‘z ichiga olishi mumkin.

Manba: Finlit.uz

Kreditni so‘ndirishning qanday usullari mavjud?

Kreditni so‘ndirish bo‘yicha oylik to‘lovlarni amalga oshirishning ikki usuli mavjud:

  1. annuitet – umumiy qarz summasining (kreditning asosiy summasi, foiz to‘lovlari va kredit bo‘yicha boshqa to‘lovlar) teng qismlarga ajratilishi va kredit muddati davomida bir tekis to‘lab borilishi;
  2. differensial to‘lov – bunda oylik to‘lovlar miqdori kamayib boradi, chunki foizlar kredit bo‘yicha asosiy summa qoldig‘iga nisbatan hisoblanadi.

Manba: Finlit.uz

Mikroqarz haqida tushuncha bersangiz?

Mikroqarz mijoz arizasiga ko‘ra BHMning 150 barobarigacha miqdorida, naqd pulda ajratilsa yillik 28 % va plastik kartaga pul o‘tkazish yo‘li bilan yillik 27 % bilan, bir yilgacha bo‘lgan muddatga ajratiladi.

Onlayn olingan kreditni naqd pul shaklda bank kassasi orqali so‘ndirishim va muddatidan oldin qaytarishim mumkinmi?

Har qanday kreditni bank kassasi orqali naqd pul shaklida so‘ndirishingiz mumkin. Onlayn kreditlarni muddatidan oldin so‘ndirish imkoniyati kredit ofertasida, ya'ni shartnomasida ko‘rsatiladi. Ushbu shartlar bilan kreditni rasmiylashtirishdan oldin va rasmiylashtirayotganda tanishib chiqishni hamda kredit ofertasini mobil qurilmangiz xotirasiga saqlab qo‘yishingizni tavsiya qilamiz.

Manba: Finlit.uz

Ipoteka krediti olmoqchiman. Oyligimdan tashqari ota-onamning pensiyasi daromadga qo‘shiladimi?

Yangi tartib doirasida Moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan ajratiladigan ipoteka kreditini olishda birgalikda qarz oluvchi sifatida, ipoteka kreditini oluvchi fuqaro bilan birga yashamaydigan va yaqin qarindoshi bo‘lmagan boshqa shaxslarni ham daromadini inobatga olish mumkin. Bunda qarz oluvchi va birgalikda qarz oluvchining pensiya to‘lovlari miqdori bilan birgalikda, foizlar, dividendlar, mol-mulkni ijaraga berishdan olingan doimiy tarzdagi daromadlar; davlat soliq xizmati organi tomonidan deklaratsiya bilan tasdiqlangan jismoniy shaxslarning daromadlari hisobga olinadi.

Manba: Finlit.uz

Kartam blokka tushib qoldi nima qilishim lozim bo‘ladi?

Kartangiz ochilgan filialga shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatingiz bilan boriladi hamda 5 daqiqa ichida kartangizni blokdan yechib beriladi.

Shuningdek, Uzcard plastik kartangizni parolini 3 marotaba noto‘g‘ri kiritgan bo‘lsangiz, bankning mobil ilovasi orqali noto‘g‘ri terilgan parolni mobil ilova orqali bo‘shatish imkoniyati mavjud. Buning uchun bankning mobil ilovasini yuklab olishingiz lozim bo‘ladi.

Bank kartasi hisobvarag‘idan ko‘chirmada men amalga oshirmagan to‘lovlar kuzatilsa, nima qilish lozim?

Bu kabi holatlarda bank kartasini blokirovka qilish kerak. Buning uchun bank-emitent yoki to‘lov tizimi operatori call-markaziga qo‘ng‘iroq qilish lozim. Shuningdek, bank yoki to‘lov tashkilotining mobil ilovasi yoki to‘lov tizimi operatori rasmiy sayti orqali bank kartasini blokirovka qilish imkoniyati mavjud.

Manba: Finlit.uz

Chet el valyutasi bank kartalaridagi CVV-kod nima?

CVV-kod bank kartasining orqa tomonida ko‘rsatilgan uch xonali raqam (kod)dir. Qoidaga ko‘ra, kartaning orqa tomonida ko‘rsatilgan 7 ta raqamning ohirgi 3 ta raqamidir. Shuni ta'kidlash kerakki, xavfsizlikni ta'minlash maqsadida CVV-kodni uchinchi shaxslarga ma'lum qilmaslik tavsiya etiladi, chunki bu ma'lumotlar sizning kartangizni internet orqali boshqarish imkonini beradi.

Manba: Finlit.uz

Nega banklar pul mablag‘larini bankomatlar orqali naqdlashtirishda komissiya to‘lovlari (foizlar)ni undirishadi?

Qonunga ko‘ra, banklar komissiya to‘lovlarini belgilashda mustaqildirlar. Shuni ta'kidlash kerakki, pul mablag‘larini naqdlashtirishdan tushgan tushumlarning ma'lum qismi bankomatlarni sotib olish va saqlash, shuningdek, joy ijarasi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatuvchi bankda bank kartasidagi pul mablag‘larini komissiya to‘lovlarisiz naqdlashtirish imkoniyati mavjud.

Manba: Finlit.uz

Sotuvchi bank kartasidan pul mablag‘larini ikki marta yechgan taqdirda, amaliyotni bekor qilsa bo‘ladimi?

Ayrim milliy to‘lov tizimlarida to‘lovni savdo terminali orqali bekor qilish imkoniyati mavjud.Shuni ta'kidlash joizki, pul mablag‘larini qaytarish amaliyoti merchant va ekvayer o‘rtasida tuzilgan shartnomada ko‘zda tutilgan taqdirda amalga oshiriladi.

Manba: Finlit.uz

Internet do‘konlarda mahsulotlarni sotib olish uchun qanday qilib onlayn to‘lovlarni amalga oshirish mumkin?

Xalqaro to‘lov kartalaridan (VISA, MasterCard va boshqalar) foydalangan holda internet-do‘konlardan tovarlarni sotib olish mumkin. Ushbu kartalar mahalliy banklar tomonidan chiqariladi.

Manba: Finlit.uz

Qanday qilib naqd chet el valyutasini sotib olishim mumkin (AQSh dollari)?

Siz naqd chet el valyutasini (AQSh dollari) ikki usulda sotib olishingiz mumkin. Birinchi usul tijorat banklari va ularning filiallaridagi ayirboshlash shoxobchalarida. Ikkinchi usul esa bankomat orqali (agar bank ushbu imkoniyatni taqdim etsa). Agar 100 AQSh dollaridan ortiq miqdorda sotib olmoqchi bo‘lsangiz, u holda Siz shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatni (pasport/ identifikatsiya ID-kartasi/ yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi/ harbiy bilet) taqdim qilishingiz lozim. Odatda sotib olish kursi sotish kursidan balandroq bo‘ladi.

Manba: Finlit.uz

Qanday qilib valyuta konvertatsiya operatsiyasini bekor qilishim mumkin?

Bajarilgan valyuta ayirboshlash operatsiyasini bekor qilish mumkin emas. Internet bank orqali ushbu valyutani qayta ayirboshlashingiz mumkin, lekin sotish va sotib olish kurslari o‘rtasidagi farqni hisobga olish zarur, chunki kurs farqi hisobiga zarar ko‘rishingiz mumkin.

Manba: Finlit.uz

Valyuta kartasidagi chet el valyutasi (AQSh dollari)ni bankomatlar orqali naqdlashtira olamanmi?

Valyuta kartangizdagi chet el valyutasini tijorat banklari va ularning filiallarida naqdlashtirishingiz mumkin. Shu bilan birga, mablag‘laringizni bankomatlar orqali ham milliy valyuta, ya'ni so‘mga naqdlashtirishingiz mumkin. 2019 yil 1 oktyabrgacha amaliyotda bankomat orqali valyutani (AQSh dollari)ni naqdlashtirish imkoniyati mavjud edi, biroq shubhali operatsiyalarni amalga oshirish riskining mavjudligi sababli ushbu xizmatlar to‘xtatildi. Bundan tashqari, xalqaro tajribaga muvofiq ko‘pchilik davlatlarda bankomatlardan faqat milliy valyutada pul berilish tartibi o‘rnatilgan.

Manba: Finlit.uz

Bir hududdan ikkinchi hududga naqd pulda jo‘natma yuborsam bo‘ladimi?

O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab, fuqaro o‘zi turgan hududdagi bankimiz bo‘limiga yuboriladigan naqd pul topshiriladi. Ikkinchi hududdagi bank bo‘limidan (pul mablag‘ini olmoqchi bo‘lgan hudud) naqd pul olinadi. Bunda 0,5 foiz miqdorida xizmat haqi belgilanadi.

Mikrokreditbankda qanday xalqaro pul o‘tkazmalari mavjud?

Bankda “Western Union”, “Contact”, “Unistream”, “Zolotaya Korona”, “Moneygram”, “Ria” xalqaro pul o‘tkazmalari tizimi va Bank o‘tkazmasi (SVIFT) mavjud.

MAVRID orqali qanday xizmatlarni amalga oshirish mumkin?

Uyali aloqa operatorlariga to‘lovni amalga oshirish, internet provayder, raqamli televideniega to‘lovni amalga oshirish, kommunal to‘lovlarni amalga oshirish, bankimiz tomonidan ajratilgan kreditlarni so‘ndirish, hisobraqam holatini ko‘rish va tekshirish, omonat qoldiqlari va unga yozilayotgan foizlarni ko‘rish, byudjetga to‘lovlar, kartadan kartaga pul o‘tkazish, onlayn ravishda kredit ajratish, plastik kartangiz kirim-chiqimini monitoring qilib borish, konvertsiya operatsiyalari, Uzcard va Humo kartalarini blokka qo‘yish va blokdan chiqarish (blok bank tomonidan hujjat takdim etilganda ochib beriladi), HumoPay xizmati orqali (Android smartfonlarda) Humo kartalaridan kontaktsiz to‘lovlarni bajarish, oilaviy kartalarga limit qo‘yish, valyuta kurslarini bilib turish, xalqaro pul o‘tkazmasi orqali kelgan pul mablag‘larini plastik kartalariga bankka tashrif buyurmasdan qabul qilish imkoniyatlari yaratilgan.