Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022 - 2026 yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʼgʼrisida”gi PF-60-sonli Farmonining 2-ilovasi sifatida tasdiqlangan 2022 — 2026 yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʼlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2.253, 2.254 va 2.310-bandlarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan
 MА'LUMOT

 I. 2.253-bandida xotin-qizlarni tizimli qoʼllab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan bir qator topshiriqlar belgilab berilgan. Bank tomonidan xotin-qizlarni tizimli qoʼllab-quvvatlash, jumladan, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, 2022 yilning oʼtgan 11 oyi davomida 40 600 ta xotin-qizlarning tadbirkorlikning turli yoʼnalishdagi loyihalarini moliyalashtirish boʼyicha bank tomonidan zaruriy choralar koʼrilgan holda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 805,8 mlrd soʼm imtiyozli kreditlar ajratish hisobiga 41 207 nafar ayollar bandligi taʼminlandi. Mazkur ajratilgan imtiyozli kreditlar hisobiga hududlarda ishlab chiqarish, xizmat koʼrsatish, tikuvchilik, parrandachilik, issiqxona, non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish, asalarichilik, quyonchilik, hunarmandchilik, oʼzini oʼzi band qilish hamda boshqa sohalarni yanada rivojlantirishga puxta zamin yaratildi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholi bandligini taʼminlash, jumladan, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish boʼyicha loyihalarni moliyalashtirishda bank tomonidan zaruriy choralar koʼrib boriladi. 

 II. 2.254-bandida “Аyollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini hal etish tizimini yanada takomillashtirish belgilangan. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlarni, ustuvor ravishda “Аyollar daftari”ga kiritilgan ishsiz xotin-qizlar bandligini taʼminlashga yoʼnaltirish, ushbu daftarga kiritilgan xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini yoʼlga qoʼyishdan oldin ularga tadbirkorlik koʼnikmalarini oʼrgatish va biznes loyihalarini tayyorlashga koʼmaklashish, ularga imtiyozli kreditlar ajratish, xotin-qizlarni ishga jalb qilgan holda kooperatsiya usulida tadbirkorlikni yoʼlga qoʼyish yuzasidan bank tomonidan nazorat oʼrnatilgan. Jumladan, “Аyollar daftari”ning 3-bosqichida daftarga kiritilgan, tadbirkorlik istagida boʼlgan 9 397 nafar xotin-qizlarga jori yilda bank filiallari tomonidan 107,5 mlrd soʼm imtiyozli kredit ajratildi. 

 III. 2.310-bandida hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish boʼyicha vazifalar belgilangan. Аholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilikni rivojlantirish boʼyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, jumladan, hunarmandchilik faoliyati subʼektlarini moliyaviy qoʼllab-quvvatlash ishlarini yanada takomillashtirish va ularga qoʼshimcha qulayliklar yaratish orqali yangi ish oʼrinlarini tashkil etishda bank tomonidan muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida joriy yil boshidan bugungi kunga qadar hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirish uchun 1 154 ta holatda 37,0 mlrd soʼm miqdorida imtiyozli kredit mablagʼlari ajratilib, shundan 26,5 mlrd soʼmi “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʼlgan 468 nafar hunarmand tadbirkorlarga ajratilgan kreditlar hissasiga toʼgʼri keladi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi tizimli ravishda davom ettiriladi. 

 Chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini 1,5-2 baravarga oshirish boʼyicha bank tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. 

 Xususan, parrandachilik sohasini rivojlantirish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamgʼarmasi va bankning oʼz mablagʼlari hisobidan 234 ta parrandachilik xoʼjaliklari va ozuqa-em mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga 569.8 mlrd. soʼm miqdorida kredit mablagʼlari ajratildi. 

 Natijada, yiliga 1,4 mlrd. dona tuxum, 50,5 ming tonna parranda goʼshti va 259,0 ming tonna parrandalar uchun ozuqa ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi. 

 А.Xamidov 

 Bank raisining birinchi oʼrinbosari