
Joriy yilning 24-noyabr kuni “Mikrokreditbank” ATB Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Iskanov Ilxomjon Xoldorovich ishtirokida brifing tashkil etildi.
Ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimizda aholi turmush darajasini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada Prezidentimizning 2024-yil 16-dekabrdagi videoselektor yig‘ilishlarida banklar oldiga ana shunday vazifalar qo‘yildi. Ushbu topshiriqlarni amalga oshirish maqsadida Mikrokreditbank tomonidan maxsus chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.
Bankimizda maxsus “Mahallabay ishlash” bo‘limi tashkil etildi.
Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasiga biriktirilgan 26 ta mahallaga 7 nafar “Mahalla bankiri” va 26 nafar yordamchi agent ishga olindi.
Bankka biriktirilgan mahallalarda aholi bandligini ta’minlash hamda ish o‘rinlari yaratish maqsadida, bankning o‘z mablag‘lari hisobidan imtiyozli ravishda, o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar uchun tomorqada mavsumiy ekinlar ekish, tikuvchilik, kasanachilik, issiqxonada mahsulot yetishtirish, parrandachilik va boshqa shu kabi tadbirkorlik yo‘nalishlari uchun “Biznesga birinchi qadam” va “Mening mahallam” kreditlari joriy etildi.
“Mening mahallam” (“Istiqbolli ayol”) krediti mahsulotlari “Mikrokreditbank” ATBga biriktirilgan mahallalarda yashovchi o‘zini-o‘zi band qilgan jismoniy shaxslar uchun ajratilib kelinmoqda.
Joriy etilgan ushbu bank mahsulotlari hisobidan mahallalarda “Sayxunobod tajribasi” asosida kichik mikroloyihalar ham amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunga qadar bankimiz tomonidan “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida 640 nafar fuqaroning 13,9 mlrd.so‘mlik boshlang‘ich biznes loyihalari moliyalashtirildi. Mahalla loyihasi dasturi doirasida "Mening mahallam" krediti hisobidan 1 220 nafar tadbirkorlik istagidagi fuqarolarning 41,6 mlrd.so‘mlik istiqbolli loyihalari ishga tushirildi. Birgina ushbu bank mahsulotlari hisobiga viloyatimizda 1 500 dan ortiq ish o‘rni yaratildi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, Mikrokreditbank tomonidan yo‘lga qo‘yilgan mazkur ishlar kelgusida ham tizimli ravishda davom ettirilib, aholini faol iqtisodiy hayotga jalb etishga, daromad manbalarini kengaytirishga, bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bank Axborot xizmati

















