“Mikrokreditbank” ATB Boshqaruv raisi O.Butayevning 2026-yil uchun Korrupsiyaga qarshi kurash yuzasidan murojaati
Hurmatli hamkasblar!
Bugungi global moliyaviy muhitda har qanday bank faoliyatining samaradorligi faqat moliyaviy koʻrsatkichlar bilangina emas, balki shaffoflik, halollik va kuchli masʼuliyat kabi tamoyillar asosida baholanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida ushbu masalani yanada keskin qoʻyib, 2026-yilni korrupsiyaga qarshi kurashda hal qiluvchi bosqich sifatida belgilab berdi.
Shu nuqtai nazardan, yangi kirib kelgan 2026-yilda ham korrupsiyaga qarshi kurash - faoliyatimizning eng ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlib qoladi.
Korrupsiya - nafaqat bankning ichki tizimidagi muvozanatni buzadi, balki mijozlarning bankka boʻlgan ishonchini yoʻqotadi, adolatsizlik tuygʻusini oshiradi, investitsiya muhitini zaiflashtirib, moliyaviy barqarorlikka tahdid soladi.
Biz oʻz faoliyatimizni faqat “bu illatni jilovlash" uchun emas, balki unga qarshi barqaror immunitet shakllantirish tamoyili asosida korrupsiyaning oldini olish choralarini koʻrishimiz zarur.
Korrupsiyaga qarshi kurashdagi muvaffaqiyat tizimli yondashuvga bogʻliq. Shu bois, oʻtgan davrda bankimizda bir qator oʻzgarishlar amalga oshirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha tarkibiy boʻlinma bankning ijro organlaridan mustaqil ravishda faoliyat yuritishi va toʻgʻridan-toʻgʻri bank Kengashiga hisobot berishi taʼminlandi.
Bu bilan obyektiv nazorat, qonunbuzarlik holatlarini yashirish ehtimolining oldini olish va xolis tekshiruv tizimi yaratildi.
Ichki hujjatlar va tegishli siyosatlar qayta koʻrib chiqilib, bankdagi barcha jarayonlarda “bir shaxs – bir qaror” tizimiga barham berildi.
Qaror qabul qilish, moliyaviy jarayonlarni boshqarish bilan bogʻliq jarayonlar esa bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurash jarayonini samarali tashkil etish xodimlarning bilim va qadriyatlariga bogʻliq ekanligidan kelib chiqib, yangi ishga qabul qilingan xodimlar uchun korrupsiya xavflariga oid majburiy treninglar tashkil etildi. Bunda korrupsiya haqida faqat huquqiy emas, balki psixologik va axloqiy nuqtai nazardan tushunchalar berildi.
Bankda korrupsiya holati haqida xabar berish boʻyicha aloqa kanallari tashkil etilib, bank xodimlari va mijozlar uchun anonim ravishda murojaat qilish imkoniyati yaratildi.
Har bir murojaat alohida nazoratga olingan holda atroflicha tahlil qilinib, xolisona hal etildi.
Biz 2026-yilda ham har qanday korrupsion holat, yaʼni xizmat vazifasidan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanish, manfaatlar toʻqnashuvi, mijozlarga nisbatan adolatsiz yondashuv hamda shaxsiy manfaatni koʻzlab ichki maʼlumotlardan foydalanish holatlariga qatʼiy choralar koʻramiz.
Hech kimning egallagan lavozimi javobgarlikdan ozod qilmaydi!
Qadrli hamkasblar!
Prezidentimizning Oliy Majlisga qilgan Murojaatida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha aytgan soʻzlari bank-moliya tizimi oldiga ham katta masʼuliyat yuklaydi.
Shu munosabat bilan barcha moliyaviy operatsiyalarda shaffoflikni taʼminlash, inson omilini kamaytirish uchun raqamlashtirish ishlarini keng joriy etish, har bir xodimda qonuniylik va shaxsiy javobgarlik madaniyatini shakllantirish 2026-yildagi ustuvor vazifalarimiz boʻlib hisoblanadi.
Biz birgalikda qonun doirasida, halollik va shaffoflik asosda mehnat qilsakkina mijozlar ishonchini qozona olamiz, bankda adolat va fidokorlikni taʼminlaymiz, bank salohiyatini soʻzda emas, amalda namoyon etishga erishamiz.
Bu yoʻlda har biringizni halol mehnatingiz, faol fuqarolik pozitsiyangiz hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shu bois, Sizlarni faqat qonuniy, halol, fidokorona faoliyat olib borishga chaqirib qolaman.
Hurmatli mijozlar!
Korrupsiyaga qarshi kurashish - bu faqat bankning ichki ishi emas, balki har bir fuqaroning jamiyat oldidagi masʼuliyatidir. Bu yoʻlda biz oʻz soʻzimizda mustahkam turib, har qanday qonunbuzarlik holatiga qatʼiy chora koʻramiz.
Korrupsiyaga qarshi kurash - bu bir kunlik kampaniya emas, balki doimiy va tizimli jarayondir. Sizlarni ham bu yo‘lda faol ishtirokchi boʻlishga chaqirib qolaman.
Agar Siz bankda korrupsiya holatiga duch kelsangiz – sukut saqlamang! Biz bilan birga halol va shaffof muhitni barpo eting!
Orif Butayev,
“Mikrokreditbank” ATB Boshqaruv raisi















