
“Mikrokreditbank” ATB Kasaba uyushmasi qo‘mitasi faoliyati FIDO biznes bilan hamkorlikda bankning ichki IABS dasturiga integratsiya qilindi.
Mazkur yechim orqali Kasaba uyushmasi qo‘mitasi faoliyatidagi asosiy jarayonlar to‘liq avtomatlashtirildi. Jumladan, yil boshidan tushum va chiqimlar, xodimlar hamda ularning oila a’zolari uchun yo‘llanmalarni rasmiylashtirish, xodimlar uchun xarid qilinadigan turli tovar va xizmatlar hisobini yuritish endilikda elektron shaklda amalga oshirilmoqda.
Raqamlashtirish natijasida ish jarayonlari sezilarli darajada optimallashtirilib, mablag‘lar va amalga oshirilayotgan operatsiyalar ustidan nazorat kuchaytirildi. Bu esa Kasaba uyushmasi faoliyatining shaffofligi va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Tizimning yana bir muhim jihati — davriy hisobotlarni tayyorlash jarayoni ham avtomatlashtirilgan. Endilikda zarur hisobotlarni bir necha soniya ichida shakllantirish mumkin.
Eng muhimi, avvallari bir necha kun vaqt talab qilgan ko‘plab jarayonlar bugungi kunda bir necha daqiqa ichida bajarilmoqda.
Bu esa Kasaba uyushmasi qo‘mitasi faoliyatini zamonaviy raqamli boshqaruv tamoyillari asosida tashkil etish, vaqt va mehnat resurslaridan samarali foydalanish imkonini bermoqda.
Axborot xizmati
















