
Kitob nafaqat inson tafakkurini o‘stiruvchi manba, balki yangi imkoniyatlar sari eshik ochuvchi ma’naviy yo‘lboshchidir.
Joriy yilning 30-mart kuni Bank xodimlari o‘rtasida “Kitob o‘qish soati” loyihasi doirasida ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi PQ-9-sonli “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob oʻqishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari toʻg'risida”gi Qarori hamda 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi PQ-46-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

“Kitob o‘qish soati” uchun bankda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlashning debonchasi sifatida Amir Temurning “Temur tuzuklari” kitobi tanlandi.

1 soat davomida xodimlar “Temur tuzuklari” kitobini o‘qish bilan birga o‘z aqliy bilimlarini ham sinash imkoniga ega bo‘lishdi. Ya’ni kitob asosida savol-javob tashkil etilib, savollarga birinchi bo‘lib to‘g‘ri javob berganlarga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Shuningdek, bu kabi ma’naviy-ma’rifiy soatlarni muntazam tashkil etish hamda kelgusi “Kitob o‘qish soati” uchun kitob tavsiyalari tinglandi.

Ta’kidlash kerakki, tadbirning asosiy maqsadi – bankda kitob o‘qish madaniyatini keng targ‘ib qilish, yoshlar orasida adabiyotga bo‘lgan qiziqishni oshirish, shuningdek, o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlarini yana bir bor yodga olishdan iborat edi.

Kitob – eng yaqin do‘st! MKBANK ma’naviyat va ma’rifat sari intilish yo‘lida bunday loyihalarni muntazam davom ettiradi.
Bank Axborot xizmati


















