
Ijtimoiy tarmoqlarda “Mikrokreditbank” ATB tomonidan kredit qarzdorligini bank kartasidan avtomatik tarzda undirishda mijozlardan bir foiz miqdorida xizmat haqi undirilayotgani yuzasidan tarqalgan xabar o‘rganib chiqildi.
Avvalo, mazkur xizmat haqi kredit to‘lovlarini belgilangan muddatda amalga oshirmagan va qarzdorlikni avtomatik undiruv tizimi orqali undirishga to‘g‘ri kelgan holatlarda qo‘llaniladi. Kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirgan mijozlardan esa ushbu xizmat haqi undirilmaydi.
Mazkur to‘lov bank tomonidan asossiz ravishda yoki kredit foizlariga qo‘shimcha foiz sifatida undirilmaydi. Avtomatik undiruv jarayonida bank Uzcard — “Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ hamda Humo — “Milliy banklararo protsessing markazi” AJning tegishli protsessing xizmatlaridan foydalanadi va buning uchun bank tomonidan xarajatlar amalga oshiriladi. Ushbu xarajatlarning bir qismini qoplash maqsadida bank Boshqaruvining tegishli qaroriga asosan belgilangan xizmat haqi undiriladi.
Ushbu mijoz bilan bank o‘rtasidagi kredit shartnomasi shartlariga ko‘ra, mijoz kredit mablag‘larini tasdiqlangan to‘lov grafigi asosida qaytarish hamda har oy uchun belgilangan to‘lovni 5-sanasiga qadar amalga oshirish majburiyatini olgan.
Biroq bank tomonidan mijozga har oy davomida kredit toʻlovlarini oʻz vaqtida amalga oshirilishi boʻyicha ogohlantirish yuborilgan boʻlsa-da, mijoz toʻlovlarni doimiy ravishda oʻz vaqtida amalga oshirilmasdan kelgan. Buning natijasida bank avtoundiruv tizimi orqali 2024-2026-yillar davomida 48 marotaba kredit qarzdorligi uchun bank kartasidan mablagʻ avtoundiruv tizimi yordamida undirilgani aniqlandi.
Shuningdek, kredit shartnomasining 4-bandi 5-qismida bank shartnoma bo‘yicha o‘z talablarini qanoatlantirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 783-moddasiga muvofiq, qarzdorning hisobvarag‘idan, jumladan bank kartasi, omonati va boshqa hisobvaraqlaridan uning topshirig‘isiz, so‘zsiz (akseptsiz) tartibda memorial order asosida undirib olish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Shuni alohida ta’kidlaymizki, mijoz kredit to‘lovini o‘z vaqtida amalga oshirgan taqdirda avtomatik undiruv amalga oshirilmaydi va tegishli xizmat haqi ham undirilmaydi.
Shu bilan birga, “Mikrokreditbank” ATB mijozlarning huquq va manfaatlariga rioya etilishiga alohida e’tibor qaratadi. Undirilayotgan xizmat haqlarining qonunchilik, bankning ichki hujjatlari hamda mijoz bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiqligi belgilangan tartibda nazorat qilinadi.
Agar mijozda o‘z hisobvarag‘idan undirilgan mablag‘ yoki xizmat haqi yuzasidan savol yoki e’tiroz mavjud bo‘lsa, bank ushbu holatni individual tartibda ko‘rib chiqishga va tegishli tushuntirish berishga tayyor.
Shuningdek, avtomatik undiruv orqali mablag‘ yechilishi yuzasidan murojaat qilgan har bir mijozga tegishli operatsiya, uning asosi va undirilgan summa bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etiladi.
“Mikrokreditbank” ATB barcha mijozlardan kredit shartnomasida belgilangan to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirishlarini so‘raydi. Kredit to‘lovlarining o‘z vaqtida amalga oshirilishi qo‘shimcha undiruvlarning oldini olish bilan birga, kredit mablag‘larining qayta aylanishi va yangi tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bank axborot xizmati.
















