
Ijtimoiy tarmoqlarda Marhamat tumanida yashovchi fuqaro tomonidan Mikrokreditbank Marhamat BXMda kredit ajratish jarayonida sun’iy to‘siqlar yuzaga kelayotgani, kredit berish vaqtincha to‘xtatilishi hamda ayrim xodimlarning mijozlarga munosabati yuzasidan e’tiroz bildirilgan murojaat e’lon qilindi.
Mazkur murojaat Andijon viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish davomida Marhamat BXM rahbari R. Yaxyayev hamda bank xodimi F. Satimovdan holat yuzasidan tushuntirish xatlari olindi.
Aniqlanishicha, BXM rahbari kredit olish maqsadida kelgan fuqaroga hujjatlarni rasmiylashtirish, dastlabki hujjatlarni tayyorlash hamda OneID tizimi orqali ruxsat olish bo‘yicha xodimga topshiriqlar bergan.
Shuningdek, mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayonida odob-axloq qoidalariga rioya qilish, fuqarolarni tegishli mutaxassislarga yo‘naltirish va murojaatlarga mas’uliyat bilan yondashish yuzasidan BXM rahbariga tegishli tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, Andijon viloyati Marhamat tumani prokuraturasining 2026-yil 20-oktabrdagi xatiga asosan BXM rahbariga nisbatan intizomiy chora qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilingan.
Bank tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda kelgusida shu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Mikrokreditbank mijozlar murojaatlariga doimo mas’uliyat bilan yondashadi va ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi.
Bank Axborot xizamati
















