Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu turdagi jinoyatlarning sodir etilishining oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, amaliy hayotga tatbiq etilmoqda.

Xususan, “Mikrokreditbank” ATB Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi xodimlari uchun ham ana shu ishlar xususida “Korrupsiya taraqqiyot kushandasi” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.

Unda bank rahbariyati va xodimlari, shuningdek, Qashqadaryo viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Behruz Po‘latov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi kiberxavfsizlik mas’ul xodimi Oybek Nabiyev, viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi vzvod komandiri Aziz Hamrayevlar ishtirok etishdi.

Seminar davomida yurtimizda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, huquqni qo‘llash amaliyotida mansabdor shaxslarning korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etayotganlik holatlari hali hamon uchrayotganligi alohida ta’kidlandi. Korrupsiya jinoyatlarining asosan tibbiyot, taʼlim, davlat xizmati ko‘rsatish, xususan bank va tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga litsenziya hamda ruxsat berish bilan bog‘liq sohalarda kamaymayotganligi tashvish bilan qayd etildi.
Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazishi, inson huquqlari buzilishiga olib kelishi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qilishi, hayot sifatini yomonlashtirishi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otishi uchun sharoit yaratib berishi misollar bilan tushuntirildi.

O‘quv seminari so‘ngida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birga, bu illatga birgalikda kurashish lozimligini bildirishdi.
Darhaqiqat, bugun korrupsiyaga qarshi kurushish, uni oldini olish har birimizning vazifamiz hisoblanadi. Jamiyatimizda qancha korrupsiya illatlari kam bo‘lsa, jamiyat taraqqiyoti shuncha rivojlanadi.
Bank Axborot xizmati