Joriy yilning 9-noyabr, shanba kuni bank xodimlari uchun sayohat turizmi doirasida Yangi Oʻzbekiston bogʻi hamda “Chinorkent” dam olish maskanlariga sayohat uyushtirildi. Unda bankda faoliyat olib borayotgan 40 nafar faol xodimlar ishtirok etdi.
Dastlabki manzil Mustaqilligimizning 30 yillik bayrami arafasida barpo etilgan Yangi Oʻzbekiston bogʻi boʻldi.
Bu goʻzal bogʻda o‘zbekistonliklar va xorijdan keladigan mehmonlar yayrab dam olishi, oilasi, farzandlari bilan birga mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Sunʼiy koʻl, sport maydonchalari, bolalar oʻyingohlari, amfiteatr, favvoralar, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil etilgan.
Bogʻning markaziy qismida muhtasham badiiy obida – Mustaqillik monumenti barpo etilgan boʻlib, ushbu monumentni yaratishda Oʻzbekistonning uch ming yillik milliy davlatchilik tarixi aks etadi. Bank xodimlari Oʻzbekistonning qadimiy tarixidan boshlab bugungi kunga qadar yuz bergan eng muhim voqealar muhrlangan ushbu monumentni tomosha qilib, bogʻ boʻylab sayr qilishdi.
Bank xodimi Aziza Avliyaqulova oʻz taassurotlari bilan boʻlisharkan, shunday fikrlarni bildirdi: “Oʻtmishdagi yutuq va gʻalabalaridan kuch-quvvat olib, xato va magʻlubiyatlaridan xulosa va saboq chiqarib yashaydigan xalq oʻzining taraqqiyot yoʻli va kelajagini toʻgʻri belgilay oladi. Ushbu monumentda aks ettirilgan gʻoya bizni oʻtmish va kelajak haqida oʻylashga undadi. Majmuada buyuk sarkarda va jahongirlar, alloma va mutafakkirlar, jadid bobolarimizning oʻlmas siymolari aks ettirilgan. Bu maskanga sayohatimiz qalblarimizga ham maʼnaviy, ham ruhiy sokinlik baxsh etdi”.
Yodgorlik yurtimizda yangi Oʻzbekistonni – uchinchi Renessans poydevorini yaratish gʻoyasi bilan uygʻun holda barpo qilingani, ayniqsa, ahamiyatlidir. Tinchlik va erkinlik, ezgulik va farovonlik timsoli boʻlgan, koʻkda magʻrur parvoz qilayotgan Humo qushi tasviri monumentning eng yuqori qismida – bamisoli uning gultoji boʻlib oʻrin egallagan. Bank xodimlari sayohat davomida majmua haqida barcha maʼlumotlarga ega boʻlishdi.
Shundan so‘ng xodimlar “Chinorkent” dam olish maskani tomon yoʻl olishdi.
Hozirda jahonning turli joylarida shaharlarni tepadan tomosha qilish imkonini beradigan dor yoʻllari mavjud. Bu turistlar oqimini yana ham oshirishga xizmat qiladi. “Chinorkent” togʻ kompleksida tashkil etilgan dor yoʻli orqali sayohat ham bank xodimlarida katta taassurot qoldirdi, ularning koʻpchiligi ilk bora bu yerlarga kelishayotganini bildirdi.
“Togʻli hududlar inson qalbini zavqqa toʻldiradi, ayniqsa, uni tepadan tomosha qilish juda maroqli, ham toza havodan nafas olib, shu bilan birga maftunkor tabiatning takrorlanmas goʻzalligidan bahramand boʻlish qanchalar yoqimli. Bunday dam olishlar tez-tez tashkil qilinsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi” – deydi Madina Mayliyeva.
Bank Axborot xizmati