
Bugun “Mikrokreditbank” ATB Bosh ofisida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahar IIBBning Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi bilan hamkorlikda bank xodimlari uchun kiberxavfsizlik mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Mazkur seminar davomida internet makonida kiberjinoyatlardan himoyalanish, fuqarolarni aldov va firibgarliklardan asrash, shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish, “kibergigiyena” qoidalariga amal qilish kabi masalalar bank xodimlariga batafsil tushuntirildi.
Bilamizki, bugungi zamonaviy dunyoda kiber tahdidlar soni tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Jahon ommaviy axborot vositalari esa har kuni yangi voqealar haqida xabar bermoqda. Bularga misol tariqasida, virusli dasturlarni tarqatish, parollarni buzib kirish, kredit karta va boshqa bank rekvizitlaridagi mablag‘larni o‘zlashtirish talon-toroj qilish, shuningdek, internet orqali qonunga zid axborotlarni tarqatish kabilarni keltirish mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, ayrim hollarda tijorat banklari nomidan soxta qo‘ng‘iroqlar va yolg‘on xabarlar orqali fuqarolarning ishonchiga kirish, onlayn kreditlarni rasmiylashtirish kabi firibgarliklar uchramoqda. Shu sababli xodimlarning hushyorligini oshirish va mijozlar xavfsizligini ta’minlash muhim hisoblanadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar kiberhujumlarning oldini olish bo‘yicha amaliy maslahatlar hamda mavzuga oid savollariga javob olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Bank Axborot xizmati