
Aholi bandligi va kichik biznes uchun yangi imkoniyatlar: Uchko‘prik tumanida mini texnologiyalar yarmarkasi o‘tkazildi
Uchko‘prik tumanidagi "Boboshbek" ishlab chiqarish va savdo majmuasida tuman hokimligi, "Mikrokreditbank" va Kichik biznesga ko‘maklashish markazi hamkorligida mini texnologiyalar yarmarkasi tashkil etildi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash hamda kam daromadli oilalarga o‘z biznesini boshlash va doimiy daromad manbaini yaratishda ko‘maklashish maqsadida tashkillangan yarmarkada 200 nafardan ziyod yoshlar, xotin-qizlar va tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan shaxslar ishtirok etdi.
Yarmarka doirasida o‘ndan ziyod yetkazib beruvchilar tomonidan sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalariga mo‘ljallangan, uy sharoitida hamda kichik ishlab chiqarish obyektlarida ishlatishga qulay bo‘lgan 50 turga yaqin zamonaviy va ixcham uskunalar namoyish etildi.
Yarmarka ishtirokchilari mini uskunalarning ishlash jarayoni, quvvati, xarajati hamda kutilayotgan daromad imkoniyatlari bilan bevosita tanishishdi. Shuningdek, hokim yordamchilari va "mahalla bankirlari" ishtirokida aholiga imtiyozli kredit va lizing shartlari asosida uskunalarni xarid qilish bo‘yicha zarur maslahat va tushuntirishlar berildi.

Yarmarka davomida 24 nafar fuqaro va tadbirkorlar tomonidan yangi biznes loyihalarini boshlash va uskunalarni xarid qilish bo‘yicha dastlabki shartnomalar rasmiylashtirildi.
Aholi murojaatlarini ko‘rib chiqish, ularni daromadli faoliyatga yo‘naltirish hamda lizing va kredit orqali moliyalashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda
MKBANK — biznes g‘oyalarni amaliy loyihalarga aylantirishda hamroh!
















