
Joriy yilning 29-aprel kuni “Antikorrupsiya” telegram kanalida Ellikqalʼa tumani “Saxtiyon” shaharchasida yashovchi fuqaro Q.Nurimbetovning murojaati e’lon qilingan bo‘lib, unda bankning Ellikqalʼa tumani filialida qayd qilingan unga tegishli bank plastik kartasidan nomaʼlum shaxslar tomonidan 1000000 (bir million) soʻm mablagʻ noqonuniy ravishda yechib olingani toʻgʻrisida shikoyat yo‘llagan.
“Mikrokreditbank” ATB mijozi fuqaro Qutlimurod Nurimbetovning ijtimoiy tarmoq orqali yoʻllagan murojaati bank mutaxassislari tomonidan oʻrganib chiqildi.
Maʼlumki, jismoniy shaxslar tomonidan bank kartalaridan noqonuniy mablagʻ yechib olinishi holatlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va amaldagi tartiblarga muvofiq oʻrganilib, har bir holat alohida tarzda koʻrib chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2021-yil 3-aprelda 3291-son bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida bank kartalarini chiqarish va muomalada boʻlishi qoidalari toʻgʻrisida”gi Nizomning 14-bandidan kelib chiqib, quyidagi holatlarda emitent-bank mijoz oldida javobgar emasligi belgilangan:
• agar bank kartasi saqlovchisi shartnomada koʻrsatilgan qoidalar va tartiblarga rioya qilmagan boʻlsa;
• mijoz tomonidan noqonuniy harakatlar sodir etilgan boʻlsa;
• bank kartasi yoʻqolgan yoki undan ruxsatsiz foydalanilgan holatda emitent bankka oʻz vaqtida xabar berilmagan boʻlsa;
• kartaga bogʻliq maʼlumotlar (PIN-kod, SMS-kod va h.k.) mijoz tomonidan uchinchi shaxslarga oshkor qilingan boʻlsa.
Ushbu holatda ham “KAPPA 7 CROSSPAY OPLATA” nomi ostida amalga oshirilgan operatsiyaning kelib chiqish sabablari, ishtirok etgan tashkilotlar hamda sizning karta maʼlumotlaringizni qanday tarzda qoʻlga kiritilgani masalalariga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qonuniy chora koʻrilishini bildiramiz.
Yuqoridagi normalardan kelib chiqib, mijozga mazkur holatda yashab turgan hududdagi ichki ishlar organlariga rasmiy murojaat qilishi va bu boʻyicha huquqiy harakatlarni amalga oshirishi mumkinligi tushuntirildi.
Bank Axborot xizmati

















