
“Kompor.uz”da eʼlon qilingan murojaat yuzasidan quyidagilarni bildiramiz.
Mazkur murojaatda bank xodimlari qarzdorlarga tegishli avtomashinalarni mijozning qarzi evaziga bank hududiga olib kelib, ertasi kuni berib yubormoqda, qarzdorlik undirilmayapti, mazmunidagi maʼlumotlar keltirilgan.
Murojaatda taʻkidlangan avtomashina fuqaro I.O ga tegishli boʻlib, u bilan bank oʻrtasida 2024-yil 2-oktabrda 070-sonli kredit shartnomasi tuzilgan va mijozga avtotransport vositasi xarid qilish uchun 245 520 000 soʻm miqdorida kredit ajratilgan. Qarzdor tomonidan belgilangan toʻlov majburiyatlari vaqtida bajarilmagani sababli 2025-yil 20-avgust kuni bank tomonidan sudga daʼvo arizasi kiritilgan va ish koʻrib chiqish 2025-yil 3-oktabr kuniga tayinlangan.
Avtotransport vositasi qarzdorning oʻzi tomonidan ixtiyoriy ravishda bankka vaqtincha saqlash uchun topshirilgan boʻlib, keyinchalik qarzdor tomonidan qisman toʻlov amalga oshirilgandan soʻng qaytarib berilgan.
Shuningdek, ijtimoiy kredit ajratish boʻyicha har bir bank faqat oʻziga biriktirilgan mahallalarga kredit ajratilishi belgilangan. Shundan kelib chiqib, Shahrixon MKBANK tomonidan Oltinkoʻl tumaniga imtiyozli kredit ajratilishi texnik jihatdan ham mumkin emasligini ma’lum qilamiz.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, “Mikrokreditbank” ATB mijozlar bilan ishlashda ochiqlik, adolat va qonun ustuvorligi tamoyillariga qatʼiy amal qiladi. Bank rahbariyati tomonidan har qanday manfaatdorlik yoki noqonuniy harakat aniqlangan taqdirda, tegishli choralar koʻrilishi taʼminlanadi.
Bank Axborot xizmati

















