O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-sonli Farmonining 2-ilovasi sifatida tasdiqlangan 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2.148, 2.253, 2.254 va 2.310-bandlarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan 

MА’LUMOT

Farmonning 2-ilovasi 148-bandiga asosan chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini 1,5-2 baravarga oshirish yuzasidan vazifalar belgilangan.

Xususan, parrandachilik sohasini rivojlantirish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va bankning o‘z mablag‘lari hisobidan 213 ta parrandachilik xo‘jaliklari va ozuqa-yem mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga 523,4 mlrd. so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi.

Natijada, yiliga 1,4 mlrd. dona tuxum, 46,9 ming tonna parranda go‘shti va 179,0 ming tonna parrandalar uchun ozuqa ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi.

2.253-bandida xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan bir qator topshiriqlar belgilab berilgan.

Bank tomonidan xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, 2022-yil boshidan bugungi kunga qadar 26 790 nafar xotin-qizlarning tadbirkorlikning turli yo‘nalishdagi loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha bank tomonidan zaruriy choralar ko‘rilgan holda ijtimoiy dasturlar doirasida 556,4 mlrd. so‘m imtiyozli kreditlar ajratish hisobiga 27 224 nafar ayollar bandligi taʼminlandi. Mazkur ajratilgan imtiyozli kreditlar hisobiga hududlarda ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, tikuvchilik, parrandachilik, issiqxona, non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish, asalarichilik, quyonchilik, hunarmandchilik, o‘zini o‘zi band qilish hamda boshqa sohalarni yanada rivojlantirishga puxta zamin yaratildi.

Ijtimoiy dasturlar doirasida aholi bandligini taʼminlash, jumladan, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishda bank tomonidan zaruriy choralar ko‘rib boriladi.

2.254-bandida “Аyollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini hal etish tizimini yanada takomillashtirish belgilangan.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlarni, ustuvor ravishda “Аyollar daftari”ga kiritilgan ishsiz xotin-qizlar bandligini taʼminlashga yo‘naltirish, ushbu daftarga kiritilgan xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan oldin ularga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish va biznes loyihalarini tayyorlashga ko‘maklashish, ularga imtiyozli kreditlar ajratish, xotin-qizlarni ishga jalb qilgan holda kooperatsiya usulida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan bank tomonidan nazorat o‘rnatilgan.

“Mikrokreditbank” АTB tomonidan xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish yoʼnalishida, shuningdek, 2022-yilda “Аyollar daftari” bo‘yicha o‘tkaziladigan xatlov natijalariga ko‘ra navbatdagi bosqichda daftarga kiritilgan, tadbirkorlik istagida bo‘lgan xotin-qizlarga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilishida zaruriy choralar ko‘rib borilmoqda.

2.310-bandida hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Аholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilikni rivojlantirish boʼyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, jumladan, hunarmandchilik faoliyati subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ishlarini yanada takomillashtirish va ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish orqali yangi ish o‘rinlarini tashkil etishda bank tomonidan muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida joriy yil boshidan bugungi kunga qadar hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirish uchun 542 ta holatda 22,6 mlrd.so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablagʼlari ajratilib, shundan 17,6 mlrd.so‘mi “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo bo‘lgan 326 nafar hunarmand tadbirkorlarga ajratilgan kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi tizimli ravishda davom ettiriladi.

A.Xamidov
Bank raisining birinchi o‘rinbosari