
Bugun yurtimizda aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, yangi ish oʻrinlari yaratish, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlarda Mikrokreditbank aksiyadorlik-tijorat bankining ham oʻrni beqiyos desak, adashmaymiz.
Bunda esa mahalla bankiri va ularga yordamchi mahalla agentlarining mehnatlarini eʼtirof etmay ilojimiz yoʻq.

Ana shu maqsadda “Mikrokreditbank” ATB tomonidan 10-11-iyul kunlari Xorazm viloyatidagi Arda Xiva majmuasida “Bankir va mahalla: bir maqsad, bir yoʻl” nomli timbilding tashkil etildi.
Mazkur timbilding Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatdagi mahalla bankirlari hamda agentlari uchun nafaqat oʻquv seminari, balki bir-birlari bilan muloqot oʻrnatish, tajriba almashish va ish faoliyatida yangiliklar, yangi-yangi loyihalarni taklif etishida koʻmaklashishni maqsad qildi.
150 nafarga yaqin mahalla bankiri va mahalla agentlarini bir joyga jamlagan tadbirda Mikrokreditbank Boshqaruv raisi oʻrinbosari Shaxlo Ibragimova, bosh ofisning masʼul rahbarlari ishtirok etishdi.

Ikki kunlik dastur doirasida ochiq muloqotlar, foydali muhokamalar, strategik taqdimotlar, ijodiy oʻyinlar va amaliy mashg‘ulotlar oʻtkazildi.
Dastlabki kun ishtirokchilar uchun “@mkb_mahallabankiri_bot” yangiliklari, aholi bilan muloqotda uchrayotgan muammolar va takliflar muhokamasi, “GAPIM BOR” — anonim savol va takliflar qutisi, “Mission Mahalla” keys-oʻyini va “1 gʻoya — 1 natija” formatidagi pitch sessiyalar tashkil etildi.

Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar oʻrtasida “Aholidan eng koʻp tushadigan 3 ta savol” mavzusida interaktiv soʻrovnoma tashkil etildi. Ishtirokchilar oʻz tajribalariga asoslanib, aholi tomonidan kundalik muloqotlarda eng koʻp beriladigan savollarni stikerlar yordamida A3 formatdagi bannerda belgilab borishdi. Bu jarayon orqali mijozlarning real ehtiyojlari va ularni qiziqtiruvchi masalalar umumlashtirildi hamda keyingi targʻibot materiallari uchun amaliy maʼlumotlar yigʻildi.

Tadbir davomida ijtimoiy tarmoqlarda faollikni oshirish maqsadida #BirMaqsadBirYoʻl xeshtegi bilan Instagram Challenge tashkil etildi.
Tadbirning birinchi kuni yana shunisi bilan esda qoldiki, bunda birinchi yarim yillikda yaxshi koʻrsatkichlarga erishgan 3ta hududdagi 3 nafar eng faol mahalla bankiri va eng faol mahalla agentlari taqdirlandi. Shuningdek, timbilding davomida faol ishtirok etgan qatnashchilarga ham esdalik sovgʻalari taqdim etildi.
Timbildingning ikkinchi kunida mahalla bankirlari va mahalla agentlari Bogʻot tumanidagi eng chekka mahallalardan biri Toʻpchi mahallasiga tashrif buyurishdi. Ishtirokchilar bu yerda mahalla bankiri Odamboy Yoʻldoshev va mahalla agenti Akbar Hakimovlarning amalga oshirgan ishlari bilan yaqindan tanishish, tajriba oʻrganish va fikr almashish imkoniga ega boʻlishdi.
Taʼkidlash kerakki, Bogʻot tumani Toʻpchi mahallasida 2025-yil 1-yarim yillikda jami 10 ta xonadonga 344 mln.soʻmlik loyiha paketlari yetkazib berilgan va 22 nafar fuqaro band qilindi. Bundan tashqari, mahallada umumiy qiymati 1 156,0 mln.soʻm boʻlgan 25 ta mikroloyihalarga 563,0 mln.soʻm kredit mablagʻi ajratilishi natijasida 50 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi.

Misol uchun, Toʻpchi mahallasi Qahramonlar koʻchasi 19-uyda yashovchi Quranbayev Elyorbek xonadoniga jami 60 mln.soʻm kredit mablagʻi ajratilishi natijasida 3 bosh chorva mollari, 0,5 sotix issiqxona va 70 ta parranda (joʻja) yetkazib berildi hamda 3 ta loyiha paketi yaratildi. Buning natijasida xonadon aʼzolarining 2 nafari ish bilan taʼminlandi. Ayni damda oylik daromadi 12 mln.soʻmdan 20 mln.soʻmga yetayotgani esa Qoraqalpogʻistonlik va buxorolik mahalla bankirlari hamda mahalla agentlarida katta qiziqish uygʻotdi.

Shu kuni yana ishtirokchilar ushbu mahallaning Yangi Oʻzbekiston koʻchasida tashkil etilgan 13 ta yengil tipdagi konteynerlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur konteynerlar aholiga shuningdek, qoʻshni mahalladagilarga ham barcha turdagi xizmatlarni taqdim etishi esa eʼtirofga loyiqligi taʼkidlandi.
Mazkur mahalladagi 13 ta yengil tipdagi konteynerlar va mini futbol maydonchasi tashkil qilinishi uchun jami 517 mln.soʻm kredit mablagʻlari ajratib berilishi natijasida 25 nafar ishsiz ayollar ish bilan band qilindi.

Shuningdek, “Nodira tekstil 95” MCHJga tikuvchilik faoliyati bilan shugʻullanish uchun 100,0 mln.soʻm kredit ajratib berildi. Tadbirkor tikuvchilik faoliyatini yoʻlga qoʻyishi natijasida 10 nafar ishsiz ayolni ish bilan taʼminladi va oyiga 15 mln.soʻmdan daromad olib kelmoqda.
Mahallaga uyushtirilgan tajriba almashish jarayonlaridan soʻng mahalla bankirlari va mahalla agentlari uchun Xiva shahri va Ichan qalʼa majmuasiga sayohat tashkil etildi. Sayohat davomida Xorazm tarixiga oid qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻlishdi va tajriba almashish hamda oʻrgangan yangiliklarini oʻz hududlarida amaliyotga tadbiq etish boʻyicha kelishib olishdi.

Tadbirning asosiy maqsadi — mahalla bankirlari va agentlari oʻrtasida jamoaviy ruhni kuchaytirish, ichki muloqotni yaxshilash, foydali tashabbuslarni joriy etish va xizmat madaniyatini yanada yuksaltirishdan iborat boʻldi.
Samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan timbilding barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirgani tadbir soʻngida ularning koʻzlaridagi quvonch va iliq mehrda aks etib turardi.
Maʼlumot oʻrnida, Bugun bankning 95 ta hududiy boʻlinmalariga biriktirilgan 1 121 ta mahallada faoliyat olib borish uchun 332 nafar “Mahalla bankiri” shtati ochilib, malakali mutaxassislar bilan butlandi.

Shuningdek, mahalla bankiriga koʻmalashish uchun, har bir mahallaga bittadan, jami 1 121 nafar yordamchi agentlar shartnoma asosida yollandi. Shundan 666 nafarini ayollar, 455 nafarini erkaklar tashkil etadi.
Mahalla agentlari joriy yilning yanvar-iyun oyida 12 mingta plastik karta, 50 nafar aholidan 5,8 mlrd soʻm omonat, 1 344 nafar aholiga 160,6 mlrd soʻm kreditlar ajratilishiga koʻmaklashdi.
Bank Axborot xizmati


















