
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3620-son qaroriga muvofiq, Mikrokreditbankda zamonaviy xizmatlar joriy qilinmoqda.
Mijozlarga bank xizmatlarini koʻrsatishda hujjatlar aylanmasini tezlashtirish, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish, kredit taʼminoti sifatida garovga olinishini lozim boʻlgan mol-mulklarning notarial hujjatlarini bank binosida rasmiylashtirishni tashkil qilish maqsadida E-notarius (Elektron notarius) platformasidan foydalanishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishuvga erishildi.
Dastlab sinov tariqasida bankning Toshkent shahar boshqarmasida E-notarius tizimi yordamida avtomototransport vositalari bilan bog‘liq garov shartnomalarini rasmiylashtirish uchun mijozning identifikatsiyadan oʻtishi, masofadan turib, notarial idora xodimi mijozni kuzatuv kamerasi orqali yuzi va ovozini yozib olishi, qoʻl barmogʻi izini olishi kabi ishlarni bank binosining o‘zida amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Yaqin kunlarda mamlakatimizdagi tijorat banklari orasida birinchi bo‘lib, “Mikrokreditbank” ATB tizimida chet el tajribasi asosida E-notarius platformasidan foydalanish to‘liq joriy qilinadi. Albatta, bu mijozlarga tezkor va sifatli bank xizmatlarini ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Shuningdek, bankda xizmatlar turini kengaytirish bo‘yicha yana yangiliklar qilish ishlari davom etmoqda.
Bank Axborot xizmati