
Ma’lumki, korrupsiya jamiyatning demokratiya va adolat tamoyillari ustuvorligiga jiddiy putur yetkazib, inson huquqlari buzilishiga, qadr-qimmati toptalishiga olib keladi hamda davlat va jamiyat taraqqiyotiga tо‘sqinlik qilib, fuqarolar turmush darajasini yomonlashtiradi.
Bugungi kunda korrupsiya muammosiga jahonning deyarli har bir mamlakatida duch kelish mumkin. Korrupsiya soʻnggi yillarda xalqaro miqyosda transmilliy jinoyat sifatida keng muhokama qilinayotgan mavzulardan biridir.
Shuning uchun ham korrupsiya keltiradigan zarar barcha davlatlar uchun teng sanalib, mazkur illat davlatning turli sohalariga, xususan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imiji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Joriy yilning 5-mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashning navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi oʻtkazildi. Unda Yurtboshimiz tomonidan barcha darajadagi davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi muhokama qilinib, galdagi vazifalar belgilab berildi.
Ushbu yigʻilishdan keyin “Mikrokreditbank” ATBda ham belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish hamda bank jamoasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Masalan, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi boʻyicha xodimlarning koʻnikmalarini shakllantirish doirasida barcha viloyat hududiy boshqarmalarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish” va “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzularida oʻquv seminarlari oʻtkazildi.
Mazkur seminarlarda bankning barcha xizmat koʻrsatish markazlari va mahallalarga biriktirilgan "Mahalla bankirlari" faol qatnashib, halollik, shaffoflik, jamoatchilik nazorati hamda masʼuliyat kabi tamoyillar asosida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha atroflicha maʼlumot va amaliy tavsiyalarga ega boʻlmoqda.
Shuningdek, xodimlarda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini shakillantirish uchun bankning onlayn MKB TRAINING ACADEMY oʻquv platformasida “Korrupsioner kim?” va “Manfaatlar toʻqnashuvi” toʻgʻrisidagi oʻquv kursi joylashtirildi.
Taʻkidlash kerakki, yurtimizda soʻnggi yillarda bu illatga qarshi kurashish boʻyicha qator qonunlar qabul qilinib, yangi tizim yaratildi. Eng muhimi, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit paydo boʻldi. Chunki korrupsiyaning oldini olish – davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni “halollik vaksinasi” bilan emlashdan boshlanadi.
Davlatimiz rahbari nutqida jamoatchilikka murojaat qilib, korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi ekanini taʼkidladi.
– Hammamiz yagona kuch boʻlib harakat qilsak, albatta, katta ijobiy samaraga erishamiz. Shu bois mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, sanʼat va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar – umuman butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Buning uchun korrupsiyaning oldini olishda taʼlim va targʻibotni kuchaytirish, yoshlarimizni halollik va adolat ruhida tarbiyalash, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikning korrupsiyaga qarshi kurashdagi roli hamda ahamiyatini oshirish muhim hisoblanadi.
Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Islohotlar yoʻlidagi eng katta toʻsiq va gʻov – bu korrupsiyadir”.
Korrupsiyaga qarshi kurashda barchamiz birlashsak, yangi O‘zbekistonda korrupsiyasiz jamiyat paydo bo‘ladi. Bu yoʻlda MKBANK ochiqlik va halollikni taʻminlash, jamiyat ishonchi va davlat siyosatini mustahkamlashda doim faol ishtirok etadi.
O.Butayev,
“Mikrokreditbank” ATB Boshqaruv raisi


















