
Joriy yilning 30-yanvar kuni “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki Axborot xizmati rahbari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida bankda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida jamoatchilikka maʼlumot berish uchun brifing tashkil etildi.
Ta’kidlash kerakki, hisobot davrida bank ushbu yoʻnalishdagi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda ish olib bormoqda va bank tuzilmasida korrupsiyaga barham berish uchun xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash tizimi standartlarini joriy etishga eʼtibor qaratib kelinmoqda. Xususan, bankda korrupsiyaning oldini olish va manfaatlar toʻqnashuvini boshqarishga oid bir qator vazifalar amalga oshirildi
Natijada 2024-yilda bank korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini joriy etish maqsadida ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashni boshqarish tizimi - talablar va qoʻllash boʻyicha koʻrsatmalar” xalqaro sertifikatiga ega boʻldi.
Korrupsiyaga qarshi oʻqitish ishlari rejasiga muvofiq, bankning bosh ofis va hududiy boʻlinma xodimlari ishtirokida, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi xodimlari, shuningdek, Vazirlik huzuridagi Yuristlarning malakasini oshirish markazi tomonidan “Bank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari” mavzusida oʻquv seminari tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 5-iyundagi “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida, bank Boshqaruvi tomonidan zarur chora-tadbir ishlab chiqildi va tizimli vazifalar amalga oshirildi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi boʻyicha xodimlarning koʻnikmalarini shakllantirish doirasida barcha viloyat hududiy boshqarmalarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda “Manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish” va “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzularida oʻquv seminarlari oʻtkazildi.
Bundan tashqari, muntazam ravishda bankning Bosh ofis va barcha tarkibiy boʻlinmalarining xodimlari ishtirokida komplayens nazorati xodimlari tomonidan offlayn va onlayn shaklda “Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari”, Oʻzbekiston Respublikasining “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi va Oʻzbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunlarining mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida davra suhbatlari va oʻquv seminarlari tashkil qilinmoqda.
Shuningdek, xodimlarda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini shakillantirish uchun bankning onlayn MKB TRAINING ACADEMY oʻquv platformasida “Korrupsioner kim?” va “Manfaatlar toʻqnashuvi” toʻgʻrisidagi oʻquv kursi joylashtirildi.
Bundan tashqari, bank tomonidan ISO 37001:2016 Xalqaro standarti asosida “Pora olish - berish bilan kurashish menejmenti tizimlari” mavzusida tayyorlangan va 2000 nusxada chop etilgan oʻquv qoʻllanma hamda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish mavzusida 3600 nusxada chop etilgan buklet bankning barcha hududiy boshqarmalariga yetkazildi.
Xodimlarning huquqiy ongini oshirish hamda bilim darajasini xalqaro tajribaga moslashtirish maqsadida 16 nafar bank xodimi xalqaro (ISO 37301:2021) menejment tizimi boʻyicha malaka oshirdi va sertifikatga ega boʻldi.
Bankka yangi ishga qabul qilingan 564 nafar xodimga maxsus qoʻllanma asosida korrupsiyaning oldini olish va manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik, sodir etilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklarning huquqiy oqibatlari boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Shuningdek, hisobot davrida komplayens nazorat xodimlari tomonidan bankka ishga kirmoqchi boʻlgan 1200 nafarga yaqin nomzod oʻrganilib, 225 ta holatda manfaatlar toʻqnashuvi vujudga kelish xavfi borligi va boshqa sabablarga koʻra rad javobi berildi.
Bankda korrupsion holatlar va manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelganda yoki guvohi boʻlganda, murojaat qilish uchun moʻljallangan aloqa kanallari, yaʼni elektron pochta (mkbanticor@mkb.uz,) rasmiy veb-sayt (www.mkbank.uz), telegram bot (@mkbanticor_bot), ishonch telefoni +998-555037711 tashkil qilingan boʻlib, ushbu aloqa kanallari orqali oʻtgan yilda jami 200 ga yaqin murojaat kelib tushgan.
Ushbu murojaatlarning barchasi masʼul tarkibiy boʻlinmalar tomonidan oʻrganilib, natijasi haqida murojaat egalariga tegishli tartibda javob berilgan.
Brifingda bu yilda ham Mikrokreditbank tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi ishlar tizimli ravishda davom ettirilishi ma’lum qilindi.
Bank Axborot xizmati