
Banklar, moliya tashkilotlari, mijoz, debitor. Bu zanjir o‘zida muhim amaliyot – faktoringni birlashtiradi. Bugun undan foydalanuvchi tadbirkorlar soni ortib bormoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning 2024-yil 12-avgustdagi “Faktoring xizmatlari bozorini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining qabul qilinishi ushbu tizimni rivojlantirish istiqbollarini belgilab berdi.
Farmon bilan yurtimizda faktoring xizmatlarini rivojlantirish uchun tijorat banklariga ham bir qator vazifalar yuklatildi. Jahon tajribasidan kelib chiqib, ushbu moliyaviy xizmatni rivojlantirishning tadbirkorlar uchun qulaylik tomonlari ko‘p.
Mikrokreditbank tizimida ham yangidan Faktoring xizmatlarini ko‘rsatish bo‘limi tashkil etilib, tajribali mutaxassislar bilan to‘ldirildi. Bankda faktoring xizmatlarini kengaytirish maqsadida “OZPLANET” va “Didox faktoring” elektron platformasidan foydalanish boʻyicha shartnomalar imzolandi.
Qisqa vaqt ichida ushbu platformalar yordamida 10 nafar mijozga bank tomonidan 32,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar to‘lab berildi. Kelgusida faktoring xizmatlaridan foydalanuvchi tadbirkorlar sonini oshirish borasidagi ishlar davom etadi.
Shu o‘rinda faktoring xizmatidan foydalanganda, toʻlov muddatlari qanday belgilanishi haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tsak.
Faktoring xizmatidan foydalanganda toʻlov muddatlari mijoz va faktoring kompaniyasi oʻrtasidagi shartnoma va mijozlarning qarzdorlik muddatlariga qarab belgilanadi. Bu muddat mobaynida bank hisob-faktura boʻyicha pulni qaytarilishini kutadi.
Sodda qilib aytganda, muddat — bu mijozning qancha vaqt ichida toʻlovni amalga oshirishini kutish muddati.
Demak, agar faktoring shartnomasiga koʻra mijoz 90 kun ichida toʻlovni amalga oshirishi kerak boʻlsa, muddat 90 kun hisoblanadi. Bu muddat ichida bank yoki kredit tdashkiloti mijozdan toʻlovni qabul qiladi va toʻliq hisob-kitob amalga oshiriladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, bank tomonidan korporativ, kichik va oʻrta biznes vakillari, ishlab chiqaruvchilar, savdo kompaniyalariga 180 kun muddatgacha (oldi sotdi yoki xizmat ko‘rsatish shartnomalari to‘lov muddatidan kelib chiqib), 8 foizgacha diskont shartlari asosida faktoring xizmatlari taklif etib kelinmoqda.
Bank Axborot xizmati

















