Xabaringiz bor, bugun, 22 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakat tadbirkorlari bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Ochiq muloqotda davomida davlatimiz rahbari tegishli farmon bilan taqdirlangan bir qator tadbirkorlarga davlat mukofotlarini topshirdi. Shuningdek, yana ko‘plab tadbirkorlarga «Mehnat shuhrati», «Do‘stlik» ordenlari va «Shuhrat» medali taqdim etildi.
Davlatimiz rahbari soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan 5 ta yo‘nalishda tashabbuslarni bildirdi.
2023-yil 1-yanvardan boshlab mikro biznes uchun yagona 4 foizli soliq stavkasi joriy etiladi
Birinchi yo‘nalish – korxonalarni toifalarga ajratib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida yondashuvni belgilash.
Bunda, korxonalar yillik aylanmasi bo‘yicha toifalarga ajratiladi. Bular:
- 1 milliard so‘mgacha bo‘lgani – mikro biznes;
- 10 milliard so‘mgacha bo‘lgani – kichik biznes;
- 100 milliard so‘mgacha bo‘lgani o‘rta biznes toifasiga kiradi.
Shundan kelib chiqib 2023-yil 1-yanvardan boshlab mikro biznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga yagona 4 foizli soliq stavkasi joriy etiladi.
Bunda, olis hududlardagi va alohida toifadagi tadbirkorlar uchun amaldagi 1 va 2 foizli stavkalar saqlab qolinadi.
Yoki ular ixtiyoriy ravishda yiliga 20-30 million so‘m to‘lasa, buxgalteriya hisobini yuritish va soliq idoralariga taqdim etish majburiyatidan ozod etiladi.
Ikkinchi toifa, yaʼni aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshib, umumiy soliq to‘lash tartibiga o‘tgan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘ini 2 barobar kam to‘laydi.
"Ushbu imkoniyatlar 370 ming tadbirkorga yengilliklar yaratadi va ularga juda katta stimul beradi", dedi davlatimiz rahbari.
2023-yil 1-yanvardan kichikdan o‘rta biznechga o‘tganlar foyda solig‘ining faqat 50%ni to‘laydi
Prezident tez o‘sib borayotgan yuqori salohiyatli o‘rta korxonalar sonini hozirgi 3,5 mingtadan 10 mingtaga yetkazish zarurligini taʼkidladi.
Buning uchun, 2023-yil 1-yanvardan:
- kichikdan o‘rta biznesga o‘tgan korxonalar ikki yil davomida foyda solig‘ining faqat 50 foizini to‘laydi;
- mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi;
- soddalashtirilgan soliq, moliyaviy va statistika hisobotlari joriy etiladi;
- davlat xaridlarida 20 foiz kvota o‘rnatilib, ushbu xaridlar doirasida ularga oldindan 50 foiz mablag‘ to‘lab beriladi (amalda 15 foiz).
2023-yil 1-yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 12 foizga tushiriladi
Ochiq muloqotda kichik va o‘rta biznes uchun eng muammoli masalalardan biri qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va qaytarish bilan bog‘liqligi taʼkidlandi.
Prezident 2021-yilgi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida biznes uchun soliq yukini tushirish siyosatini davom ettirib, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini yanada tushirishga vaʼda bergan edi.
"Ochiq aytishim kerak, “iqtisodiyot pandemiya tufayli hali to‘liq tiklanmadi, jahon iqtisodiyotidagi vaziyat yaxshi emas, shu sababli buni keyinga qoldiraylik”, deb taklif berganlar ham bo‘ldi.
Lekin sizlarni ishontirib aytaman: biz islohotlar yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz va 2023-yil 1-yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 12 foizga tushiramiz!" - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari bo‘yicha hisoblangan 2 trillion so‘mlik qarzlaridan butunlay voz kechiladi
Joriy yil 1-iyuldan boshlab bo‘sh bino, foydalanilmayotgan yer uchastkasiga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo‘llash bekor qilingan edi.
Lekin avval oshirib hisoblangan soliqlar nima bo‘ladi, degan savol 19 ming tadbirkorni bezovta qilmoqda va bu bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.
"Shularni inobatga olib, tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari boʼyicha hisoblangan 2 trillion so‘mlik qarzlaridan butunlay voz kechsak, nima deysizlar?", - deya tadbirkorlarga murojaat qildi davlatimiz rahbari.
Prezident ilgari surgan ikkinchi tashabbus – tadbirkorlarimiz faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay moliyalashtirish tizimini yaratishdir. Bu borada kichik biznes loyihalariga 20 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Uchinchi yo‘nalish haqida so‘z yuritar ekan, Prezident kredit berish masalaning faqatgina bir tomoni ekani, biznes yurib ketishi uchun yetarli shart-sharoit, infratuzilma va kafolatli bozor kerakligini alohida qayd etdi.
Shu sababli, eng avvalo, tuman va shaharlarning sharoitidan kelib chiqib biznes uchun alohida yondashuvlar joriy etiladi.
Yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni bekor qilish faqat sud tartibida amalga oshiriladi
To‘rtinchi yo‘nalish - tadbirkorlarning mulk huquqini himoya qilish masalasidir.
Bundan buyon yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni bekor qilish faqat va faqat sud tartibida amalga oshiriladi.
"Fursatdan foydalanib, barcha hokimlarning eʼtiborini bir masalaga qaratmoqchiman – mulk huquqiga oid qarorlarni ular tomonidan bekor qilishga yoʼl qoʼyilmaydi", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yaʼni huquq beruvchi hujjatni faqat sud haqiqiy emas, deb topishi mumkin bo‘ladi.
Tadbirkor mol-mulkini xatlab qoʼyish endilikda sud tomonidan koʼrib chiqiladi
Shuningdek, tadbirkorlarni qiynayotgan yana bir amaliyot – tergov jarayonida mol-mulkni xatlab qo‘yish bilan bog‘liq. Misol uchun, oʼtgan 3 yilda tergovchilar tomonidan aniqlangan zarardan ikki barobar ko‘p mol-mulk xatlangan (1,5 trillion so‘m).
Endi, har bir xatlovning asosli ekani sud tomonidan ko‘rib chiqiladi, qarorni faqat sud qabul qiladi.
"O‘ylaymanki, shundagina adolat boʼladi", - dedi davlatimiz rahbari.
Tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy eʼlon qilinadi
Beshinchi yo‘nalish tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish va ularni javobgarlikka tortish masalalari bilan bog‘liq. Tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy eʼlon qilinadi. Shuningdek, tadbirkorlarga nisbatan majburiyatlar yuklaydigan yangi qonun hujjatlari qabul qilinganda, yo‘l qo‘ygan xatosi uchun tadbirkorga 6 oy davomida jazo qo‘llanilmaydi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, kichik biznes vakillari tomonidan soliq tekshiruvlari bilan bogʼliq jarimalarning turi koʼpligi va ogʼirligi masalasi boʼyicha juda koʼplab murojaatlar kelib tushdi.
Misol uchun, bugungi kunda aylanmadan soliq to‘layotgan 370 mingdan ziyod kichik tadbirkorlarning soliq bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovi 1 million so‘m atrofida.
Lekin, kassa cheki bermagani uchun 5 milliondan 10 million so‘mgacha moliyaviy, shuningdek, 3 milliondan 12 million so‘mgacha maʼmuriy jarima solinadi.
Yaʼni kichik tadbirkorlar uchun ham, yirik korxonalar uchun ham jazo bir xil.
Birinchi marta xato qilgan kichik biznes vakillariga jazo chorasi qo‘llanilmaydi
Umuman, savdo sohasida faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlarimizni qariyb 30 yildan beri qiynab keladigan muammo ham yechiladi, yaʼni savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘liq bekor qilinadi (Jinoyat kodeksining 189-moddasi).
Birinchi marta xato qilgan kichik biznes vakillariga jazo chorasi qo‘llanilmaydi. Buning o‘rniga kamchiliklarni bartaraf etishga soliq idoralari ko‘makchi bo‘ladigan tizim joriy etiladi.
Jarimalar miqdori ham tadbirkorlarning toʼlayotgan soligʼidan oshib ketmasligi kerak.
“O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini taʼsis etiladi
"Bizda quruvchi, madaniyat, taʼlim kabi soha vakillari uchun faxriy unvonlar mavjud.
Lekin Yangi O‘zbekiston poydevorini yaratishga eng katta hissa qo‘shib kelayotgan zahmatkash tadbirkorlarning eʼtibordan chetda qolgani adolatdan emas.
Shu bois, ko‘p ish o‘rinlari yaratgan, biznesning yangi yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘ygan, o‘z sohasida innovatsiya va islohotlar qilgan va el-yurt orasida obro‘ topgan biznes vakillarini munosib eʼtirof etish uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini taʼsis etishni taklif qilaman", dedi Prezident ochiq muloqotda.
Savdo-sanoat palatasi Hukumat bo‘ysunuvidan to‘liq chiqariladi
Prezident Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy bo‘linmalarining faoliyati ham tubdan o‘zgarishini aytdi. Bundan buyon, ular:
- tuman, shahar tadbirkorlarini birlashtirib, ularni qiynayotgan muammo va masalalarni aniqlash bilan amalda shug‘ullanadi;
- har bir tuman va shaharda ilg‘or metodikalar asosida biznesga o‘qitish maktablarini tashkil qiladi;
- hokim va boshqa hududiy rahbarlarga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolatiga ega bo‘ladi;
- mahalliy Kengash va hokimlar bilan har oy kamida ikki marta tanqidiy muhokamalarni oʼtkazadi.
Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasining oʼziga ham:
- Hukumatga ko‘rib chiqishi majburiy boʼlgan masala kiritish;
- tadbirkor manfaatini ko‘zlab Oliy sudga ariza berish hamda iqtisodiy, maʼmuriy va jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan shikoyat kiritish vakolatlari beriladi.
Savdo-sanoat palatasi Hukumat bo‘ysunuvidan to‘liq chiqariladi.
Yuqorida aytilgan barcha takliflarni amalga oshirish uchun Prezident huzurida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tuziladi.
Prezident Аdministratsiyasi rahbariga ikki hafta muddatda ushbu kengash ishini tashkil qilish topshirildi.
Shundan so‘ng, Prezidentimiz soʼzini yakunlab, tadbirkorlar bilan fikr almashdi, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi.