
Temir intizom va samarali nazorat - muvaffaqiyat garovi
Hammamizga maʼlumki, davlatimiz rahbarining har bir farmon va qarorlari, yigʻilish bayonlarida davlat va ijro organlari oldiga qoʻyilayotgan topshiriqlar asosan aholi bandligini taʼminlash va barqaror daromad manbaini shakllantirish, hududlarda kambagʻallikni butkul tugatishga yoʻnaltirilgan.
Har bir vazirlik va idorada mustahkam va temir intizom, samarali ijro nazorati boʻlgandagina belgilangan maqsadlarga erishish mumkin. Ijro ustidan takomillashgan samarali jamoatchilik nazorati mexanizmi esa har qanday muvaffaqiyat va yutuqlar garovidir.
Aynan shu maqsadda, qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat hujjatlari ijrosi ustidan samarali nazorat mexanizmlarini joriy qilish, ijro natijasi boʻyicha aniq hisobdorlikni taʼminlashga qaratilgan davlatimiz rahbarining PF-117-sonli farmonlari shu yil 25-iyulda qabul qilindi.
Topshiriqlar ijrosini taʼminlashda jamoatchilik nazoratini oʻrnatish maqsadida, 2025-yil 1-oktabrdan boshlab har oyda ijro intizomi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni veb-sahifalarga joylashtirish, shuningdek, har chorakda keng jamoatchilikka hisobot berish tartibi belgilab qoʻyildi.
Taʼkidlash lozimki, ijro intizomini mustahkamlash va ijro nazorati mexanizmlarini yanada takomillashtirish borasida Mikrokreditbankda ham qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Eng avvalo, ish yuritish, hujjatlar aylanishi, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni qabul qilish, masʼul ijrochiga yoʻnaltirish, ijro ustidan onlayn monitoring va nazorat oʻrnatish, ijro muddati kelayotganligi toʻgʻrisida kamida uch kun oldin xabardor qilish tizimi toʻliq raqamlashtirildi.
Bankda ijro intizomining samaradorlik koʻrsatkichlari bevosita “KPI” tizimiga bogʻlandi va shu asosda ijro samaradorligini baholash tizimli yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, topshiriqlar ijrosini tashkil etish bilan bogʻliq barcha masalalar har hafta juma kuni Boshqaruv raisi oʻrinbosarlari, dushanba kuni Boshqaruv raisi huzurida hamda har oyda bank Boshqaruvida tanqidiy muhokama qilinib kelinmoqda.
Ijro intizomini mustahkamlash maqsadida bank tizimida muntazam ravishda “iqtisodiy oʻqish”lar tashkil qilinmoqda. Bundan asosiy maqsad - hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda ustuvor vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlashga qaratilgan.
Tahlillarga koʻra, joriy yilning yanvar-sentabr oylarida “ijro.gov.uz” idoralararo yagona elektron tizim orqali Mikrokreditbank zimmasiga davlatimiz rahbarining 353 ta topshiriqlari ijrosi yuklatilgan. Bankda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu topshiriqlarning barchasini ijrosi taʼminlandi.
Davlatimiz rahbarining farmonlari va qarorlarida belgilangan topshiriqlar asosida aholi va tadbirkorlik subyektlarining loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun jami 7,8 trln. soʻm bank kreditlari ajratildi. Jumladan:
kichik biznes subyektlarini qoʻllab-quvvatlash doirasida 625,6 mlrd. soʻm;
oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 1,4 trln. soʻm;
“biznesga birinchi qadam” doirasida 275,2 mlrd. soʻm;
investitsiya dasturi doirasida 2,8 trln. soʻm;
“mening mahallam” dasturi doirasida 1,1 trln. soʻm;
yirik loyihalarga (oboroti 100 mlrd. soʻmdan yuqori) 688,1 mlrd. soʻm;
tijorat maqsadlari uchun 886,8 mlrd soʻm.
Mikrokreditbank kreditlari hisobiga moliyalashtirilgan 165 477 ta loyiha ishga tushirilib, 285 447 ta ish oʻrinlari yaratildi.
Misol uchun, Sirdaryo viloyati Guliston shahrida joylashgan “New Fly Techno” MCHJning umumiy qiymati 10,4 mln. doll. boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun polipropilen qop ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishga 5,7 mln. doll. kredit ajratildi.
Mazkur loyiha ishga tushishi natijasida 158 ta ish oʻrin yaratiladi, yiliga 80 mln. dona 6 xildagi qop mahsulotlari ishlab chiqariladi, yiliga 8,1 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash ishlari amalga oshiriladi.
Yana bir loyiha, Xiva shahridagi “Gʻovuq” koʻli atrofida “Sharq” turistik majmuasini barpo etish doirasida mehmonxona faoliyatini tashkil etish va savdo-koʻngilochar majmualarini qurish ishlari olib borilmoqda.
Hozirda 95 xonali, 250 oʻrinli 2 qavatli mehmonxona faoliyati yoʻlga qoʻyildi, shuningdek, novvoyxona, 4 ta mehmon uyi, milliy va yevropa taomlari restoranlari aholiga xizmat koʻrsatmoqda.
Toshkent viloyati Parkent tumanida esa 3 ta 5 qavatli, jami 120 ta xonadonga moʻljallangan turar joy majmuasi barpo etilib, bugun 96 ta xonadon oʻz egalariga topshirilgan.
Qoʻqon shahrining “Yangi Oʻzbekiston” massivida 10 ta 10 qavatli uy-joy kompleksi barpo etilmoqda. Ushbu kompleksda 712 ta xonadonlar, savdo maydonchalari hamda bolalar bogʻchasi joylashtirilgan.
Bugungi kunda 10 ta koʻp qavatli uylarni qurish ishlari jadal olib borilmoqda.
Shuningdek, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm, Fargʻona, Surxondaryo, Samarqand va Toshkent shaharlarida 15 ta koʻcha obodonlashtirilib, 24/7 rejimda tunu-kun ishlaydigan savdo, koʻngilochar shoxobchalari ishga tushirildi, natijada 80 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Shular bilan birga, Mikrokreditbankka biriktirilgan mahallalarda mahalla bankiri va yordamchi agentlari tomonidan bugunga qadar 1,5 trln. soʻm kreditlar ajratildi va 285 447 nafar aholi bandligi taʼminlandi. Shundan, 101 683 nafari doimiy ishga joylashtirildi va 183 764 nafari tadbirkorlikka jalb qilindi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari topshiriqlari doirasida 30 ta tumanda baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik, parrandachilik yoʻnalishida kooperatsiyalar tashkil etildi.
Bank tomonidan 30 ta tumanda joylashgan 6 461 ta xonadon parrandachilik va asalarichilik yoʻnalishida 28 nafar lider tadbirkorga biriktirildi.
Kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish uchun lider tadbirkorlarga 160 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlar ajratilib, 5 165 ta xonadon kooperatsiya asosida birlashtirildi.
Mamlakatimizda aholi bandligini taʼminlash va turmush farovonligini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish borasida qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari hamda berilayotgan topshiriqlarning sifatli ijrosini taʼminlashning barcha choralari koʻrib boriladi.
Bank Boshqaruvi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumat hujjatlari ijrosi qatʼiy nazoratga olingan.