
Joriy yilning 13-may kuni “Mikrokreditbank tomonidan aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar” yuzasidan brifing o‘tkazilmoqda.
Bugun mamlakatimizda aholi turmush darajasini oshirish va kambagʻallikni kamaytirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Bu borada Prezidentimizning 2024-yil 16-dekabrdagi videoselektor yigʻilishida banklar oldiga bir qator vazifalar qoʻyildi. Ushbu topshiriqlarni amalga oshirish maqsadida Mikrokreditbank tomonidan maxsus chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.
Birinchi yoʻnalish – mahallabay ishlash tizimi
Bank tarkibida maxsus departament, hududlarda “mahalla sektori” tashkil etildi. 1 121 ta mahallaga 332 nafar “mahalla bankiri” va har bir mahallada yordamchi agent biriktirildi. Ular orqali aholi ehtiyojlarini oʻrganish va maqsadli moliyaviy xizmatlarni yetkazish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Ikkinchi yoʻnalish – kreditlash orqali faol qoʻllab-quvvatlash
Joriy yilning oʻtgan 4 oyida bank tomonidan jami 3,6 trln soʻm kredit ajratildi. Buning 1,8 trln soʻmi bevosita mahallalardagi aholi va tadbirkorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazildi. “Oilaviy tadbirkorlik”, “Biznesga birinchi qadam”, “Mahalla loyihasi” kabi dasturlar bu jarayonning asosiy tayanchiga aylandi.
Uchinchi muhim yoʻnalish – ish oʻrinlari yaratish
borasida yanvar–aprel oylarida bank koʻmagida qariyb 122 ming nafar aholi bandligi taʼminlandi, shundan 76 ming nafari tadbirkorlikka jalb etildi. Xususan, 18 mingdan ortiq mikroloyiha amalga oshirilib, 38 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi.
Toʻrtinchi yoʻnalish – Bank mijozlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar
Hisobot davrida bank mijozi boʻlgan 17 ming nafar tadbirkorlar bilan 1 100 marotaba uchrashuvlar oʻtkazildi. Uchrashuvlarda koʻtarilgan murojaatlarning 5 mingdan ortigʻi ijobiy hal qilinishi natijasida 6 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi.
Beshinchi yoʻnalish – ijtimoiy tashabbuslar
Buxoro viloyatida kambagʻal oilalarga 900 mln soʻmga yaqin homiylik mablagʻlari hisobidan xonadonlarni taʼmirlash, chorva mollari, qoʻy va parrandalar, tomorqasida ekin ekishi uchun urugʻ va agrotexnikaga, tikuv mashinasi, issiqxona, maktab hududida sport maydonchasi (vork aut,) goʻzallik salonlari tashkil etildi. Bundan tashqari, 53 ta mahalladagi 380 ta kambagʻal oilaga 10 ming dona mevali koʻchatlar tarqatildi.
Oltinchi yoʻnalish – turizmni rivojlantirish
Yaqinda foydalanishga topshirilgan Xorazm viloyati Xiva shahridagi “Arda Xiva” turistik majmualarida bank tomonidan mehmonxona, savdo majmualari barpo etildi. Loyihalarni amalga oshirish uchun tanlov asosida pudratchi korxonalar jalb etilib, 185 mlrd soʻm investitsiya kirtildi.
Bugungi kunda “Arda Xiva” loyihasida qurilish ishlari yakuniga yetkazilib, foydalanishga topshirildi, natijada 300 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2024-yil 29-noyabrdagi PQ-410-sonli qaroriga asosan, Xiva shahridagi “Toʻrt Shovvoz” madaniy meros obyektiga tutash 6,2 gektar yer maydonida Hunarmandlar markazini barpo etish belgilangan. Mazkur loyihani moliyalashtirish maqsadida “MKB Kasana Invest Group” MCHJ ustav kapitaliga yana 435 mlrd soʻm investitsiya kiritish belgilangan.
Keyingi yoʻnalish – namunaviy loyihalar doirasida aholiga ijaraga berilgan 1 741 gektar yerda “Bir kontur – bir mahsulot” asosida dehqonchilik uchun 159 ta loyihaga 2,2 mlrd soʻm imtiyozli kreditlar orqali yuqori daromadli, eksportbop mahsulotlar yetishtirilmoqda. Shuningdek, “Super loyiha”lar doirasida “yetishtirish – qayta ishlash – sotish” zanjiri yaratiladi.
Albatta, ushbu loyihalar natijasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmi ortib, aholi daromadi yaxshilanishi kutilmoqda.
Xulosa sifatida taʼkidlash lozimki, Mikrokreditbank tomonidan yoʻlga qoʻyilayotgan mazkur ishlar aholini faol iqtisodiy hayotga jalb etish, daromad manbalarini kengaytirish, bandligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Bank Axborot xizmati