
Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilgan. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan tomorqa yerlari va dehqon xoʻjaliklari yer maydonlaridan samarali foydalanish, sohaga zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, yuqori daromadli va eksportbop mahsulotlar yetishtirishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tashabbus va qarorlari sohaning rivojiga xizmat qilmoqda. Bu esa hududlarda aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularni yuqori daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bugun “Mikrokreditbank” ATB ham davlat rahbarining tashabbuslari ijrosini ta’minlashni o‘z maqsadi, deb bilgan holda qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Buning isboti sifatida “Mikrokreditbank” ATB hamda “Quva – Agro star” MCHJ tomonidan Fargʻona davlat texnika universitetida Fargʻona vodiysidagi yetakchi eksportyorlar, tadbirkorlar, marketing yoʻnalishida faoliyat koʻrsatish niyatidagi yoshlar ishtirokida tashkil etilgan o‘quv seminarini misol qilib keltirish mumkin.
Mazkur o‘quv seminarida Mikrokreditbank mutasaddilari, “Quva – Agro star” MCHJ rahbariyati, Fargʻona viloyati hokimligi vakillari hamda 40dan ortiq tinglovchilar qatnashdi.
“Marketing va eksport” mavzusidagi 4 kunlik seminarni Rossiya davlatidan taklif etilgan mutaxassis Natalya Bulgakova olib bordi va eksportchi tadbirkorlar hamda marketing yoʻnalishiga qiziqish bildirgan yoshlarga jahon tajribasi asosidagi zarur bilimlarni taqdim etdi.
Shuningdek, oʻquv jarayonida tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari masʻullariga mintaqada yangi eksport geografiyasini tashkil qilish, mahsulotlarni yetishtirishdan tashqari saqlash, qayta ishlash, ularni qadoqlash va tashish bilan bogʻliq innovatsiyalar, yangi texnologiyalarga alohida eʻtibor qaratish zarurligi taʻkidlandi hamda bu boradagi jahon tajribasi misollar bilan tushuntirib berildi.
Oʻquv kursi yakunida seminar qatnashchilari maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Xulosa shuki, seminar tomorqa va dehqon xoʻjaliklari egalari, tadbirkorlar va hamkorlar uchun zamonaviy bilimlar, amaliy koʻnikmalar va xalqaro tendensiyalar bilan tanishish imkoniyatini yaratdi, desak adashmagan boʻlamiz.
Bank Axborot xizmati