
Kitob – shunchaki qogʻoz va satrlar emas. U – tajriba, bilim, hayot falsafasi va olamni anglash kaliti. Kitob oʻqish insonni faqat maʼlumot bilan emas, balki aql, ruh va dunyoqarash bilan ham boyitadi.

Mikrokreditbank xodimlari oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini keng targʻib qilish, ularning maʼnaviy dunyosini boyitish va kasbiy samaradorlikni oshirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan Mutolaa loyihasi bo‘yicha hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Bugun mazkur loyiha doirasidagi Mutolaa Premium taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbir davomida oʻzbek tilidagi eng sara 3500 dan ortiq audio va elektron kitoblar jamlangan ilovaning imkoniyatlari tanishtirildi.

Ta’kidlash kerakki, bank xodimlari uchun bunday loyihalar – kasbiy oʻsish, shaxsiy rivojlanish va jamoa ichida maʼnaviy muhitni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Hamkorlik doirasida ushbu loyiha yanada keng qamrovli tarzda davom ettirilishi kelishib olindi.
Bank Axborot xizmati

















