
Joriy yilning 21-aprel sanasida “G‘azna” telegram kanalida “Mikrokreditbank va g‘alati tender” nomli xabar joylandi. Unda Mikrokreditbank 18-aprel kuni 390 ta HUMO bankomatlariga texnik va dasturiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha 3,7 mlrd so‘mlik tender o‘tkazgani hamda unda qonun talablari buzilgani haqida fikr bildirilgan.
Mazkur holat bank mutaxassislari tomonidan o‘rganildi va quyidagilar aniqlandi.
“Mikrokreditbank” ATB tomonidan 2025-yil 18-aprel sanasida 423340-sonli lot bilan bankning HUMO bankomatlariga texnik va dasturiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Eng yaxshi takliflarni tanlash mexanizmi asosida ochiq savdolar e’lon qilingan.
Mazkur tanlov jarayoni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 22-apreldagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi 684-sonli Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 276-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat xaridlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablariga to‘liq rioya qilingan holda tashkil etilgan.
Tender hujjatlarida, xususan texnik topshiriqda loyiha doirasidagi bankomatlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotda tegishli protsessing markazi – HUMO bilan ishlash uchun zarur bo‘lgan litsenziya va ruxsatnomalarning mavjudligi talabi ilgari surilgan. Shuningdek, ishtirokchilarda HUMO protsessing tizimi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash imkonini beruvchi litsenziyalar va ruxsatnomalar mavjud bo‘lishi tanlov shartlarining ajralmas qismi sifatida qo‘yilgan.
“Mikrokreditbank” ATB barcha davlat xaridlarini faqat qonuniy asosda, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkazadi. Har qanday savdo jarayoni adolatli raqobat sharoitida, ishtirokchilarning texnik va narx takliflari bilan baholanadi.
Bank faoliyatiga oid noto‘g‘ri talqin va bir yoqlama fikrlarning oldini olish maqsadida, barcha manfaatdor shaxslardan rasmiy axborotlarga tayanishni so‘raymiz.
Bank Axborot xizmati

















