
Parkent tumani oʻzining betakror tabiati, musaffo havosi va serhosil yerlari bilan ajralib turadi. Shu bois bu yerda qishloq xoʻjaligi sohasi ham taraqqiy etgan: tuproq-iqlim sharoiti qulay, aholining dehqonchilik madaniyati yuksak. Aholisi mehnatsevar, hududning iqlimi shunchalik unumliki — bir choʻp eksangiz, koʻkarib ketadi” deydi hazillashib parkentlik onaxon dehqonlar.

Sershovqin shahardan 50 chaqirim uzoqlikda joylashgan Parkent tumaniga yoʻlimiz tez-tez tushadi. Sababi, bu hududda “Mikrokreditbank” ATB tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar juda koʻp. Mehmon uylari, xizmat koʻrsatish, turizm, ishlab chiqarish, kasanachilik, chorvachilik va qishloq xoʻjaligi yoʻnalishlarida aholiga moliyaviy koʻmak koʻrsatish orqali ularning farovonligini taʼminlashga erishilmoqda. Yangi ish oʻrinlari, yangi xizmat turlari yoʻlga qoʻyilmoqda. Yangicha yondashuv va yangi imkoniyatlar aholiga yetkazilmoqda.

Shunday loyihalardan biri — Shampan mahallasida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.
Bu loyiha doirasida Shampan mahallasidagi 59-konturda joylashgan 14 nafar yoshlarga, har biriga 1 gektardan, ijaraga berilgan jami 14 gektar yer maydonida yuqori daromadli serhosil navlarga mansub pomidor yetishtirilmoqda.
Ayni kunlarda hosil terimi boshlanib, mahsulotlar saralanmoqda. Yaxshilari bozorga chiqarilsa, maydasi va urilib qolganlari qishki mavsum uchun qoqi qilinmoqda.
Hisob-kitoblarga koʻra, ushbu yer maydonidan 500 tonna atrofida pomidor hosili olinib, 2,4 mlrd.soʻmga yaqin daromad koʻrilishi rejalashtirilgan. Barcha xarajatlar chegirib tashlanganda, har bir yosh 1 gektar yerdan 115 mln. soʻm foyda koʻrishi kutilmoqda.
Hosil terimi sentabr oyiga qadar davom etadi.

“Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosidagi mazkur loyiha dehqonlarning moddiy ahvolini yaxshilash, qishloq joylarda yangi ish oʻrinlari yaratish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va bozor talabiga mos mahsulot yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, - deydi ayni damda dehqonchilik qilayotgan yoshlardan biri.
Taʻkidlash kerakki, qishloq xoʻjaligida sinalgan va hamisha oʻzini oqlab kelgan ushbu loyiha parkentlik yoshlar uchun yerdan samarali foydalanish, yuqori va sifatli mahsulot yetishtirish manbai boʻlib xizmat qiladi. Chunki bu tamoyil orqali hosildan daromad olishning mexanizmlari aniq ishlab chiqilgan, dehqonlarning manfaatdorligi kafolatlangan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bank tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi saʻy-harakatlar aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini taʻminlash, daromadlarini oshirish, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash orqali yangi ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bank Axborot xizmati

















