
Bugun Milliy matbuot markazida “Mikrokreditbankda 2025-yil davomida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar“
yuzasidan bank Axborot xizmati rahbari Sarvar Ochilov ishtirokida navbatdagi brifing tashkil etildi.
Unda, Mikrokreditbank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq bo‘lgan maxsus tarkibiy tuzilma faoliyati, bankda korrupsiya illatlarini oldini olish va profilaktika qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Xususan, o‘tgan davr mobaynida Mikrokreditbank tizimida korrupsiyani oldini olish maqsadida barcha jarayonlarni raqamlashtirish orqali "Inson omili"ni kamaytirish, ichki reglament va yo‘riqnomalarni qat’iy joriy etish, xodimlarni rotatsiya qilish, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani joriy etish, xodimlar uchun odob va ahloq kodeksiga rioya qilish choralari ko‘rildi.
2025-yil davomida bankda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi takomillashtirildi. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mavjud 16 ta ichki siyosat va tartib-taomillar qayta ko‘rib chiqilib, shundan 7 tasi yangi tahrirda ishlab chiqildi.
Bank bosh ofisi va hududiy boshqarmalarida komplayens-nazorat tizimi kuchaytirilib, bankning xududiy boshqarmalarida korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘yicha yangi shtat birliklari tashkil etildi.
Manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish bo‘yicha har yil yakuni buyicha va yangi ishga qabul qilinayotgan xodimlar tomonidan deklaratsiya topshirish amaliyoti joriy qilinib, barcha xodimlar tomonidan deklaratsiyalar taqdim etilishi ta’minlandi.
Xavf-xatarlarni baholash bo‘yicha hisobot davrida ma’lumotlar “Ye-Anticor” elektron platformasiga yuklanib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini qabul qilish bo‘yicha 6 ta aloqa kanallari shu jumladan, “Ishonch telefoni”, maxsus elektron pochta, telegram kanali, Feysbuk, bankning rasmiy veb-sayti va “Mavrid” mobil ilovasi orqali murojaatlarni qabul qilish imkoniyati yaratildi.
Mazkur aloqa kanallarini aholi orasida keng targ‘ib etish maqsadida e’lon taxtachalari, aloqa kanallari bo‘yicha ma’lumotlar stendi va bukletlar hamda mijozlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashishga undovchi muhutni yaratish hamda xodimlarni korrupsiyaga qo‘l urmasligiga undovchi tarqatma materiallar, o‘quv qo‘llanmalar va bukletlar chop etilib mijozlarga qulay joylarga joylashtirildi.
2025-yil davomida ushbu aloqa kanallari orqali kelib tushgan jami 202 ta murojaat o‘rganilib, 7 tasi bo‘yicha tegishli ta’sir choralari ko‘rildi.
Korrupsiyaning oldini olishda profilaktika muhim ahamiyatga ega ekanligidan kelib chiqib, bankning Bosh ofisi, hududiy bo‘linmalarining xodimlari ishtirokida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 66 marta seminar treninglar tashkil etilib, xodimlarning sohadagi bilim va ko‘nikmalari oshirildi.
Barcha xodimlarning bilim va ko‘nimalarini tahlil qilish maqsadida 2000 nafar xodimlar test sinovlaridan o‘tkazildi.
Bundan tashqari, bankda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini ta’minlash maqsadida bankda har oyning ikkinchi chorshanbasi “Korupsiyaga qarshi kurashish kuni” deb e’lon qilindi.
2025-yilning avgust oyida o‘tkazilgan xalqaro kuzatuv auditi natijalariga ko‘ra, bank faoliyati ijobiy baholanib, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi faoliyati bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro sertifikati qayta tasdiqlandi.
Mikrokreditbanknnig 2025-yildagi korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish bo‘yicha ish faoliyati samaradorligi reytingi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “yaxshi” natija bilan baholandi.
Xulosa qilib aytganda, o‘tgan 2025-yil davomida Mikrokreditbank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan kompleks va tizimli ishlar natijasida bank faoliyatining shaffofligi, qonuniyligi ta’minlanib, jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga erishildi.
Bank Axborot xizmati

















