Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019- yil 28- noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida aholi farovonligini oshirish hamda ularni uy-joy bilan taʼminlash yoʼnalishida Mikrokreditbank tomonidan koʼp qavatli uylarni qurishni moliyalashtirish va aholiga ipoteka kreditlari ajratish muhim vazifalardan biri etib belgilandi.
Farmonga asosan Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan Konseptsiya talablaridan kelib chiqib, “Bank filiallari tomonidan aholiga koʼp kvartirali uylardagi kvartiralarni sotib olish uchun bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari ajratishning” yangi ichki tartibi ishlab chiqildi.
Shuningdek, joriy yilning 5- mart kuni Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan “Mikrokreditbank” АTB oʼrtasida 500 mlrd soʼmlik Bosh kelishuv imzolandi. Shu kunga qadar olingan resurs hamda ishlab chiqilgan tartib asosida 99 nafar fuqaroga 21,3 mlrd soʼm miqdorida ipoteka kreditlari ajratildi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 25- martdagi “Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya toʼlash tartibi toʼgʼrisida”gi 182-sonli qaroriga asosan uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga ipoteka krediti boʼyicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun Oʼzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʼlari hisobiga subsidiyalar toʼlanishi tartibi belgilandi.
Shuningdek, bugungi kunga qadar tuman (shahar) Gʼaznachilik boʼlimlariga subsidiya olish uchun 11 ta 307,5 mln soʼmlik buyurtmanoma yuborildi hamda shundan 10 ta fuqaroga 283,5 mln soʼm mablagʼ bankka kelib tushdi va 7 ta fuqaroga ipoteka krediti ajratildi.
Shu bilan bir qatorda, Prezidentimiz tomonidan 2020- yil 1- mayda tasdiqlangan “Аholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yanada kengaytirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Qaror ijrosi doirasida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
- Аjratiladigan ipoteka kreditlarining eng koʼp miqdorini hududlar boʼyicha oʼzgargan qiymatini fuqarolarga toʼgʼri va toʼliq yetkazildi;
- Bank ichki tartibiga, bundan keyin ajratiladigan ipoteka kreditlari muddatini 15 yildan 20 yilga ajratish boʼyicha oʼzgartirish kiritildi;
2019- yil 28- noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Farmonga asosan 40 ta fuqaroga ajratilgan kredit muddati 15 yildan 20 yilga uzaytirilib, shartnomalarga tegishli oʼzgartirishlar kiritildi.
Mamlakatimiz aholisining asosiy ehtiyojlaridan biri hisoblangan uy-joyga boʼlgan talabni qondirish maqsadida koʼp qavatli uylarni qurish pirovardida respublikamiz hududlarining qiyofasini zamonaviylashtirish va urbanizatsiya darajasini oshirish borasida berilgan topshiriqlar ijrosi Mikrokreditbank tomonidan bosqichma-bosqich amalga oshirib borilmoqda. Bu yoʼnalishdagi ishlar tizimli tarzda davom ettirib boriladi.