
Bugun MKBANKda 2026-yilning birinchi yarim yilligida korrupsiyaning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va bank faoliyatidagi korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish bo‘yicha “Jamoatchilik eshituvi" bo‘lib o‘tdi.

Unda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Jamoatchilik kengashi a’zolari, Bank rahbariyati, jurnalist va blogerlar, bank xodimlari, yoshlar va bankning hududiy bo‘linmalaridan xodimlar ZOOM orqali ishtirok etishdi.

Ta'kidlash kerakki, 2026-yilning birinchi yarim yilligida, ya'ni hisobot davrida bankning barcha hududiy bo‘linmalarini qamrab olgan 22 ta seminar-trening tashkil etildi. Ularda jami 2 750 nafar xodim korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish va komplayens madaniyati bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.

Shuningdek, “CERT International” xalqaro sertifikatlashtirish tashkiloti ishtirokida o‘tkazilgan maxsus o‘quv seminarida 25 nafar xodim ISO 37001:2025 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” standarti bo‘yicha chuqurlashtirilgan ta’lim oldi. Seminar yakunida barcha ishtirokchilar xalqaro sertifikatlarga ega bo‘ldi.

Korrupsiyaviy xavflarni aniqlashda xodimlar va jamoatchilik fikri o‘rganildi
Bankda korrupsiyaga oid xavflarni barvaqt aniqlash maqsadida ichki va tashqi muhitda anonim so‘rovnomalar o‘tkazildi. “Biz korrupsiyaga qarshimiz!” shiori ostida o‘tkazilgan ichki so‘rovnomada 1 840 nafar bank xodimi, tashqi so‘rovnomada esa 2 180 nafar fuqaro — tadbirkorlar, bank-moliya sohasi vakillari va boshqa faoliyat subyektlari ishtirok etdi.

Jamoatchilik fikriga ko‘ra, korrupsiyaviy xavf nuqtayi nazaridan eng muammoli yo‘nalishlar kreditlash va moliyalashtirish jarayonlari bo‘lib, ular jami 46 foizni tashkil etgan. Shuningdek, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish — 19 foiz, ishga qabul qilish jarayonlari — 12 foiz, mulk va garovni baholash hamda qabul qilish jarayonlari — 10 foiz etib qayd etilgan.

So‘rovnoma natijalari asosida kredit ajratish jarayonlarida inson omilini kamaytirish, avtomatlashtirilgan baholash tizimlarini kengaytirish, videofiksatsiyani kuchaytirish va jamoatchilik nazoratini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
96 ta murojaat kelib tushdi
MKBANKda korrupsiyaga oid holatlar haqida xabar berish uchun 6 ta maxsus aloqa kanali faoliyat yuritmoqda. 2026-yilning birinchi yarim yilligida ushbu kanallar orqali jami 96 ta murojaat va xabar kelib tushdi.
Murojaatlarning 73 tasi bo‘yicha xizmat tekshiruvlari va o‘rganishlar o‘tkazilib, aniqlangan operatsion xatoliklar bartaraf etildi. Mazkur murojaatlar bo‘yicha bank xodimlarining xatti-harakatlarida jinoiy yoki qonunbuzarlik holatlari aniqlanmadi.
Kelib tushgan murojaatlarning eng katta qismi kredit operatsiyalariga — 38 ta (39,6 foiz), kassa amaliyotlari va xodimlarning muomala madaniyatiga — 29 ta (30,2 foiz), plastik kartalar va bankomatlarga — 19 ta (19,8 foiz) to‘g‘ri kelgan.

O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida murojaatlarning birortasida korrupsiya, pora berish yoki tizimli suiiste’molchilik bilan bog‘liq vajlar o‘z tasdig‘ini topmagan.
67 ta xizmat tekshiruvi: korrupsiyaga oid holatlar aniqlandi
Hisobot davrida Korrupsiyaga qarshi nazorat departamenti tomonidan jami 67 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Tekshiruvlar natijasida 2 ta korrupsiyaga oid holat — pora olish va ta’magirlik aniqlanib, materiallar huquqiy baho berish va qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Shuningdek, 20 nafar bank xodimining huquqbuzarlik sodir etganligi aniqlandi.
Hududiy bo‘linmalarda ham 29 ta murojaat va taqdimnoma yuzasidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazildi. Natijada Navoiy viloyatida korrupsiyaga oid jinoyat aniqlanib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
O‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari tahlili asosida Surxondaryo, Navoiy va Namangan viloyatlari korrupsiyaviy xavf yuqori bo‘lgan “qizil hududlar” sifatida belgilandi. Mazkur hududlarda kompleks o‘rganishlar va “Sirli mijoz” tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
3 331 nafar xodimning manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha deklaratsiyalari tahlil qilindi
Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida 2026-yil yanvar-fevral oylarida bank tizimidagi 3 331 nafar xodimning ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi yillik deklaratsiyalari qabul qilindi va tahlil qilindi. Natijada 5 ta mavjud manfaatlar to‘qnashuvi hamda 216 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi xavfi aniqlandi. Mazkur holatlarni tartibga solish bo‘yicha takliflar bankning Odob-axloq komissiyasiga kiritildi.

Shuningdek, 2026-yil may oyida Korrupsiyaga qarshi nazorat departamenti tarkibida Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va xaridlar ustidan nazorat qilish bo‘limi tashkil etildi.
Kredit va investitsiya jarayonlari ham komplayens nazoratida
Hisobot davrida kredit-investitsiya jarayonlarida korrupsiyaviy omillarni aniqlash va oldini olish maqsadida 36 ta kompleks komplayens-tekshiruv o‘tkazildi. Jumladan, yirik va strategik kredit loyihalari doirasida 19 ta kontragent chuqur tekshirildi, kichik tadbirkorlik subyektlariga ajratilayotgan kreditlar bo‘yicha 4 ta yirik loyiha o‘rganildi. Shuningdek, banklararo pul bozori va investitsiyaviy bitimlar doirasidagi 3 ta yirik operatsiya tahlil qilindi.
Yangi bank mahsulotlari va amaliyotlari bo‘yicha esa jami 10 ta komplayens xulosasi ishlab chiqildi.
2026-yilning ikkinchi yarim yilligida bankda korrupsiyaviy xavflarni yanada kamaytirishga qaratilgan ishlar davom ettiriladi.
Xususan, xavf yuqori bo‘lgan hududlarda kompleks o‘rganishlar o‘tkazish, “Sirli mijoz” tadbirlarini muntazam tashkil etish, xodimlar uchun korrupsiyaga qarshi seminar-treninglarni kuchaytirish, anonim murojaat kanallarini keng targ‘ib qilish hamda manfaatlar to‘qnashuvini elektron shaklda nazorat qilish mexanizmlarini rivojlantirish rejalashtirilgan.
MKBANK korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, shaffoflikni ta’minlash va bank faoliyatida qonun ustuvorligini mustahkamlashni izchil davom ettiradi.
Bank Axborot xizmati

















