Mamlakatimiz bank tizimi vakillari va jurnalistlarining navbatdagi uchrashuvi O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining amaldagi ijrosi borishiga bag'ishlandi.
Unda tijorat banklari va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining mas'ul xodimlari, xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
Yoshlar mamlakat iqtisodiy hayotida katta kuch va g'ayrat sarflashga qodir, harakatchan, barcha yangi hodisalarni tez qabul qiluvchi va o'zlashtiruvchi jamiyatimizning faol qismi hisoblanadi. So'nggi paytda mamlakatimizda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish zamonaviy iqtisodiyotning ustivor yo'nalishlaridan biri bo'lib bormoqda. Yoshlarni tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanishini rag'batlantirish choralari davlat miqyosidagi masalaga aylangan.
Tadbirkor yoshlar safining kengayishi malakali kadrlar tayyorlash barobarida milliy iqtisodiyotni innovatsion rivojlanish yo'lidan borishini ta'minlaydi. Aynan mana shu taraqqiyot yo'li yosh, tashabbuskor, yangicha fikrlaydigan tadbirkorlar avlodini shakllantirishni toqoza etadi.
Mamlakatimiz rahbarining bu yo'nalishdagi ikkita muhim - “Ta'lim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni va “O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori yoshlar tadbirkorligini printsip jihatdan yangi, har tomonlama to'kis darajaga olib chiqish, yoshlar salohiyatidan oqilona foydalanishga chaqiriqdir.
Yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish barobarida yana boshqa muhim ijtimoiy masalalar - yoshlar bandligini ta'minlash, yangi ish o'rinlari yaratishni ham ko'zda tutadi.
Binobarin, mamlakatimiz tijorat banklari ushbu yo'nalishning rivojlanish tendentsiyalarini belgilashda muhim o'ringa ega bo'lib bormoqda.
Shu maqsadda tijorat banklari yoshlar tadbirkorligi rivojidan manfaatdor bo'lgan jamoatchilik tashkilotlari bilan birgalikda mamlakatimiz bo'ylab “Mening biznes g'oyam” va “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” loyihalari amalga oshirildi. O'rta-maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari bitiruvchilarini kasbga yo'naltirish, tadbirkorlik ko'nikmalarini shakllantirishga qaratilgan ushbu tadbirlarda tijorat banklari tomonidan 59 nafar yosh tadbirkorga imtiyozli (yillik 5 foiz) kredit olishlari uchun diplomlar hamda 200 dan ortiq yosh tadbirkorga imtiyozli (yillik 10 foiz) kredit olishlari uchun sertifikatlar taqdim etildi.
Ta'kidlash joizki, o'tgan yili bank tizimi yoshlarning tadbirkorlikka jalb etish borasida keng miqyosda targ'ibot-tashviqot ishlari olib bordi. Xususan, yil davomida joylarda, ayniqsa respublikamizning eng chekka tumanlarida aholi, yosh tadbirkorlar va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari o'rtasida 250 dan ortiq turli anjumanlar - forumlar, seminarlar, amaliy uchrashuvlar va davra suhbatlari tashkil etildi.
Markaziy bank tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyatlar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan bunday anjumanlarda tadbirkorlikka keng jalb etish, tadbirkorlikni rag'batlantirishga qaratilgan qonun va qonunosti hujjatlari mazmun-mohiyatlari, shuningdek banklardan kredit olish tartiblari va boshqa xizmatlar, bu borada yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar xususida batafsil ma'lumotlar berib borilmoqda. Bu sira anjumanlar yoshlarning mustaqil ish boshlash, bozor munosabatlarining asosiy mezonlarini bilish va boshqa ruhiy-psixologik to'siqlarni bartaraf etishiga yordam bermoqda, boqimandalik illatidan xalos etmoqda.
Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, “Kamolot” YoIH, “Tadbirkor ayol” Ishbilarmon Ayollar uyushmasi va tijorat banklarining rahbar xodimlari, 800 dan ortiq yosh tadbirkor, fermer va hunarmandlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etishdi.
Banklar yosh tadbirkorlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, tadbirkorlik sohasidagi bilim va ko'nikmalarini oshirish, ularning biznes-rejalarini ro'yobga chiqarish, kollej bitiruvchilarini ish bilan ta'minlashga qaratilgan loyihalarni peshma-pesh moliyalashtirib bormoqda.
Bundan tashqari, banklarning 234,8 mlrd. so'm miqdorida ipoteka kreditlari, 74,4 mlrd. so'm miqdorida iste'mol kreditlari orqali minglab yoshlar o'zlarining uy-joylari va oilaviy farovonliklarini yaxshilab oldilar. Bundan tashqari, iqtidorli yosh oilalarni qo'llab-quvvatlashni yanada kengaytirish uchun tijorat banklarining 90 mlrd. so'mdan ziyod mablag'lari hisobiga joylarda ko'p qavatli "Kamolot" uylari qurib foydalanishga topshirilmoqda. Bu uylar Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta'minlashni yanada qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga muvofiq yosh oilalarga boshlang'ich badalsiz 20 yil muddatga, jumladan 5 yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasiga teng foizda imtiyozli ipoteka krediti asosida beriladi.
Yoshlar tijorat banklarining veb sahifasi orqali kreditlar ajratish shartlari, berilgan imtiyozlar va boshqa xizmatlar bo'yicha tegishli ma'lumotlar bilan tanishish imkoniga egalar. Har bir bankning internet saytiga joylashtirilgan namunali biznes-rejalar to'plami yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish va tadbirkorlik faoliyatlarini yo'lga qo'yishlariga ko'mak beradi. Uchrashuvda jurnalistlarga bank tizimining ushbu yo'nalishda joriy yilda olib boriladigan ishlari xususida axborot ham berildi.