
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro tomonidan “Mikrokreditbank” ATB faoliyatiga oid murojaat tarqalib, unda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida mikrokredit olish jarayoni hamda 412 ming so‘m miqdoridagi to‘lov yuzasidan ayrim e’tiroz va mulohazalar bildirilgan.
Mazkur holat bank tomonidan atroflicha o‘rganildi. Jumladan, murojaat muallifi bilan bevosita suhbat o‘tkazildi. Suhbat davomida fuqaro bank xodimlari faoliyati yuzasidan e’tirozi yo‘qligini hamda ijtimoiy tarmoqdagi murojaati bank xodimlarining xatti-harakatlariga nisbatan da’vo sifatida baholanmasligini ma’lum qildi.
Shuningdek, murojaatda tilga olingan 412 ming so‘m miqdoridagi to‘lov “Mikrokreditbank” ATB tomonidan belgilanadigan yoki bank foydasiga undiriladigan to‘lov emasligini alohida ta’kidlaymiz. Mazkur to‘lov o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga mikrokredit ajratish tartibi doirasida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan standart talab hisoblanadi.
“Mikrokreditbank” ATB tomonidan mikrokreditlar amaldagi qonunchilik hamda belgilangan mezonlar asosida, shaffof va xolis tartibda ajratiladi. Bank faoliyatida korrupsiyaga oid har qanday holatlarga nisbatan murosasiz yondashuv amal qiladi hamda bunday holatlar aniqlangan taqdirda qonunchilikka muvofiq qat’iy choralar ko‘riladi.
“Mikrokreditbank” ATB mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qiladi hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ma’lumotlarni e’lon qilishda faqat tasdiqlangan va ishonchli faktlarga tayanishni so‘raydi.
Bank Axborot xizmati

















